Yapon maqollari (304 ta)

• Haqiqat ikkita bo‘lmaydi.
• Qirol uchun ham, hokim uchun ham narigi dunyoga alohida yo‘l mavjud emas.
• Getani ham Buddani ham bir daraxtdan yasaydilar (geta — yapon yog‘och poyafzali).
• Ko‘r tilanchi ham gullarning hidini sezadi.
• Uch marta ko‘chish bir yangiga badaldir.
• Birinchi rafiqani senga xudo, ikkinchisini insonlar, uchinchisini shayton jo‘natadi.
• Eng kichkina hasharotning ham o‘z jasorati bo‘ladi.
• Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.
• Hatto bitta bargning to‘kilishi kuzdan darak beradi.
• Bir qayg‘u ketib, orqasidan boshqasi so‘roqlab keldi.
• Yurakdan chiqqan yurakka yetib boradi.
• Mehribonlik bor joyda yovuzlik ham bo‘ladi.
• Bir shaftoli achisa, yuz shaftoli ayniydi.
• Sukut — gul.
• G‘alaba qozongan bo‘lsang ham dubulg‘a ipini yaxshilab bog‘la.
• Quduqda yashaydigan baqa dengiz nimaligini bilmaydi.
• Sopol bilan tirik qolgandan qimmatbaho tosh bilan parchalanib o‘lgan afzal.
• Egilgan tolni shamol sindirmaydi.
• Go‘zallik baxt bilan birga yurmaydi.
• O‘roq bilan suvni kesma.
• Sartaroshning sochi to‘zg‘igan (Bo‘zchi belboqqa yalchimas).
• Odamga o‘lganidan so‘nggina to‘g‘ri baho beradilar.
• Inson — fikr qiladigan hayvon.
• G‘alabada — davlat qo‘shini, mag‘lubiyatda — inqilobchilar.
• Pul bir joyda turmaydi.
• Chanqagan odam suv tanlamaydi.
• Pul — dushman.
• Kim g‘olib bo‘lsa o‘sha haq. G‘olibni ayblamaydilar.
• Dovyurak qo‘mondonning qo‘rqoq askari bo‘lmaydi.
• G‘ayrat — muvaffaqiyatlar onasi.
• O‘tgan o‘tdi-ketdi.
• Hatto Kobo ham xato qiladi (Kobo — mashhur budda ruhoniysi va xattoti, 774-735 yillar).
• Qo‘rqinchli narsa qiziq bo‘ladi.
• Yo‘lbarsdan po‘st qoladi, odamdan — nom.
• Ahmoqlikdan qo‘rqinchli narsa yo‘q.
• Eski maqol sizni aldamaydi.
• Baxt bor joyda qayg‘u ham bo‘ladi.
• Yo‘lbarsning uyasidan qochib ajdarning g‘origa kirib qolish.
• Ota qanday bo‘lsa bola ham shunda bo‘ladi.
• Inson umri qisqa, shon-shuhrat va boylik o‘tkinchi.
• Yiqilmasdan avval hassa tut.
• Ko‘p so‘z ko‘p uyat keltiradi.
• Qayg‘u bor joyda baxt ham yashirin.
• Bir tomonnigina eshitib masalani hal qilma.
• Hatto qirg‘oq yaqinida ham kema cho‘kib ketishi mumkin.
• Qo‘mondonning shon-sharafi uchun minglab askar o‘lib ketadi.
• Oldindagilarning baxtsizligi orqadagilarga dars bo‘ladi.
• O‘zingdan chiqqan hidni sezmaysan.
• O‘liklar gapirmaydilar.
• Lablar yo‘qolsa tishlar sovqotib qoladi.
• Och qorin mazani bilmaydi.
• Ho‘kizning dumi bo‘lguncha xo‘rozning tumshug‘i bo‘lgan afzal.
• Haydalgan sichqon mushukni tishlaydi.
• Chiqib ketishning imkoni bo‘lmagan holat yo‘q.
• Hayotda hamma narsa o‘zgaruvchandir.
• Chap berishni bilmasang, hayotda yashay olmaysan.
• Qiyshiq novdaning soyasi ham qiyshiq.
• Kiyim insonni bezaydi.
• Ekilmagan don unmaydi.
• Sabr — umrbod xazina.
• G‘urur mag‘lubiyatga yetaklaydi, kamtarlik baxt keltiradi.
• Qilmaslikdan kech bo‘lsa ham qilgan afzal.
