Frantsuz faylasufi Robine Renne shahrida kambag‘allashgan dvoryan oilasida tug‘ilib o‘sdi. Uning otasi parlament matbaachisi bo‘lgan. Robine 1760 yili Gollandiyaga ko‘chib o‘tadi.
1761-1766 yillarda «Tabiat haqida» nomli asari ustida ishlab, uning to‘rt jildini nashrga tayyorlaydi.
Robine 1820 yilda Renne shahrida vafot etadi. U o‘limi oldidan cherkovning qistovi bilan o‘z qarashlaridan voz kechish haqidagi qog‘ozga imzo chekadi. Unda quyidagi so‘zlar bor edi: «Hazratim M.Leonga ishonib topshirilgan mazkur inkornoma o‘limimdan so‘ng zudlik bilan e’lon qilinsin. Tangriga o‘z fikrlarim, so‘zlarim va harakatlarim to‘g‘risida hisob berishga tayyor holda yoshlik chog‘imda bilimsizligim, aqlsizligim va e’tiborsizligim tufayli, shuningdek, inqilob davrida ma’lum sabablarga ko‘ra yozilgan bir qancha kitoblarimdagi noto‘g‘ri, inkorga loyiq fikrlarning hammasidan chin ko‘ngildan, oshkora voz kechaman. Hamda Tangridan va odamlardan bosh egib kechirim so‘rayman».
* * *
Intiho bilan cheksizlik o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘q.
* * *
Cheksizlik biz uchun anglab bo‘lmas narsadir. Biz uning xayoliy timsolini yaratishga, unga doir jo‘yali g‘oya ishlab chiqishga behuda urinamiz. Cheksizlikni tasavvur qilishga ko‘maklashuvchi na bir sezgi, na bir raqam, na bir o‘lchov mavjud emas. Mohiyatiga ko‘ra cheklangan inson ongi uni anglashga ojiz.
* * *
His etmoq anglamoq demakdir.
* * *
Olamda ezgulik va yovuzlikning nisbati teng. Bundan kelib chiqadiki, tabiatda ezgulik va yovuzlik mutanosibligi muhimdir. Bu mutanosiblik tabiat uyg‘unligining shartidir.
* * *
Hamma narsa bir-biriga o‘zaro yemish bo‘lib xizmat qiladi.
* * *
Agar dushmaningiz bo‘lsa-yu, siz undan nafratlansangiz, u holda unga rohat-farog‘at, ulug‘vorlik, ko‘plab yosh va go‘zal ma’shuqalar, tuganmas boylik, cheksiz hokimiyat tilang. Ana shunda uning kulfatlarga ko‘milib qanday halok bo‘lishini ko‘rasiz.
* * *
Tana ruhga, ruh esa tanaga ta’sir ko‘rsatadi.
* * *
Tabiatshunos «nima uchun?» degan savoldan voz kechib, «qanday qilib?» degan savol ustida bosh qotirishi kerak. «Qanday qilib?» degan savol kuzatishlar natijasida paydo bo‘ladi. «Nima uchun?» degan savol esa tafakkurimizdan kelib chiqadi va bilimlarimizning tadrijiga bog‘liq bo‘ladi.
* * *
Hamma narsa faqat zohiran halokatga mahkum. Aslida esa faqat shakl o‘zgaradi, xolos.