Faylasuf al G‘azzoliy Tus shahrida tug‘ilib o‘sdi. Juda yoshlik chog‘idanoq olimlik pog‘onasiga ko‘tarildi. 1091 yildan boshlab u Bag‘doddagi mashhur Nizomiy madrasasida talabalarga falsafa va ilohiyot ilmidan saboq berdi. U 34 yoshida kuchli ruhiy inqirozni boshidan kechirdi. Shundan so‘ng haqiqatni faylasuflar belgilagan yo‘ldan topa olmasligini tushunib, mudarrislikni tashladi va mustaqil ravishda tasavvuf ilmini o‘rganishga kirishdi. Oradan 11 yil o‘tgach, imom G‘azzoliy yana madrasaga qaytib, talabalarga tahsil bera boshlaydi. U butun umrini haqiqatni odamlarga tushuntirish va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga bag‘ishladi.
G‘azzoliyning falsafa, tasavvuf ilmiga oid asarlari juda yorqin, ravon va tushunarli uslubda bitilgan. Quyida uning ana shunday asarlaridan ba’zilarini sanab o‘tamiz: «Faylasuflarning maqsadlari», «Faylasuflarning raddiyasi», «Din haqidagi fanning tug‘ilishi», «Olam javoni» va h.k.
* * *
Imom G‘azzoliy juda ko‘pni ko‘rgan, o‘qigan va bilgan zot bo‘lishiga qaramay, uni faqat arab shoiri Labidning mana bu misrasi zavqlantirgan: «Ollohdan o‘zga hammasi yolg‘on emasmi?»
* * *
Aqoid ilmining bilimdonlaridan biri Suyutiy Imom al G‘azzoliy haqida shunday yozgandi: «Agar Muhammad alayhissalomdan keyin yana bir payg‘ambar dunyoga kelishi mumkin bo‘lganda, bunday saodat shubhasiz al G‘azzoliyga nasib etardi».
* * *
«Ollohni anglashdan avval o‘zni anglamoq joiz», — deydi G‘azzoliy.
* * *
Ko‘rgan narsangnigina qabul et, eshitganlaringni unut: Quyosh bosh ko‘targach, Zuhalni tomosha qilishdan bizni mahrum qiladi.
* * *
Shubha haqiqatga olib boruvchi yo‘ldir. Kim shubhalanmas ekan, hech narsani ko‘ra olmaydi. Ko‘rishdan mahrum odam esa tushunolmaydi. Tushunishdan mahrum kimsa misoli so‘qir kabi yo‘ldan adashadi.
* * *
Avvalo shuni tushunib olish joizki, Olloh haqidagi bor haqiqatni va Uning ulug‘vor mohiyatini faqat Ollohning O‘zigina biladi. Bundan hayron bo‘lmaslik joiz: farishtalar haqidagi haqiqatni farishta, payg‘ambarlar to‘g‘risidagi haqiqatni payg‘ambargina bila oladi. Hatto shogird to ustozining darajasiga yetolmas ekan, uni chinakamiga tushunolmaydi. U ustozining darajasiga yetgandan keyingina o‘zini ustozi kabi anglay boshlaydi…
* * *
Tirik mavjudotlarning quyi darajadagi turlari: chumoli va chivinlarni ham faqat chumoli hamda chivinlargina anglay oladi. Afsuski, faqat insongina o‘zi haqida haqiqiy bilimga ega emas. Biz o‘zimizni faqat sirtdan — u yoki bu qilmishimiz va tashqi qiyofamiz orqali bilamiz. Ruhiy mohiyatimizni bilishga urinmaymiz.
* * *
Payg‘ambarimiz shunday degandilar: «Uch narsadan: shubha-gumondan, yomon xayollardan va havasdan hech kim qutulolmaydi. Men sizga ulardan xalos bo‘lish yo‘lini aytaman. Agar gumonsirasang tekshirma, yomon xayollar kelsa, ulardan qoch, havasing kelgan narsaga ega bo‘lish istagidan o‘zingni tiy».
* * *
Payg‘ambardan so‘radilar: «Xalqlarning kulfatiga nimalar sabab bo‘ladi?» U zot shunday javob qaytardilar: «Manmanlik, gerdayish, takabburlik, raqobat, tarqoqlik va hasad xalqlarga kulfat keltiradi. Ana shular tufayli avval xalqlar o‘rtasida ajralish yuz beradi, so‘ngra tartibsizlik boshlanadi».
* * *
Uchta olam mavjuddir: ularning biri zohiriy, ikkinchisi botiniy olam bo‘lsa, har ikkisining orasidan yana bir olam — ruhiy olam o‘rin olgan.
* * *
Buyuk va qudratli Tangri barcha bandalariga murojaat qilib: «Ilmni sizlarga oz miqdorda berdim», dedi.
Darvoqe, olamdagi barcha tafakkur egalari yig‘ilishib bosh qotirganda ham loaqal Uning chumoli va chivinni qay tariqa yaratganiga oid ilmi va zakosini anglab yetolmaydilar, bu masalaning o‘ndan birini ham yecholmaydilar. Inson faqat Olloh buyurgan ilmnigina egallashga qodir.