• Inson umri bir asr, ismi — abadiy.
• Mevali daraxtni gulidan bilsa bo‘ladi.
• Hatto Buddaning yuzi ham puldan yorishadi.
• Ezgu qalb go‘zal yuzdan afzal.
• Guruchning boshog‘i qancha yetilgan bo‘lsa, yerga shuncha quyi egiladi.
• Yo‘lda yo‘ldosh kerak, hayotda — shafqat.
• Uch yoshli bolaning qalbi qarigunicha shunday qoladi.
• Yomon odamning do‘sti bo‘lguncha, yaxshi odamning dushmani bo‘lgan afzal.
• Yomon notiq laqma bo‘ladi.
• Baxt kulgi bor uyga kiradi.
• Tansihatlikka g‘amxo‘rlik qilish — eng yaxshi davodir.
• Ortiqcha mol — ortiqcha tashvish.
• Kechqurun badmast — ertalab ishyoqmas.
• Kambag‘al xotirjam uxlaydi.
• Bolani bexuda erkalatish uni tashlab ketish bilan barobar.
• Qimmatbaho tosh ham ishlov berilmasa yaltiramaydi.
• Dangasa — sergap.
• Ishyoqmasga bir tog‘ boylik ham yetmaydi.
• Oppoq yuz yetti nuqsonni yashiradi.
• Mol-dunyo va mashhurlik begonani ham jalb etadi, kambag‘allik yaqinlarni ham uzoqlashtiradi.
• Harom yo‘l bilan qozonilgan mol-dunyo va mashhurlik bulut kabi tez tarqaydi.
• Ertangi yuzdan bugungi ellik afzal.
• Yurak tosh emas.
• Har mevaning o‘z vaqti bor.
• Umr qisqa — yaxshilik qilishga shoshil.
• Yumshoqlik qattiqlikni yengadi.
• Baliqchi baliqchini uzoqdan taniydi.
• Zaharni zahar bilan yengadilar.
• Boshda bori tilga chiqadi.
• Bir daqiqa — ming tillo.
• Hech narsadan ko‘ra nimadir afzal.
• Toki hayot ekanman — umid qilaman.
• Sevgi bilan qorning to‘ymaydi.
• Oltinning shu’lasi Budda yog‘dusidan yorqinroq.
• Kambag‘alning davlati — bolalar.
• Qayerda yashasang, o‘sha yerni poytaxt bil.
• Olgan hadyangday ayb topma.
• Jaholat — jinoyat manbasi.
• “Yo‘q”dan “bor” tug‘ilmaydi.
• O‘tmish — hozirning oynasi.
• Nodonlik hukm surgan joyda aql berkinib oladi.
• Eng yaxshi ko‘zgu ham orqani ko‘rsatmaydi.
• Yomon usta asboblarini ayblaydi.
• Chidab bo‘lmaydigan narsaga chidash — haqiqiy chidam.
• Pul daraxtda o‘smaydi.
• Muvaffaqiyat muvaffaqiyat keltiradi.
• Ota-onasiga o‘xshamaydigan bola yo‘q.
• Xattot qalam tanlamaydi.
• Ho‘l bo‘lishdan avval yomg‘irpo‘shni ol.
• Takabburlik yaxshilik keltirmaydi.
• Ko‘r ilondan qo‘rqmaydi.
• Fanda yengil yo‘l yo‘q.
• Kelajak uchun harakat qilmasang, yaqinda xarob bo‘lasan.
• Pul ishida hatto ota va bolalar ham — begona.
• Uzilgan gulni shoxga qaytarib bo‘lmaydi.
• Yosh ham, qari ham qachon ketishini bilmaydi.
• Otning oyog‘i to‘rtta bo‘lsa ham qoqiladi.
• Hayotda qayerdan topib, qayerda yo‘qotishingni bilmaysan.
• Iste’dodli kishini o‘z iste’dodi o‘ldiradi.
• Orzu — ro‘yobga chiqmagan tush.
• Mamlakat mag‘lub bo‘lsa ham tog‘ va daryolar qolaveradi.
• Uch yil tosh ustida o‘tirsang, tosh ham qiziydi (sabr bilan maqsadga erishish haqida).
• Qalampirning urug‘i mayda bo‘lsa ham achchiq.
• Ota-onasinikiga borgan xotin uch kunda zerikadi.
• Kichik ishlar katta ishlarga yetaklaydi.
