Qoraqalpoq maqollari (87 ta)

• Tuyaga noz qil desang bir tanob yerni vayron qiladi.
• Qo‘y ko‘rmagan qo‘y ko‘rsa, quvib-quvib o‘ldirar.
• Tuyaday bo‘yi boru, tugmaday aqli yo‘qdan qo‘rq.
• “Arzonchilik bo‘lsa olaman”dan, “qimmatchilik bo‘lsa sotaman”dan insof ketadi.
• Begonaning aybi tez ko‘zga tashlanadi, o‘z aybingni qabrgacha sezmaysan.
• Yaxshi so‘z — yarim baxt.
• Ko‘p yashagandan emas, ko‘p ko‘rgandan o‘rgan.
• O‘ttiz ikki tish orasidan aytilgan so‘z o‘ttiz uch aymoqqa tarqaladi.
• Qarg‘a qancha g‘aqillamasan g‘oz bo‘lolmaydi, qari ayol qancha nozlanmasin qiz bo‘lolmaydi.
• Qo‘ylar birlashsa, bo‘ri ham qo‘rqadi.
• Achchiq haqiqat shirin yolg‘ondan afzal.
• Qiyshiq o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• Bersang — olasan, eksang — o‘rasan.
• Ozg‘in ho‘kizni boqsang og‘zing moyga to‘ladi, yomon insonni boqsang og‘zi-burning qon bo‘ladi.
• Yeb to‘ymasang, idishni yalab ham to‘ymaysan.
• Boqqa qarasang bog‘ bo‘ladi, qaramasang — tikanzor.
• Qo‘l bitta, barmoqlar har xil.
• Otaning xayoli bolada, bolaning xayoli ko‘chada.
• Qari qarg‘a toshni ham maydalaydi.
• Yaxshilikka yaxshilik — har kimning ishi, yomonlikka yaxshilik — qahramonlar ishi.
• Yaxshilik qilish hech qachon kech emas.
• Kemachilar kelishi bilan qayiqchilar qochib qoladi.
• Ko‘pdan quyon qochib qutulmas.
• Biri kuladi, biri o‘ladi.
• Adashmaydigan odam yo‘q, qoqilmaydigan — tuyoq.
• Agar istamasang tuyani ham sezmaysan.
• Sekin uchgan o‘rdak hammadan avval keladi.
• Mijg‘ov xotin bilan yashagandan bo‘ydoq yurgan afzal.
• Ko‘pga yugurgan ozdan ham mahrum qoladi.
• Olganga olti ham oz, berganga besh ham ko‘p.
• Yolg‘iz qarg‘aning qag‘illashi eshitilmaydi.
• O‘ynoqlagan buzoq o‘t bosadi.
• Qo‘lda o‘sgan otning toy nomi qolmaydi.
• Tuyaga yantoq kerak bo‘lsa bo‘ynini cho‘zadi.
• Eshakning yuki yengil bo‘lsa yotkisi keladi.
• Itlar alohida yursa-da bo‘ri kelsa birlashadi.
• Echkining ajali yetsa cho‘ponning tayog‘iga suykaladi.
• Qora qo‘yning junini sovunlab yuvsang ham oqarmaydi.
• Otning siri egasiga ma’lum.
• Yalqov — o‘z uyida o‘zi mehmon.
• Erta turgan yigitning rizqi mo‘l bo‘ladi.
• Arpa, bug‘doy — osh ekan, oltin, kumush — tosh ekan.
• El uzoqda bo‘lsa, to‘ng‘iz tepaga chiqar.
• Gul olish uchun tikanni ham sug‘orasan.
• Charchab mingan eshak otday bo‘ladi, och qolib yegan qattiq non — qandday.
• Ot ag‘anagan joyda tuki qoladi.
• Siylaganni sigir bilmas, siypaganni — eshak.
• Bir qumaloq bir qorin yog‘ni aynitadi.
• Yuzdan yugurik ot chiqadi, mingdan tulpor chiqadi.
• Otga taqa qoqqanini ko‘rib baqa ham oyog‘ini uzatarmish.
• Qo‘noq kelsa et pishar, et pishmasa bet pishar.
• Ot tuyog‘ini toy bosar.
• Bayram otliniki, to‘y to‘nliniki.
• Och odamga sigirning shoxi ham yumshoq, to‘q odamga qo‘yning go‘shti ham qattiq.
• Qo‘y o‘lsa qo‘zisi qolar, kelar yili o‘zi o‘lar.
• Ot bir tanga, obro‘si ming tanga.
• Ikki kemaning boshini ushlagan suvga g‘arq bo‘ladi.
• Kemaga chiqqanning joni bir, telpak kiyganning ori bir.
• Suvdagi baliqqa quvonma, u hali seniki emas.
• Har elning quyonini o‘z tozisi bilan ovla.
• Qush bolasi uchun to‘rga tushadi.
• G‘oz o‘chini turnadan, bit — burgadan oladi.
• Ov yigiti boshqa, dov yigiti boshqa.
• Ikki qush urushsa, ovchiga foyda.
• Uydagi hisobni bozordagi narh buzadi.
• Odam oltin topadi, oltin odamni topolmaydi.
• Yolg‘onchining to‘g‘ri so‘zi ham zoye ketadi.
• Dushman yoqadan olsa, it etakdan oladi.
• Qayg‘usiz suv ichib ham semiradi.
• O‘ylamay so‘zlagan og‘rimay o‘ladi.
• Moy aynisa suz soladi, tuz aynisa ne soladi?
• Uyqu o‘lim bilan teng.
• Oyog‘i katta siqqanini kiyadi, oyog‘i kichik — suyganini.
• Yomonning yoqasidan olma, og‘asiga bor.
• Yangasi maqtagan qizni olma, akasi maqtagan qizdan qolma.
• Suv ko‘rmay etikni yechma.
• Kimda kim yaxshilik qilsa — soqoli oqarsin, kimda kim yomonlik qilsa — suyagi qurisin.
• Bermasning oshi pishmaydi, qozoni o‘tdan tushmaydi.
• Adashganning aybi yo‘q.
• Agar o‘zing bilmasang, biladiganning so‘zini tingla.
• Yaxshi ko‘rarkan deb boraverma, berarkan deb olaverma.
• Uyat o‘limdan kuchli.
• Tog‘ va toshlarni shamol vayron qiladi, odamni — tuhmat.
• Tuyaga yuk azob beradi, odamga — vijdon.
• Yakkani bo‘ri yer.
• Oilada hamjihatlik bo‘lmasa, uni baxt tashlab ketar.
• Eshik ochiq bo‘lsa bo‘laversin, ruxsatsiz kirma.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Qoraqalpoqlar — O‘rta Osiyodagi xalq; O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashaydi (504301 kishi, 2000-yillar o‘rtalari). Shuningdek, Turkmaniston (50 ming), Qozog‘istonda (56 ming), Rossiyada (4,4 ming), Afg‘onistonda, Eronda bir necha ming qoraqalpoqlar yashaydi. Umumiy soni 620 ming kishi. Qoraqalpoq tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar.