Leje-Mari Deshan (1716-1774)

Farang faylasufi Deshan Frantsiyaning Renn (Bretan) shahrida kichik amaldor oilasida dunyoga keldi. U 17 yoshidan boshlab hayotini Montray-Belle ibodatxonasida o‘tkazgan.

Deshan o‘ta kuzatuvchanligi, o‘tkir aqli va benihoya hurfikrligi bilan boshqalardan ajralib turgan. U «Hamma narsa», «Bir butun», «Hech narsa» degan tushunchalar ustida bosh qotirgan birinchi faylasuf edi.

Deshanning ayniqsa, «Hech narsa» haqidagi qarashlari ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan. «Hech narsa» nima ekanligi haqida hatto oddiy tushunchaning o‘zi yo‘q», — degan e’tirozga javoban Deshan komil ishonch bilan shunday deydi: «Agar biz bu so‘z haqida tushunchaga ega bo‘lmaganimizda undan foydalanmas edik. «Hech narsa» doimo u yoki bu buyum, idishda suyuqlik, hamyonda pul, xonada jihozlarning yo‘qligini bildiradi».

Deshan o‘zining tarixiy vazifasini yaxshi anglar va buni yashirmasdi. «Xulosalarimning ayrim qismini, — deb yozgandi u, — hamma yerdan, boshqa qismini faqat ba’zi faylasuflardan topish mumkin. Uchinchi qismini esa hech qayerdan topib bo‘lmaydi».

Montrey-Belle ibodatxonasidan uzoq bo‘lmagan joyda e’tiborli aslzodalardan markiz Mark-Rene de Vuaye d’ Arjensonning yer-mulki joylashgan bo‘lib, uning saroyda katta nufuzga ega otasi qomusiy olimlarga homiylik qilardi.

Falsafaga mehr qo‘ygan markiz de Vuaye ko‘pchilik telba deb hisoblaydigan rohib Deshanning fikrlari bilan qiziqib qoladi va uni o‘z homiyligiga oladi. De Vuaye o‘z qo‘rg‘onida Deshan ta’limoti bilan tanishtiruvchi to‘garak tashkil etadi. Deshanning quyidagi asarlari ma’lum: «Asr ruhi haqida maktub» (1769 yil), «Tafakkur ovozi: savollar va javoblar» (1770 yil), «Haqiqat yoki haqiqiy tizim».

* * *

Shunisi aniqki, Hamma narsa va Hech narsaning mohiyati aslida bir ekanligi haqida mengacha hech kim o‘ylab ko‘rmagan, yozmagan, gapirmagan.

* * *

Haqiqat – aslida dunyodagi eng oddiy narsa. Ammo jamiyatdagi tartib-qoidalar nojo‘ya yo‘nalishda rivojlanayotgani sababli haqiqatdan juda uzoq bo‘lgan haqiqatni ochish uchun ko‘p yillar davomida fikrlash, bosh qotirishga to‘g‘ri keldi…

* * *

Uzoq vaqt davomida men mavjud Butunlikni, Intihoni o‘rganibman-u, ammo Hamma narsa va Cheksizlik ham mavjudligini sezmay qolibman.

* * *

Tabiatda hech narsa avvaldan belgilanmagan va ko‘rilmagan bo‘lsa, unda amalga oshmay turgan hamma narsa tasodif, amalga oshgani esa zaruriyat mevasidir (Deshanga qadar hech kim bunday nuqtai nazarni ilgari surgan emas).

* * *

Hamma narsa biri ikkinchisidan kelib chiqadi, biri-ikkinchisiga qaytadi…

* * *

Aql-idrok tuyg‘ularsiz mavjud bo‘lolmaydi. Ammo tuyg‘ular alohida holda aql-idrokni tashkil etolmaydi. Aql-idrok tuyg‘ular birligi va uyg‘unligidir. Shu bois har bir alohida olingan tuyg‘ulardan kelib chiqib xulosa chiqarish umumiy narsalar haqida qismlar asosida bir to‘xtamga kelish demakdir. Bunday xulosa bema’ni xulosadir. Chunki bu qismlar barcha qismlar birgalikda olinganda kelib chiqadigan umumiy xulosaga nisbatan butunlay boshqacha tabiatga ega bo‘lishi mumkin.

* * *

Ijodkor va ijod ayni bir narsaning o‘zidir. Bir butun narsa o‘z qismlari yordamida mavjud bo‘lganidek, qismlar ham ana shu bir butunlik asosida yashaydi.

* * *

Qarama-qarshi tomonning biri ikkinchisining inkori emas, balki eng kichik tasdig‘idir.

* * *

Sabab va oqibat – mazmuni boshqa tushuncha bilan munosabatdagina ochiladigan, faqat biri boshqasidan kelib chiqib mavjud bo‘la oladigan ikki tushuncha. O‘g‘ilning sababchisi – ota, o‘g‘li tufayligina «ota» degan nomga erishgan. Agar o‘g‘li bo‘lmaganda u ham ota bo‘lmasdi. O‘g‘il shuning uchun o‘g‘ilki, uning otasi bor. Ota shuning uchun otaki, uning o‘g‘li bor.