• Qarish oson, ilm o‘rganish qiyin.
• Samuray do‘sti uchun jonini ayamaydi.
• Hatto to‘rtta ot ham tilni quvib yetolmaydi.
• O‘lik yo‘lbars tirik sichqonga teng kelmaydi.
• Muvaffaqiyatsizlik — omad kaliti.
• Kimonosi oq-u, qalbi qora (kimono — yapon milliy kiyimi).
• Bilgan — gapirmaydi, bexuda gapirgan — bilmaydi.
• Eng yaxshi usta ham xato qiladi.
• Uch sunli til besh syakli tanani yaralaydi (sun — uzunlik o‘lchovi, 3,8 sm;  syak — uzunlik o‘lchovi, 30,3 sm).
• Eng yaqin do‘sting bilan ham orada masofa saqla.
• Tuqqan ota-ona emas, tarbiyalagan — ota-ona.
• Ziyondan ham foyda chiqar.
• Ortiqcha davlat ham zarar.
• Chumchuq hakkalashni yuz yilda ham o‘rganolmaydi.
• Aysh-ishrat insonni halok qiladi.
• Oyog‘i yorilgan qamish boshog‘idan ham cho‘chiydi.
• Taqdir va vaqtni kutish kerak.
• Qorinni belga alishtirib bo‘lmaydi.
• Vaqtni qaytarib bo‘lmaydi.
• Qayiqchi ko‘paysa qayiq cho‘kadi.
• Eng chopqir ot ham qarisa, qirchang‘idek bo‘lolmaydi.
• Katta iste’dod kech yetiladi.
• Tinchlikda yashab urush yillarini unutma.
• Hatto chang ham yig‘ilsa tog‘ bo‘ladi.
• Kim erta tursa, unga Xudo beradi.
• Sevgi uchun chegara yo‘q.
• O‘g‘irlangan suv ichgandan tashnalikka chidash afzal.
• Tabiat, uning qonunlarini buzganni jazolaydi.
• O‘zini himoya qilganni osmon ham himoya qiladi.
• Osmon bildi, yer bildi — men bildim (ya’ni, hamma bildi).
• O‘rganish — toqqa arava yetaklash (to‘xtasang, orqaga qulaysan).
• Qayg‘u baxt bilan o‘rin almashadi.
• Dunyoni bir odam boshqarolmaydi, dunyo — barchaniki.
• Uyda — botir, begonalar orasida — qo‘rqoq.
• Sen o‘tirgan kema orqaga qaytmaydi.
• Eski daryolar qurimaydi.
• Sevgi va nafrat orasi bir qadam.
• Bir vaqtning o‘zida ikki yaxshi narsa bo‘lmaydi.
• Er-xotin janjaliga aralashma.
• So‘rash — bir daqiqalik uyat, bilmaslik — bir umrlik.
• Eng aziz mehmon ham uch kundan so‘ng zeriktiradi.
• Sakson yoshida uch yasharlik boladek.
• Erta turganga omad yor.
• Katta san’atkorga — katta sahna.
• Kunduzgi chiroqdek befoyda bo‘lma.
• Odamning og‘ziga eshik o‘rnatib bo‘lmaydi.
• Musibatdagi do‘st — haqiqiy do‘st.
• Ilon chaqqan chirigan arqondan ham cho‘chiydi.
• Folbin o‘z taqdirini bilmaydi.
• Aytilgan so‘z — kumush, sukut — oltin.
• Muvaffaqiyat bir qancha mayda ko‘ngilsizliklardan so‘ng keladi.
• Katta odam kichik ish bilan shug‘ullanmaydi.
• Aka-ukalar — bir tanadagi ikki qo‘l.
• Tez qizigan tez soviydi.
• Qushlar yo‘q qishloqda ko‘rshapalak ham qush.
• Janjalda ikki tomon aybdor.
• Hayotda yetti omad va yetti omadsizlik bo‘ladi.
• Shaffof suvda baliq yashamaydi.
• O‘z uyida hamma — Benkey (Benkey — afsonaviy yapon polvoni).
• Bahsda qattiq baqirgan yutadi.
• Yaxshi kiyimda maymun ham go‘zal.
• Yillar — davo.
• O‘g‘ri o‘z eshigini yaxshilab tambalaydi.
• Sakkiz qo‘li, sakkiz tili bor (hiylagar haqida).
• Qarg‘a har yerda qora.
• Tarbiya nasabdan muhim.
• Tabib o‘z sog‘ligini o‘ylamaydi.
• Jizzakilik omad keltirmaydi.
• Uchrashuv — ayriliqning avvali.
• Daryoda o‘sgan daryoda o‘ladi.
• Yillar va oylar insonni kutmaydi.
• Tog‘lar balandligi bilan emas, daraxtga boyligi bilan qadrli.
• Eng chopag‘on otga ham qamchi kerak.
• Hatto it va mushukni uch yil boqsang, ular ham yaxshiligingni unutmaydi.
• Hatto o‘g‘rilikni ham o‘n yil o‘rganish kerak.
• Hatto baxtsizlik ham uch yildan so‘ng kerak bo‘lib qolishi mumkin.
• Hatto qurigan daraxt ham tog‘ manzarasini go‘zallashtiradi.
• Hatto ahmoqning ham bir iste’dodi bo‘ladi.
• Hatto qog‘ozning ham ikki tomoni bor.
• Uzoq yo‘l yaqindan boshlanadi.
• Bir juft varadzini bir oyoqqa kiyolmaysan (varadzi — yapon poxol shippagi).
• Pul insonni begonalashtiradi.
• Pul butun dunyo bo‘ylab kezadi.
• Pul pulni tug‘adi.
• Boshingni sovuqda qoldirsang ham oyog‘ingni issiq tut.
• Urushayotgan chumchuqlar odamdan qo‘rqmaydi.
• Mashhurning bolasi kamdan-kam holatda mashhur bo‘ladi.
• Vaqt uchun chegara yo‘q.
• Bolalar uchun ochlik yo‘q (ota-ona o‘zi yemasa ham bolasiga beradi).
• Yomg‘ir tomchisi toshni yo‘nadi.
• U mamlakatiga borsang — odatlariga amal qil (U — Xitoydagi qadimiy o‘lka nomi).
• Yaxshi ishlatishni bilsang o‘tmas pichoq ham yarab qoladi.
• Qo‘mondonni o‘ldirmoqchi bo‘lsang, avvalo uning otini o‘ldir.
• Puling borida pul kerak bo‘ladigan kunlarni o‘yla.
• Tug‘ilgan — o‘ladi, uchrashgan — ayriladi.
• Sog‘lik uchun qayg‘urish — eng yaxshi dori.
• Mehnatkash odamga kasallik ham yo‘lamaydi.
• Kuni kelganda hatto kalamush ham yo‘lbarsga aylanishi mumkin.
• Hatto chumolilar ham to‘g‘onni yemirishi mumkin.
• Ortiqcha dori ham — zahar.
• Ovchi ham tuzoqqa tushib qolishi mumkin.
• Eskini o‘rganib yangini bilib olasan.
• Ming kun to‘qilgan qamish bir kunda kul bo‘ladi.
• Bayram arafasi bayramning o‘zidan qiziq.
• Ahmoqlar yugurib ketsa, orqasida aqli rasolar ham yuguradi.
• Pul tugasa sevgi ham tugaydi.
• Sigir suv ichsa sut bo‘ladi, ilon suv ichsa — zahar.
• Katta baliq botqoqda yashamaydi.
• Uch kun tilanchilik qilgan odatini tashlolmaydi.
• Oson topilgan oson sarf bo‘ladi.
• Bitta general topgandan mingta askar topgan afzal.
• Mingta chumchuq chug‘uridan bitta turna ovozi yaxshiroq.
• Budda ibodatxonasida yashaydigan bola sutralarni o‘rganmasdan ham o‘qiyveradi (sutra — budda diniy matnlari).
• Masamune qilichi bilan sholg‘om kesma (Masamune — mashhur qadimgi qurolsoz. U yasagan qilichlar yuqori baholangan).
• Sukut so‘zdan afzal.
• Dengiz qaroqchilari tog‘ qaroqchilarini jinoyatda ayblaydilar.
• O‘likning ovozi bo‘lmaydi.
• Bolani tashlab ketish mumkin, ota-onani tashlab bo‘lmaydi.
• Erkak — qarag‘ay, ayol — pechakgul (pechakgul qarag‘ay atrofida o‘sadi).
• Rasmdagi non bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi.
• Shafqatli jangchigina haqiqiy jangchidir.
• Nikkoni ko‘rmasdan turib “go‘zal” so‘zini ishlatma (Nikko — atrof manzaralari go‘zal bo‘lgan qadimgi yapon shahri).
