Maori maqollari (43 ta)

• Chin dildan izlagan albatta topadi.
• Erta turgan sut ichadi, kech turgan tupuk yutadi.
• Odam ketadi, yer qoladi.
• Kichik janjal — katta qasos.
• Umumiy dasturxon — tarbiyasiz uchun o‘lim.
• Sen qisqichbaqani xohlaganing bilan u lip etib paydo bo‘lib qolmaydi.
• Begonaning ovqati tomoqqa sig‘maydi.
• Yoshligingda katta ishlarni bitirib ol.
• O‘z uyingda doimo boshpana topiladi, o‘zganikida — har doim ham emas.
• Erta tursang — shoshilmay borasan, kech tursang — boshingni yorasan.
• Birovning yemagi ishtahani ochadi.
• Band tugunini ko‘rish mumkin, yurak tugunini ko‘rib bo‘lmaydi.
• Pona kichik bo‘lsa ham katta yog‘ochni yoradi.
• Quyoshga yuzingni bursang, soyang orqangda qoladi.
• Omad uzoq davom etmaydi.
• Kotukutuku yaprog‘i rangini o‘zgartirganda, uzun dumli kakku sayraganda qayerda eding (ya’ni, bahorgi ekish paytida yo‘q eding, hosil yetishdanda paydo bo‘lib qolding).
• Erkakni ayollar va yer halok qiladi (ya’ni, ayollar va yer sabab urushlar kelib chiqadi).
• Bir uy qulasa, ikkinchisiga bor. Burunning ham ikki teshigi bor.
• Sakkizoyoq kabi o‘lma, bolg‘a-akula kabi o‘l (sakkizoyoq ko‘pincha hujumga e’tibor bermaydi, bolg‘a-akula oxirigacha qarshilik qiladi).
• Ishga — no‘noq, ovqatga — chaqqon.
• Bir eshik yopilsa, ikkinchisi ochiladi.
• Qo‘li qadoq yigitga turmushga chiqsang, baxt topasan.
• Mehnatkash sog‘lom bo‘ladi, dangasa — doim kasal.
• Kumara (shirin kartoshka) “men shirinman” demaydi.
• Tilim — mening borligim, tilim — qalbim oynasi.
• Maqsadga erishish uchun yo‘l yagona emas.
• Dunyoda kim eng aziz? Inson, inson, inson.
• Atrofingdagilarning qo‘llab-quvvatlovisiz muvaffaqiyatga erishish oson kechmaydi.
• Daraxt ildizi bilan tirik.
• O‘zinggagina ishon.
• Beshikdan qabrgacha o‘rganishdan to‘xtama.
• Kim bo‘lishidan qat’i nazar, odamni seving.
• G‘alaba — birlikda, mag‘lubiyat — g‘azabda.
• Bilim savatingiz doim to‘lib tursin.
• Men — tuproqman, tuproq — men.
• Inson o‘z baxtini o‘zi belgilaydi.
• Qo‘llar birlashsa ish oson bitadi.
• Dunyo — sening o‘zing.
• Rahbarning taomi — bilim va muloqot.
• Tortinchoqlik sendan oldinga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yma.
• Buyuklik va sharaf — xudoga, tinchlik va yaxshiliklar — insoniyatga.
• Men — daryoman, daryo — men.
• Birni ko‘rib, birni eshitib, donolikka erishiladi.

Davronbek Tojialiyev tarjimaci.

Maorilar — Yangi Zelandiyaning tub aholisi. Umumiy soni taxminan 750 ming kishi (2013). Ular Yangi Zelandiya (598 ming kishi), Avstraliya (155 ming kishi), Buyuk Britaniyada (taxminan 8 ming kishi) yashaydilar. Maori tilida so‘zlashadi. Hozirgi maorilar xristian dinining turli oqimlariga (anglikanlar, presviterianlar, katoliklar, baptistlar va b.) e’tiqod qiladilar.