• Daraxt qanchalik yuksak bo‘lsa-da, baribir yaproqlari yerga to‘kiladi.
• Boshqalarga ta’na qilgandek o‘zingga ta’na qil, o‘zingni kechirganing kabi boshqalarni kechir.
• Muvaffaqiyatsizlik insonga ko‘p narsalarni o‘rgatadi.
• Bir onlik g‘azabingni bossang, yuz kun xotirjam yashaysan.
• Sulton — qayiq, xalq suv: xohlasa suzdiradi, istasa cho‘ktiradi.
• Yuraging bezovta bo‘lsa — qaraysan-u ko‘rmaysan, quloq solasan-u eshitmaysan, yeysan-u ta’mni sezmaysan.
• Eng yaxshi qo‘shiqni ham birdaniga uch marta aytmaydilar.
• O‘qib turib fikr qilmaslik — ahmoqlik, fikr qilib o‘qimaslik — fojia.
• Qarzni turib berib, tizzalab qaytarishni so‘raydilar.
• Insonning xohishlari osmondan yuqori: imperator bo‘lganidan keyin abadiy yashashni orzu qiladi.
• Tog‘larga chiqmagan uzoqlarni ko‘rolmas.
• Biron narsa sotib olsang quloq bilan emas, ko‘z bilan ish tut.
• Qimor bosqinchilikka, fahsh qotillikka olib boradi.
• Nevarasini suyadigan buvi ishtonini shakarga alishtirishga ham tayyor turadi.
• Erkalatilgan bola tarbiyasiz bo‘ladi, erkalatilgan it — gapuqmas.
• Bolani erkalatish uni o‘ldirish bilan baravar; faqatgina olovli tayoqdan tarbiyali bolalar chiqadi.
• Kambag‘allikni berkitib, boylikni yashirib bo‘lmaydi.
• Devorsiz uy bo‘lmaydi.
• Oliyjanob odam ezgu ishlari bilan baxtiga baxt qo‘shadi, nodon kuch ishlatib odamlarni aldaydi.
• Boylik yoningda tursa ham uni noinsof yo‘llar bilan olma, qiyinchilik yaqin bo‘lsa, undan qochma.
• Boy kambag‘alning qiynalganini, to‘q ochning iztirobini bilmaydi.
• Qo‘rqsang daraxtdan tushgan barg ham boshingni yoradi.
• Katta odam musibatdan qo‘rqadi, katta daraxt — shamoldan.
• Aka-ukalar — qo‘l-oyoq, xotin libos kabidir.
• Kuniga bir siqim donni tejasang, o‘n yildan so‘ng ot olasan.
• Uch yil tinmay saxovat qilsang — kamchilik biladi, qachondir bir yomon ish qilib qo‘ysang — butun dunyo biladi.
• Ishlamay osmondan baxt kutsang, kuppa-kunduzi chuqurga qulaysan.
• Dangasalik odamlarga xos, yer dangasa bo‘lmaydi: vaqtida eksang, kechikmay hosil beradi.
• Ko‘zingni tezroq och, og‘zingni — sekin.
• Imperator huzuriga kirish sher qafasiga kirish bilan barobar.
• Odamni ursang — yuziga urma, so‘ksang — jismoniy nuqsonlaridan kulma.
• Uzoq yo‘lda yengil yuk bo‘lmaydi.
• Uzoq davom etadigan o‘yinda g‘olib bo‘lmaydi.
• Duradgorning uyida kursi bo‘lmaydi.
• O‘rmonda o‘tin bilan, ko‘l bo‘yida baliq bilan savdo qiladilar.
• Sayoz suvda katta baliq yetishtirolmaysan.
• Yoshligida ishlamasdan daydigandi, katta bo‘lib — xazina kovlashga tushdi, qariganda — rohib bo‘ladi.
• Sovuq kunda o‘t ham muzdek.
• Notanish joyda yaxshi pul ishlanadi, tanish joyda bayram yaxshi nishonlanadi.
• Bir og‘izga ikki qoshiq tiqib bo‘lmaydi.
• Bir o‘rmonda ikki yo‘lbars bo‘lmaydi (ya’ni, ikki kuchli yo‘lbars bir joyda yashay olmaydi).
• Yo‘lda masofani, dasturxonda yegan narsangni sanama.
• Jannatga olib boruvchi yo‘l bor — hech kim u yerdan yurgisi yo‘q; qamoqqa olib boruvchi darvoza qattiq tambalangan — odamlar taqillatib o‘tadi.
• Savdoda eng muhimi — pulni sanash, dehqonchilikda — erta turish.
• Amaldor o‘lsa, darvozaga odam sig‘maydi, general halok bo‘lsa askarlar ham kelmaydi.
• Bahorgi yomg‘ir moydek qimmatli.
• Maydagap odamdan qarz olma — tun-u kun miyangni yeydi.
• Boyning bir martalik bazmi — kambag‘alning yarim yillik taomi.
• Har qanday ishni uch marta o‘ylab boshlash kerak.
• Suv pastga qarab oqadi, odam esa yuqoriga intiladi.
• O‘g‘rilik piyoz o‘g‘irlashdan boshlanadi.
• Odam bilan odam kabi, shaytonni ko‘rsa shaytonchasiga gaplashadi (ikkiyuzlamachi kishi haqida).
• Turmushga uzatilgan qiz sotib yuborilgan dala kabidir.
• Qahramon kasallik kelib kuchini olib qo‘yishidan qo‘rqadi, xolos.
• Gapirsang — aniq gapir, barabanni ursang — qattiq ur, hamma eshitsin.
• Boshni-ku uzib qutulish mumkin, tilni to‘xtatib bo‘lmaydi.
• Och sichqon mushukni ham yeb tashlashga tayyor bo‘ladi.
• Uyalishni bilgan oq ko‘ngil bo‘ladi.
• Chiroyli tovus o‘z parlarini ehtiyot qiladi, vijdonli kishi — o‘z shonu-sharafini.
• Do‘stni bir yilda ham topish oson emas, ammo uni bir lahzada yo‘qotib qo‘yish mumkin.
• Haqiqiy do‘stlik — suvdek zilol, qalbaki do‘stlik — tuz qo‘shilgan asal.
• Yaxshi do‘st — chinakam tilla.
• Qarchig‘ay katta ilonni cho‘qib o‘ldiradi, qarg‘a esa kichkina ilondan ham qo‘rqadi.
• Bir og‘iz yaxshi so‘z kishini hatto qahraton sovuqda ham isitadi.
• Kuchli olovda ho‘l o‘tin ham yonadi, jasur qo‘shinda qo‘rqoq ham jangga kiradi.
• Kimni yomon ko‘rsang, uning yaxshi fazilatlarini ham ko‘ra bilishing kerak, kimni yaxshi ko‘rsang, uning yomon xislatlarini ham ko‘ra bilgin.
• Eng baland minora ham yerdan boshlanadi.
• Bir kishining hayotini saqlab qolish yetmish ibodatxona solishdan ham yaxshidir.
• To‘g‘ri so‘z quloqqa yoqmaydi, ammo to‘g‘ri ish qilishga yordam beradi.
• Shoshilishda xato bor.
• Parmalash bilan taxtada teshik paydo bo‘ladi, bahslashish bilan haqiqat ravshan bo‘ladi.
• Suv ichganda quduq qazigan kishini unutma.
• Shamollab qolish — yuz kasalning boshi.
• To‘g‘ri turgan bo‘lsang, soyaning egriligidan qo‘rqma.
• Otning kuchi uzoq yo‘lda bilinadi, odamning qalbi — uzoq vaqt o‘tishi bilan.
• Faqat vaqtgina kishi qalbidagi narsalarni oxirigacha ochib tashlaydi.