• Seni maqtayotgan kishiga ishonma.
• Ketayotganni to‘xtatma, o‘tkinchini haydama.
• Yangi kelinni kuzgi baqlajon bilan boqma (ya’ni, kelinni boshga chiqarib olma).
• Ayol senga yettita tug‘ib bergan bo‘lsa ham unga qalbingning tubini ochma.
• Dushmaning zaif bo‘lsa ham o‘zingni katta tutma, dushmaning kuchli bo‘lsa ham undan qo‘rqma.
• Faqat bir tomonni eshitib hukm qilma.
• Ehtiyotsizlik — eng katta dushman.
• Uydan yaxshi joy yo‘q.
• O‘z vazning bilinmaydi.
• Yotoqda yotgan qoqilmaydi.
• Dengiz haqida baliqchidan so‘ra, o‘zing haqida — boshqalardan.
• Uzilgan bargni shoxga yopishtirib bo‘lmaydi, singan oynada yuzing aks etmaydi (ajralishgan oilalar haqida).
• Kuzgi osmon yetti yarim marta o‘zgaradi.
• Ahmoqlikka qarshi dori yo‘q.
• Xato qilsang, to‘g‘rilashdan uyalma.
• Birinchi g‘alaba — g‘alaba emas.
• Birinchi — ovoz, so‘ng — kuy.
• Ilk nevara farzandda shirin.
• Birinchi guruch hosili so‘nggisidan shirin.
• Qalam qilichdan kuchli.
• Hal qilishdan oldin o‘yla, hal qildingmi — o‘ylama.
• Oqar suv aynimaydi.
• Oilaviy janjallar faqirlikka olib keladi.
• Rashk — sevgining yuragi.
• Ota-onalar ishlaydilar, bolalar yallo qiladilar, nabiralar — qashshoq.
• Og‘iz — baxtsizliklar va kasalliklar sababi.
• Sake va ko‘p uyqu — qashshoqlikka eng qisqa yo‘l (sake — guruch arog‘i).
• Qo‘lingdan kelgancha harakat qil, qolganini taqdirdan ko‘r.
• Ko‘r ilon hech narsadan qo‘rqmaydi.
• So‘z temirni ham eritadi.
• Quyosh va guruchni har yerdan topa olasan.
• Er-xotinning urushi va g‘arb shamoli oqshom bo‘lishi bilan tinchiydi.
• Qari ot yo‘ldan adashmaydi.
• Taqdir va soya izimizdan quvib yuradi.
• Baxt uni kutmagan payt kulib boqadi.
• O‘g‘il otaga taqlid qiladi, qiz — onaga.
• Uch ayol yig‘ilsa — bozor.
• Yo‘l bo‘yidagi uyni uch yilda ham bitkazolmaysan (agar har o‘tganning maslahatiga quloq solaversang).
• Farzandi bo‘lmagan ota-ona sevgisini bilmaydi.
• Erkakning boshi bor, ayolning — yuragi.
• Qochgan yo‘l tanlamaydi.
• Tabassum hech qachon zarar emas.
• O‘lish oson, yashash qiyin.
• Ahmoq va jinniga yo‘l bo‘shat.
• Kelinni uyga tushishi bilan tarbiyala.
• Yozishni o‘rganish sakson yoshda ham kech emas.
• Yaxshi dorining ta’mi achchiq bo‘ladi.
• Yaxshi usta ashyo tanlamaydi.
• Shoxini to‘g‘rilamoqchi edi, buqani o‘ldirib qo‘ydi.
• O‘lik bo‘lsa ham tay yaxshi (tay — Yaponiyada qadrlanadigan baliq turi).
• Inson yig‘layotgan bola va yer egasi oldida ojizdir.
• Atirgul qancha go‘zal bo‘lsa, tikoni shuncha uzun bo‘ladi.
• Qancha astoydil yashirishsa, shuncha tez oshkor bo‘ladi.
• Tez yetilgan tez buziladi.
• Bori — yoqmaydi, yoqqani — topilmaydi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Yaponlar (o‘zlarini nixondzin — quyoshli o‘lka odamlari deb atashadi) —Yaponiyaning asosiy aholisi (127 mln. kishi, 2014) bo‘lgan xalq. Umumiy soni 130 mln. kishi (2014). Yapon tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan, sintoistlar va buddaviylar; xristianlar va sinkretik dinlarga e’tiqod qiluvchilar ham bor.