Yakov Byome (1575-1624)

Olmon faylasufi Yakov Byome Saksoniyada kambag‘al dehqon oilasida tug‘ildi. Byome ulg‘aygach, otasi uni etikdo‘zga shogirdlikka beradi. U buyuk faylasuflar asarlarini mustaqil ravishda mutolaa qiladi.

Yakov Byome bolaligida bir sirli hodisaga duch kelgan… Bir kuni u birga poda boqadigan o‘rtoqlaridan qochib, toqqa chiqib ketadi va uning cho‘qqisida joylashgan g‘orga olib kiradigan yo‘lakka ro‘para bo‘ladi. Byome qiziqsinib, g‘or ichiga kiradi va u yerda oltin bilan limmo-lim katta idishga ko‘zi tushadi. Bolakay esankirab qoladi va qo‘rqqanidan orqasiga qaramay g‘ordan qochib chiqadi. Shundan so‘ng Byome bu g‘orning og‘zi ochilganini qaytib ko‘rmaydi…

Byomening butun hayoti qashshoqlikda o‘tgan. U bir necha falsafiy asarlar muallifi: «Avrora» (1612), «Uch ibtido haqida» (1619), «Ilohiy mushohadalarga chorlovchi bebaho darvozalar» (1622), «Ilohiy mujdalar», «Zaminiy va osmoniy sirlar haqida» va boshqalar.

Yakov Byome 1624 yilda sayohatga chiqadi va bezgak kasaliga uchrab, qishlog‘iga qaytishga majbur bo‘ladi. Oradan ko‘p o‘tmay vafot etadi. U o‘limidan bir necha soat avval o‘g‘lini huzuriga chorlaydi va undan: «Senga ham ajoyib musiqa eshitilayaptimi?» — deb so‘raydi. «Yo‘q», — degan javobdan so‘ng eshikni ochib qo‘yishni buyuradi-da, soat necha bo‘lganini surishtiradi. Soat ikkiga yaqinlashib qolganini eshitib: «Yo‘q, hali mening vaqtim kelgani yo‘q, yana uch soatlik umrim bor», — deydi. Soat millari beshga bong urganda esa faylasuf yaqinlariga: «Endi men jannatga yo‘l olaman», — degan so‘nggi so‘zlarini aytadi-yu, jon beradi.

* * *

Yovuzlikning ezgulikka aylanishi qanchalar oson bo‘lsa, ezgulikning yovuzlikka aylanishi ham shunchalar oson.

* * *

Sirlar kitobida insonning o‘zi ham bor. Inson barcha mohiyatlar jo bo‘lgan bir kitobdir. U buyuk sirlarni o‘zida pinhon aylagan ilohiy mavjudotdir.

* * *

Qarama-qarshiliksiz hech narsa yuzaga chiqmaydi. Zero, ko‘zguning bir tomoni qora bo‘lmas ekan, unda hech narsaning aksi ko‘rinmasligi kundek ravshan. Bas, shunday ekan, aytish mumkinki, qarama-qarshilik tenglikning bir ko‘rinishidir.

* * *

Yovuzlik – o‘z-o‘ziga dushmanlik, to‘xtovsiz ravishda o‘zlikdan qochishga undovchi bezovtalik ibtidosi.

* * *

Yaratuvchini tabiatdan ayri holda mavjud deb tushunmaslik kerak. Tabiat va Yaratuvchi tan va ruh kabidir.

* * *

Olov yoqilganda biz ikki mohiyatni anglaymiz. Ularning biri – olovning o‘zi, boshqasi esa uning yog‘dusidir. Biz Parvardigorni ham shu yo‘sinda anglashimiz joiz.

* * *

Men olamning ko‘z ilg‘amas teranliklarini tahlil qildim. Quyoshni, yulduzlarni, bulutlar, yomg‘ir va qorni kuzatdim. Fikran bu olamning yaralishini tasavvur qildim. Shu tariqa ezgulik va yovuzlik nafaqat insonlar va jonivorlarga, balki ongsiz moddiyatga ham xosligini anglab yetdim.