• Qayiqda mahkam o‘tirgan bo‘lsang, to‘lqin ham qo‘rqinchli emas.
• Hatto eng baland tog‘ ham quyoshni to‘solmaydi.
• Dono bo‘lmay turib, kamtar bo‘lish mumkin, kamtar bo‘lmay turib, dono bo‘lish qiyin.
• Qayg‘u ortidan baxt keladi, mag‘lubiyat ketidan mukofot ham kutadi.
• Tog‘ va daryoni o‘zgartirish oson, inson fe’lini o‘nglash qiyin.
• Ikki kun baliq tutib, uch kun to‘rni quritadi (bir ishni xohlamasdan va o‘lda-jo‘lda qiladigan kishi haqida).
• Ikki so‘z: tinchlik va xotirjamlik — ming yombi oltindan qimmat.
• Qiz bola nikoh taxtiravoniga o‘tirguncha o‘n sakkiz marta o‘zgaradi (ya’ni, qiz bola juda tez o‘sadi).
• Ko‘z oldingda qilingan ish haqiqat bo‘lmaydi-yu, orqangdan gapirilgan so‘zga qanday ishonish mumkin?
• Pulni topish mumkin, yaxshi uy topish mushkul.
• Savdodan topilgan mol — o‘ttiz yilga, ter va qon bilan topilgan mol — ming yilga.
• Pul osmondan tushmaydi, oltin yerda sochilib yotmaydi, bas, yaxshi eksang — yaxshi hosil olasan.
• Pul o‘yin payti yo‘qoladi, kitoblar — imtihon payti.
• Kunduzi olovdan ehtiyot bo‘l, kechasi — o‘g‘ridan.
• Kunduzi noxush ish qilmadingmi, kechasi darvozang taqillashidan qo‘rqma.
• Kunduzi amaldor kabi yuradi, kechasi sariq loviya o‘g‘irlaydi.
• Yomg‘ir yil bo‘yi yog‘maydi, inson umr bo‘yi kambag‘al bo‘lmaydi.
• Uzun kun kichik yil kabidir.
• Uyda ming kun yashash oson, uydan chiqding — bir soat ham qiyin o‘tadi.
• Uyda ota-onagga suyan, tashqarida — do‘stlaringga.
• Do‘stning eskisi yaxshi, kiyimning — yangisi.
• Ahmoq odam qanoti o‘sib chiqqan yo‘lbarsga o‘xshaydi: kimni xohlasa, o‘shani yeydi.
• Dehqonning taomi ob-havoga bog‘liq.
• Taom ko‘p bo‘lsa, yeyish oson, so‘z ko‘p bo‘lsa, gapirish qiyin.
• Agar tog‘da daraxt bo‘lmasa, o‘t-o‘lanlar ham ularga topinishlarini xohlab qoladi.
• Agar tog‘da yo‘lbars bo‘lmasa, it o‘zini qirol deb e’lon qiladi.
• Agar belingda yuz ming tanga bo‘lsa, Yanchjouga laylakda uchib borasan.
• Yo‘ldan adashsang, orqaga qaytish mumkin, tildan adashsang — yo‘l yo‘q.
• Ota va bola bir bo‘lsa, yer oltinga aylanadi, aka-ukalar birlashsa, tog‘ni marvaridga aylantiradi.
• Ishonmagan kishing bilan ish boshlama, ish boshladingmi — shubhalanma.
• Uch kishining qalbi bir bo‘lsa, sariq yer oltinga aylanadi; agar uch kishining fikri uch xil bo‘lsa sariq oltin changga aylanadi.
• Agar ayolning biron iste’dodi bo‘lmasa — bu ham yaxshi fazilat.
• Yaxshi so‘zni ham uch marta qaytarsang, hatto it ham ijirg‘anadi.
• Uying bo‘lsa — sovuq, yomg‘ir va shamoldan qo‘rqma; bolalaring bo‘lsa — qariganingda faqir bo‘lib qolishdan cho‘chima.
