• Tog‘u toshni sel yemiradi, insonni — hasad.
• Tirik sichqon o‘lik sherdan afzal.
• Sher o‘ljadan emas, g‘alabadan quvonadi.
• Yig‘i va kulgi yonma-yon.
• Birovning ayblari tez ko‘rinadi, o‘z aybingni o‘lim oldida ham anglolmaysan.
• Biri kuladi, biri o‘ladi.
• Boy ho‘kizi bilan, kambag‘al umidi bilan ovunadi.
• Dangasa suv ichib ham semiradi.
• Botir qo‘shinni boshqaradi, olim yo‘l ochadi.
• Agar yaxshi bosh topilsa, soch o‘saveradi.
• Suv boshidan tozalanadi.
• Kirishdan oldin chiqishni o‘yla.
• Och qarg‘a toshni ham cho‘qiydi.
• Asalni ham dori deb qabul qilsang — achchiq.
• Yaxshi ishni boshlash erta ham emas, kech ham.
• Tanlab-tanlab tanbaliga uchraysan.
• Tog‘ ko‘rindimi, demak u yaqin.
• Buyuk bo‘lmoqchimisan — jiddiy bo‘l.
• Salomatlik — birinchi boylik, yaxshi er-xotinlik — ikkinchi boylik.
• Oltin zanglamas, aql aynimas.
• Qo‘ldagi oltinning qadri yo‘q.
• Ba’zidan telbadan aqlli, donodan telbalar dunyoga keladi.
• Aqllining oldida, nodonning orqasida yur.
• Hamma o‘z dardini o‘zi biladi.
• Oilali ayol qancha nozlanmasin, qizdek bo‘lolmaydi.
• Suv itning og‘ziga yetganda u ham suzib yuboradi.
• Itlar birlashganda hatto sherga ham uvillaydilar.
• Olti ayol azaga borib o‘z dardini aytib yig‘lar.
• Otni taqalashsa, eshak ham oyog‘ini ko‘tararkan.
• Mushukka — ko‘ngilxushlik, sichqonga — o‘lim.
• Olganga olti ham oz, berganga besh ham ko‘p.
• Sher shiddat bilan hujum qiladi, ammo ohista changallaydi.
• Ko‘p bergandan ko‘ra, tez-tez oz-ozdan bergan afzal.
• Hech qaysi usta sinmaydigan asbob yasay olmaydi.
• Ko‘p bergan qo‘l ko‘p oladi.
• Qassobga go‘sht — echkiga jon qayg‘usi.
• Har bir “bugun”ning “erta”si ham bo‘ladi.
• Azaga och bor, to‘yga to‘yib bor.
• It bezor bo‘lsa uvillaydi, odam bezorlikda tirjayadi.
• Xatosiz til bo‘lmas.
• Har qaysi ot ham arg‘umoq emas, har qanday qush ham lochin emas.
• Gapni bilmagan bilagi bilan qo‘rqitadi.
• Otni charchaganida, yigitni qariganida ko‘r.
• Tovoqni ko‘rib oshini ye, onasini ko‘rib qizini ol.
• Suvning otasi — buloq, so‘zning otasi — quloq.
• Otga erishguncha eshakka minib tur.
• Ochlikda nonning ushog‘i ham oltindan qimmat.
• Qiyinchilik va kasalliklardan xalos bo‘lish mumkin, lekin fe’lni o‘nglab bo‘lmaydi.
• O‘tib ketganni qaytarib, o‘lgan odamni tiriltirib bo‘lmaydi.
• Tildan asal ham, zahar ham oqadi.
• Karga salom bersang, senga so‘kinadi.
• Kambag‘alligini yashirgan boyib qolmas, yolg‘izligini yashirgan oilali bo‘lib qolmaydi.
• Ko‘r ko‘rgani, kar eshitgani haqida so‘zlaydi.
• Yorqin nur ham so‘nadi, qaynoq suv ham soviydi.
• Xalq so‘zida yolg‘on bo‘lmaydi.
• It itligini qiladi.
• Ko‘rshapalakning kunduzi ko‘rmasligiga Quyosh aybdormi?
• Fikrning tubi yo‘q, so‘zning — chegarasi.
• Yaxshi xotin — yarim baxt.
• Bekor yotgandan bekorga ishla.
• Ona kiyganini singil ham kiyadi.
• Agar sen chin inson bo‘lsang, po‘latday mahkam bo‘l.
• Yo‘ldoshsiz er yo‘ldan adashar, rahbarsiz xalq yo‘ldan ozar.
• Ulug‘ bo‘lsang kamtar bo‘l.
• Bir muruvvatli kishi xalqning hamma tashvishlarini o‘z zimmasiga oladi, boshqa bir «olijanob» butun chorvani yeb qo‘yadi.
• Yaxshi odam qarilikda ham aqlu hushin yo‘qotmaydi.
• Bahodir qo‘shinga boshchilik qiladi, donishmand yo‘l ochib beradi.
• Kun botsa ham, oxir yana tong otar!
• Baxt asosi — birlikdir.
• Aqlli xalqqa intilsa, nodon — o‘z qarindosh-urug‘lariga intiladi.
• Xalq bilan bahslashma, botir bilan urushma.
• Tildan ham bol tomar, ham — zahar.
• Er yaxshi bo‘lsa, xunuk xotin ham go‘zal bo‘lur.
• Beodob yigit — jilovsiz ot.
• Birinchi boylik — sog‘liq, ikkinchi boylik — oq ro‘mol (ya’ni xotin).
• Chumolining iniga cho‘p tiqma.
• Sharmandalik — o‘limdan yomon.
• Bir axmoq o‘zini maqtar, boshqa bir axmoq o‘g‘lini maqtar, eng katta axmoq xotinini maqtar.
• Bemoriing ko‘nglini ko‘tarib qo‘yish — unga yarim sog‘liq baxsh etishdir.
• Yolg‘on so‘z — qalb dushmani.
• Fan — ta’lim bulog‘i, bilim — hayot chirog‘i.
• Nodon o‘z vatanida ham asir tushadi.
• Aql — eskirmas kiyim, bilim — tuganmas buloq.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Qirg‘izlar — xalq, Qirg‘izistonning asosiy aholisi (4 million kishi, 2012). O‘zbekiston (250 ming kishi), Tojikiston (60 ming kishi, 2010), Qozog‘iston (26,8 ming kishi, 2011) Rossiya Federatsiyasida (103 ming kishi, 2010), shuningdek, Xitoyda (187 ming kishi, 2010) yashaydi. Qirg‘iz tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar.