Ingliz faylasufi, Parij dorilfununining ilohiyotchi olimi doktor Rojer Bekon Angliyaning janubi-g‘arbidagi Dorget grafligida tug‘ilib o‘sdi. U Oksfordda ta’lim oldi. 1236-1247 yillarda Parij dorilfununida dars berdi. 1277 yilda faylasuf ibodatxona qamoqxonasiga bandi etildi va 14 yil tutqunlikda yashadi.
Hikoya qilishlaricha, Rojer Bekon Angliya qiroli Genrix III (1216-1272)ni olimlarning dushmani, manfur va shafqatsiz kimsa — yepiskop Per de Roshdan ehtiyot bo‘lishi kerakligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Faylasuf Vinchester yepiskopining ismi sharifidan foydalanib, so‘z o‘yini qiladi. Per de Rosh lotincha Petrus de Rupibum, ya’ni «qoyalar va tik tog‘lar» degan ma’noni anglatadi. Bundan xabardor Bekon qirol Genrixga shunday savol bilan murojaat qiladi:
— Janobi oliylari, ayting-chi, toshqin dengiz osha qirg‘oqqa tomon suzayotgan kema uchun eng xatarli va qo‘rqinchli g‘ov nima?
Qirol Genrix faylasufning savoliga javoban:
— Buni sayyohlaru sayyorlar yaxshi biladilar, — deydi.
Qirolning bu javobidan Bekonning ko‘zlari mardona chaqnab, yuragi gupillab urib ketadi va qirolga haqiqatni aytishga jazm etadi:
— Zoti oliylari, dengizda qoyalar va tik tog‘lardan xatarliroq g‘ov yo‘qdir.
* * *
Ma’lum bo‘lishicha, teleskop haqidagi dastlabki qaydlar R.Bekon qo‘lyozmalarida o‘z aksini topgan. Arab optikasi yutuqlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan va quyosh hodisasini shaxsiy tajribasida kuzatib, «sehrli kristall» (lupa) yordamida mutolaa qilgan faylasuf quyidagi hayajonli xulosalarini yozib qoldirgan: «Men sizga tabiat va san’atning har qanday g‘ayritabiiylikdan xoli bo‘lgan hayratli «ishlari» haqida so‘zlab bermoqchiman. Shaffof jismlarga ishlov berish natijasida olisdagi narsalar juda yaqin ko‘rinadi va aksincha, biz uzoq masofadan mitti harflarni o‘qish va kichik buyumlarni ilg‘ash, shuningdek, yulduzlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz».
* * *
Toki johillik mavjud ekan, inson yovuzlikka qarshi biron chora topolmaydi.
* * *
Bayon aniq-ravshan bo‘lmog‘i lozim. Amaliyotsiz va tajribasiz aniqlikka erishib bo‘lmaydi. Qo‘limizda bilishning uch vositasi bor: obro‘, fikrlash va tajriba. Modomiki, to‘g‘ri ekanligi isbotlanmas ekan, obro‘ hech qanday ahamiyatga ega emas, chunki u bilim bermaydi, murosa talab qiladi, xolos. Biz fikrlash asnosida haqiqatni yolg‘ondan ajratamiz va xulosamizni tajriba orqali tekshiramiz. Tadqiqiy fanlar boshqa fanlardan kelib chiqadigan xulosalarni tekshiradi va sinaydi hamda o‘z kuchiga tayanib, tabiat sirlarini tadqiq qiladi.
* * *
Inson qo‘li bilan yaratilgan hech bir narsa mukammal emas…
* * *
Xudo, farishtalar, u dunyodagi hayot va osmon jismlari insonning aqli ojizlik qiladigan, egallashi qiyin bo‘lgan ilm manbalaridir. Ular qanchalik a’lo darajada bo‘lsa, biz uchun shunchalar noma’lumdir.
* * *
Matematika falsafaning eng avval kashf etilgan bo‘lagidir. Inson paydo bo‘lgandan so‘ng birinchi bo‘lib matematika kashf etilgan.
* * *
Modomiki, biz o‘zga fanlarda aniqlikka intilib, xatolardan xoli bo‘lishga intilarkanmiz, matematika har qanday ilmning, fanning poydevoriga aylanmog‘i lozim.
* * *
Bir guruh olimlar to‘g‘ri uslubga ega bo‘lmaganlari bois donishmandlikning muhim sirlari ochilmasdan qolmoqda.
* * *
Garchi Arastu sillogizm (ikki fikrni taqqoslab, ularning natijasi bo‘lgan uchinchi bir fikrni chiqarish)ni bilim manbai sifatida tan olgan esa-da, shunday holatlar bo‘ladiki, oddiy tajriba har qanday sillogizmdan ko‘ra yaxshiroq natija beradi.
* * *
Insonlarga sezgi orqali fikr yuritish asnosida bilish layoqati berilgan. Demak, sezgilarsiz ilm ham bo‘lmaydi.
* * *
Ilm-fan ilohiyot uchun ham foydalidir. Nuh alayhissalom kema yasab, to‘fondan qutulib qolgan. Bu ulkan kemaga Nuh alayhissalom va uning oilasi, yer yuzidagi jamiki tirik mavjudotlarning har biridan bir jufti jo bo‘lgan. Uzunligi 30 tirsakli kema quyi, ikkinchi va uchinchi oshyonadan iborat edi. Turgan gapki, bunday kemani handasa fanini bilmay turib yasash mumkin emas.