• Kumushing bo‘lsa, suhbatdosh topilaveradi.
• So‘zing bo‘lsa — tushunganga so‘zla; taoming bo‘lsa — ochga ber.
• Qariya Van borligida sevmasdilar, qariya Van yo‘qligida sog‘inadilar.
• Hali yurishni o‘rganmadi-yu, chopgisi keladi.
• Inson hayotining oxiri bor, ilmniki — yo‘q.
• Darvozada uch kishiga yo‘l bo‘shat: qariyalarga, bolalarga va ayollarga.
• O‘z uyingni mustahkam qil, birovning xotinini muhokama qilma.
• Og‘zingni shishani tiqin bilan yopgandek yop, so‘zlaringni qo‘rg‘ondek qo‘riqla.
• Yerni boy qishloqdan tanla, uyni — yaxshi qo‘shnilar orasidan.
• Don yetilsa, tashlab qo‘yma — sochilib ketadi; qizing ulg‘aysa, tashlab qo‘yma — dushmanga aylanadi.
• Qish sovug‘ini sovuq dema, bahorgi sovuq buzoqni o‘ldiradi.
• To‘qqiz qavatli minora ham yerdan boshlanadi, o‘n yillik shon-shuhrat ham bir kunda unutiladi.
• Eng baland tog‘ ham quyoshni to‘sa olmaydi.
• Eng baland tog‘lar ham bulutni tutib qolmaydi.
• Har qanday to‘siqning tirqishi bo‘ladi, devorning qulog‘i bo‘ladi.
• Pulga hayot sotib olib bo‘lmaydi.
• Hatto otning dumiga qo‘nadigan pashsha ham ming liga uchib borishi mumkin (li — masofa o‘lchovi, 0,5 km).
• Hatto tug‘ishgan akang ham qarzni unutmaydi.
• Hatto adolatli amaldor ham uy idorasida murosa qilolmasligi mumkin.
• Hatto toshyurak odamning ham ko‘zida yosh chiqishi mumkin.
• Eng shirin qovunning ham po‘sti chiroyli emas.
• Mish-mishdan yaxshi ham, yomon ham qutula olmaydi.
• Toqqa chiqish oson, tushish mushkul.
• Qarg‘aning inidan tovuq tuxumini ololmaysan.
• O‘n ming kasb ichida eng qadrlisi — olimlik.
• Toshdan moy olib bo‘lmaydi.
• Bitta shox bilan o‘t yoqish qiyin, yolg‘iz bolani tarbiyalash mushkul.
• Uch yuz oltmish yumushdan eng sharaflisi — dehqonchilik.
• Yumaloq toshdan tekis devor chiqmaydi.
• Puli bo‘la turib, yordam bermaslik xazinalar g‘origa kirib quruq qo‘l bilan chiqqan bilan barobar.
• Har kuni bir tangadan jamg‘arsang, uch yilda ming tangali bo‘lasan.
• Qanchalik ko‘tarilma, osmondan ustun bo‘lolmaysan.
• Chiroqning nuri qanchalik yorug‘ bo‘lmasin, uni Quyosh bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
• Sulton qanday bo‘lsa, xalq ham shunday.
• Qonunni buzgan shahzoda oddiy fuqaro kabi jazo oladi.
• Xachirni savalashganda ot ham titrab qo‘yarkan.
• Eshikni o‘g‘ri ketgandan so‘ng yopadilar.
• Qalbing xotirjam bo‘lsa, qamish kulbada ham huzur qilasan.
• Qalin qor yoqqanda o‘tin, guruch, moy va tuz qimmat bo‘ladi.
• Qo‘shinni ming kun boqib, bir daqiqa foydalanadilar.
• Oshiq va qimor qarzdorlikka olib boradi.
• Olovga eng yaqin kishi birinchi bo‘lib yonadi.
• Po‘latni toblasang ko‘mirni ayama, bola boqsang taomni ayama.
• Yengil aravada yo‘l ham tanish.
• Devorga chizib qo‘yilgan nonni ko‘rish oson, yeyish qiyin.
• Bahor shamoli esmasdan yoz yomg‘iri yog‘maydi.
• Qaroqchilarni tutmoqchi bo‘lsang, avval sardorini tut.
• Oyning o‘n besh kundan so‘ng yorug‘i kamayadi, erkakning o‘ttiz yoshdan so‘ng yoshligi qolmaydi.
• Uyda xizmatkor bo‘lgandan tomdagi qush bo‘lgan afzal.
• Fitna paytida odam bo‘lgandan tinchlik payti it bo‘lgan afzal.
• Agar kitob o‘qishga aqling yetmasa dalada ishlaganing afzal.
• Boyib ketishning ming usulini rejalashtirguncha dalada ishlagan afzal.
• Odamni bilmagandan ioriglifni bilmagan afzal.
• Bolangga bir sandiq oltin qoldirgandan unga ta’lim bergan afzal.
• Bosh ko‘tarib odamdan so‘ragandan, bosh egib yerdan so‘ragan afzal.
• Ota-onani tirikligida boq, o‘lgandan so‘ng so‘ygan moling foydasiz.
• Oltin qazigandan yer chopgan afzal.
• Qarilikdagi kambag‘allikdan yoshlikdagi qiyinchilik afzal.
• Ahmoq bilan yashagandan aqlli bilan o‘lgan afzal.
• Sevimli xotin qaynonasini hurmat qiladi, yaxshi farzand — ustozini.
• Odamlar farzandlarining kamchiligini sezmaydilar.
• Kichkina bolta bilan katta shoxni kesolmaysan.
• Amaldorning onasi o‘lsa butun shahar oq kiyadi, amaldor o‘ldi — tobut ko‘targani odam yo‘q (Xitoyda motam rangi — oq).
• Turib qolgandan sekin yurgan afzal.
• Dunyo shunday kengki, unda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q.
• Tanani davolash mumkin, qalbni davolash mushkul.
• Katta tarozida olib kichkina tarozida sotadilar.
• Osmon ostida yana osmon bor (ya’ni, har qanday rahbarning oliy rahbari bor).
• Haqiqiy botir uch qishloqni qo‘riqlaydi, yaxshi it — uch qo‘shnini.
• Haqiqiy do‘st qattiqqo‘l muallimdan afzal.
• Yo‘lbars uchta tug‘sa qo‘rqma, ko‘ksida ikkita yuragi borlardan qo‘rq (ya’ni, ikkiyuzlamachilardan).
• Zulmdan qo‘rqma, kambag‘allikdan qo‘rq.
• Yoshi qaridan emas, qalbi keksadan qo‘rq.
• Yaxshi vazir bo‘lmasang ham yaxshi tabib bo‘l.
• Bilmaslik ayb emas.
• Amaling yo‘qligidan emas, hunaring yo‘qligidan afsuslan.
• Toqqa chiqmasdan osmonning uzoqligini, tubsiz jarga tushmasdan yerning kengligini bilolmaysan.
• Xudodan shuhrat so‘rama, xatolardan panoh so‘ra.
• Yo‘lni so‘ramasdan yo‘lga tushma.
• Osmon bildi, yer bildi, sen bilasan, men bilaman — hech kim bilmaydi deb kim aytdi?
• Osmon har soatda o‘zgaradi, odamlar — bir umr.
• Dunyoda hech kimga keraksiz inson yo‘q; yerda ildizi bo‘lmagan o‘simlik yo‘q.
• Tugatilmagan kitob — oxiriga yetilmagan yo‘l.
• Kitob o‘qishdan ortiq huzur yo‘q, bolalarga ta’lim berishdan afzal yumush yo‘q.
• Tugamaydigan bazm yo‘q.
• Yomon dala bo‘lmaydi, dangasa odamlar bo‘ladi.
• Odamlarni aldab o‘zingni ham aldaysan.
• Bir kishi quduq qaziydi, ming kishi undan ichadi.
• Bitta piyoladan ovoz chiqmaydi, ikki piyola — “din-din”.
• Yomonning qo‘lansa hidi o‘n ming yilga yetadi.
• Jiyan itga o‘xshaydi: yeydi-yu, qochadi.
• Boshqalarni muhokama qilgandan ko‘ra o‘z fe’lingni o‘ngla.
• Ot tanlashda tishiga qara, do‘st tanlashda — qalbiga.
• Dala — xo‘jayin, odam — mehmon.
• To‘la shisha jim turadi, yarim shisha qulqullaydi.
• Ajdaho choponini yirtish — o‘lim, shahzodani o‘ldirish ham — o‘lim (Ajdaho choponi — ajdaho tasviri tushirilgan imperator choponi).
• Gul ekding — o‘smadi, yerga novda suqding — tol bo‘ldi, soya berdi.
• Gilos eksang o‘rik unmaydi, oshqovoq eksang — loviya.
• Katta urushdan keyin davomli ocharchilik bo‘ladi.
• Davomli bemorlikdan so‘ng o‘zing ham tabib bo‘lib qolasan.
• Kam kuch sarflasang oz don olasan.
• Odamni bilish uchun avval do‘stlarini ko‘r.
• Yaxshi oltin loyli tuproqda tug‘iladi, yaxshi go‘sht suyakda yetiladi.
• Tez yurganda yaxshi qadam tashlolmaysan, ovqatni sekin yegandagiga mazasi chiqadi.
• Mehmonni o‘n chaqirimgacha kuuzatib qo‘yganing bilan baribir xayr-ma’zur qilasan.
• Oshqovoq sotuvchisi hech qachon molini achchiq demaydi.
• Yangi kitobni o‘qish — yaxshi do‘st topish, kitobni qayta o‘qish — eski tanishingni uchratish.
• To‘g‘ri qalb momaqaldiroq zarbidan qo‘rqmaydi.
• Yangi poyafzal kiydingmi, oyoqni yuqori ko‘tar.
• So‘z shamoldek kelib, shamoldek ketadi; qog‘oz va qalam — tog‘u tosh kabi.
• Uyini alohida qilgan aka-ukalar uch yildan so‘ng oddiy qo‘shniga aylanadilar.
• Uzun burun qayiqqa eng avval suv kiradi.
• Ochilgan yomg‘irpesh oyni to‘sgan bulut bilan tenglasholmaydi; yelpig‘ich o‘zi kelgan shamol bilan barobar emas.
• Daryoning o‘zani bo‘ladi, daraxtning — ildizi.
• So‘zni tayoq bilan o‘lchaydilar, odamni — so‘zi bilan.
• Yo‘lbarsni chizgandim — itga o‘xshab qoldi.
• Og‘zi katta — tili uzun (vaysaqi haqida).
• Qo‘l va tilingni asrasang har joydan boshpana topa olasan.
• Bolalikda igna o‘g‘irlagan kattaligida tilla o‘maradi.
• Otga minish oson, tushish qiyin.
• O‘zing kasal bo‘ldingmi — o‘zing davolan.
• Eng yorqin oy nurini olov bilan solishtirib bo‘lmaydi, eng yaxshi qaynona onaga teng kelmaydi.
• Qalbi oq inson qora ishni qilmaydi.
• Qo‘y uxlasa — yog‘ bosadi, odam uxlasa — uyini sotadi.
• Bugun choy bo‘lsa — bugun ich, ertangi g‘amni ertaga hal qilasan.
• Ertangi tongning qanday bo‘lishini bugun bilolmaysan.
• Yurak kasalini yurak dorisi bilan tuzatadilar.
• Eng yomon narsa — ayol yuragi.
• Inson qalbini uning tashqi ko‘rinishi bilan aniqlab bo‘lmaydi, dengizdagi suvni dou bilan o‘lchab bo‘lmaydi (dou — hajm o‘lchovi, 10 l).
• Otda ketayotgan odam piyodaning holini bilmaydi.
• Hunari ko‘pning daromadi ko‘p.
• So‘z — dil kaliti.
• Qariyalar so‘zi oltin.
• So‘z — qalbni ochadigan bolta.
• Yaqinlar o‘limi va ayriliq — dunyodagi ma’yus va qayg‘uli o‘n ming holatning eng yomonidir.
• Gullardan zavq olish oson, o‘stirish qiyin.
• Qor yog‘sa sovuq emas, qor erisa sovuq.
• Quyoshni kafting bilan yopolmaysan.
• Qalmoqni uzgan baliq doim katta.
• Ishga shoshil, yeyishga emas.
• Tug‘ilish bilan odam bo‘lmaysan, o‘rganish bilan odam bo‘lasan.
• Qarzni tezda yozib qo‘y — keyin o‘ylanib yurmaysan.
• Eski kitobdan yuz bob o‘qisang ham zerikmaysan.
• O‘tin sotuvchi ayol qamish qalpog‘ini yoqarkan.
• Yuz yo‘l — yuz xil qiyinchilik.
• Dengizga yuzta daryo quyiladi, u to‘lib qolmaydi.
• Suv yo‘qligida to‘g‘onni qurib ol.
• Baxt qo‘shqo‘llab kelmaydi, kulfat bir o‘zi yurmaydi.
• Keyingi asrning baxti shu asrda quriladi.
• O‘g‘il bo‘ridek bo‘lsa ham qo‘zichoqdek tuyuladi, qiz sichqondek bo‘lsa ham — yo‘lbarsdek.
• Yuqorida yorug‘da yashagan pastda zulmatda yashaganlar holini bilmaydi.
• Sabr — barcha muvaffaqiyatlar asosi.
• Bo‘ri inidan endi qochib, yo‘lbarsning og‘ziga tushdi.
• O‘ttiz yoshdan keyingina anglaysan: osmon uzoq — yetib borolmaysan, yer qattiq — kirib ketolmaysan.
• Farzandi borning har ishi baxt.
• Devorda o‘sgan o‘t ikki tomonga ham egiladi.
• Bitta botir bilan qo‘shinni yengib bo‘lmaydi.
• Agar uch kun kitob o‘qimasang nutqing go‘zalligiga putur yetadi.
• Uch kun kitob o‘qimasang — so‘zing qo‘pollashadi, uch kun yozmasang — qo‘ling zaiflashadi.
• Uch kun erta tursang — bir kun yutasan.
• Sen “ha” deding, “yo‘q” ham deya olasan.
• Oshqovoq mutlaqo yumaloq bo‘lmaydi, odam ham mutlaqo mukammal bo‘lolmaydi.
• Ming — yuqori, o‘n ming — undan ham yuqori, inson qalbi — hammasidan yuqori.
• Ming yil — boshqa shamollar, yuz yil — boshqa odatlar.
• Agar ming kishi barmog‘i bilan senga o‘qtalsa, kasalliksiz ham o‘lasan.
• Ming rohib bitta ustozni tanishi oson, bir ustoz ming rohibni eslab qolishi qiyin.
• Mingta o‘limni yerga qo‘yish mumkin, bitta ochlikka chidash qiyin.
• Mingta usulni o‘rganish oson, bitta natijani chiqarish qiyin.
• Kattalarning mushkuli ham katta.
• Katta daraxtning soyasi ham katta.
• Bevaning eshigida doim janjal.
• Ahmoqning baxti ham ahmoqona.
• Oltmishda bo‘lsa-yu, nabirasi yo‘q kishi ildizsiz daraxtga o‘xshaydi.
• Ota-onasi yo‘q — itoatkor bolasini maqtaydi, qizi yo‘q — uyining tozaligini.
• Olamning ming kuni baxtli o‘tmaydi, gul — yuz kun so‘limay turmaydi.
• Devorga chizilgan baliqning ko‘zi bitta.
• Kuchli qo‘mondonning zaif askari bo‘lmaydi.
• Maqtanchoq tabibning yaxshi dorisi bo‘lmaydi.
• Qorni ochga non qayg‘usi, sovuqotganga — kiyim.
• Yaxshi onadan yaxshi farzandlar tug‘iladi, yaxshi dondan yaxshi guruch unadi.
• Odamni hurmat qil, lekin kiyimini emas.
• Kulib turgan amaldor xalqni o‘ldirishdan ham tap tortmaydi.
• Tinglashni bilish gapirishni bilishdan afzal.
• Ertalab daraxt ekib, tushdan so‘ng soyasida o‘tirishni xohlaydi.
• O‘qisang bilasan — ilmning chegarasi yo‘q.
• O‘rganish — oqimga qarshi suzish, bir daqiqa to‘xtasang orqaga oqizib ketadi.
• Yaxshi asalari so‘lgan guldan bol termaydi.
• Yaxshi narsani o‘rganishga uch yil ketadi, yomonga bir soat kifoya.
• Yaxshilik darvozadan u yog‘iga chiqmaydi, yomonlik ming chaqirimga yetadi.
• Yaxshi odamlar uzoq yashamaydi, muattar gul uzoq hid taratmaydi.
• Yaxshi nonushta ham tushlik o‘rnini bosmaydi.
• Yaxshi er xotinini urmaydi, yaxshi it tovuqlarga vovullamaydi.
• Yaxshi mol arzon bo‘lmaydi, arzon mol yaxshi bo‘lmaydi.
• Non yemoqchimisan — dalada biroz terla.
• Odamni bilmoqchi bo‘lsang elchisiga nazar sol.
• Butun tuxumga pashsha yopishmaydi.
• Kechasi bilan turib qolgan choy ilon zahri kabidir.
• Kishi kambag‘allashsa — san’atini bozorga soladi, yo‘lbars ochiqsa — odamni yeydi.
• Erksiz odam — po‘latsiz pichoq.
• Ishsizning tirnog‘i uzun, qalbi shodning sochi uzun.
• Odam yaxshi bo‘lsa — aldaydilar, ot yaxshi bo‘lsa — minadilar.
• Harakatsiz inson yaxshi bo‘lolmaydi, qo‘ng‘iroqqa urmasang ovoz chiqmaydi.
• Odam yuz yil ham yashamaydi, hasrati esa ming yilga yetadi.
• Ot cho‘zilgan yuzidan xafa bo‘lmaydi.
• Agar odam yerni aldamasa, yer odamni aldamaydi.
• Yuz kasallik og‘iz orqali kiradi.
• Amaldor sovg‘a keltirgan kishini urmaydi.
• Amaldor pulni sevmasligi kerak, qo‘mondon o‘limdan qo‘rqmasligi lozim.
• Qo‘lingdan keladigan ish haqidagina gapir.
• Birovning go‘shtini tanangga yopishtirolmaysan.
• Yoqutga sayqal berilmasa — u mulk bo‘lmaydi, odam o‘qimasa — inson bo‘lmaydi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Xitoylar (o‘zlarini xantszu, xan deb ataydilar) — Xitoyning asosiy aholisi bo‘lgan xalq. Shuningdek, Tayland, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam, Birma, Filippin va Kambodjada yashaydi. Dunyoda son jihatdan eng ko‘p xalq hisoblanadi. Umumiy soni 1,325 mlrd. kishi (2003). Xitoy tilida so‘zlashadilar. Xitoylarning asosiy qismi mongoloid irqining Tinch okean tarmog‘iga, uning kichik guruhlari esa Sharqiy Osiyo va Janubiy Osiyo variantiga mansub. Yozuvi iyerogliflardan iborat. Dindorlari — asosan, budda diniga, daosizm, konfutsiylikka e’tiqod qiladi, musulmonlar, xristianlar ham bor.