Koreys maqollari (108 ta)

• Yo‘lbarsi yo‘q vodiyda quyonlar ham — qirol.
• Xotin o‘zini urgan eri bilan yarashib ketaveradi, sulhga chaqirgan qaynonasini esa ko‘rolmaydi.
• Tirik kuchuk o‘lik vazirdan afzal.
• Burgut pashsha tutmaydi.
• Pul bilan hatto it ham “janob Vov-vov”ga aylanadi.
• Hatto eng bahaybat buqa ham hayvonlar qiroli bo‘lolmaydi.
• Kim meni maqtasa — u mening dushmanim.
• Yaqin qo‘shni uzoq qarindoshdan afzal.
• Akaga berishga hech vaqosi yo‘q, lekin o‘g‘riga narsa topiladi.
• Quyoshdan kuygan buqa oydan ham hayiqadi.
• Qizimiz chiroyli bo‘lganda kuyovni tanlab o‘tirardik.
• Eshik teshigiga qo‘lingni tiqma.
• Birovning bo‘tqasining doni ham yirik.
• Bahorda tustovuq o‘z shovqinidan ham cho‘chiydi.
• Suv tishni sindirmaydi.
• To‘kilgan suvni qaytarib yig‘ib bo‘lmaydi.
• O‘g‘ri oyni yomon ko‘radi.
• Yaxshi xislatlar — o‘zidan, yomon odatlar otasidan yuqqanmish.
• O‘n marta bolta urilgandan so‘ng istalgan daraxt ham egiladi.
• Otilgan o‘qni qaytarish mumkin, aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi.
• Usta ko‘p joyda devorlar qiyshiq bo‘ladi.
• Xo‘jayin ko‘p joyda mehmon och qoladi.
• Suvning qa’rini o‘rganish mumkin, ayol qalbining esa cheki yo‘q.
• Daraxt egilib-egilib, oxiri qulaydi.
• Uy tamalidan yemiriladi, inson boshidan ayniydi.
• Suvning usti shaffof bo‘lsa, osti ham toza bo‘ladi.
• Uyatchanlik odamni o‘ldiradi.
• Qochib ketgan quyonni tutaman deb, tutilganini qochirma.
• Sichqonning iniga ham ba’zida quyosh nuri tushadi.
• Sevgan taomingni ham hadeb yeyaversang me’dangga tegadi.
• Hatto bir varaq qog‘ozni ham ikki kishilashib ko‘tarsang oson bo‘ladi.
• Hatto baland tog‘lar ham changdan bino bo‘ladi.
• Yaxshi ko‘rmasligini gapirsang hatto ko‘zi ojiz ham xafa bo‘ladi.
• Ignani o‘g‘irlagan ho‘kizni ham o‘g‘irlaydi.
• Uchishni bilgan sudralishni bilmaydi.
• Yengil bolg‘a bilan mix qoqib bo‘lmaydi.
• Yozda bir kun yallo qilsang, qishda o‘n kun och qolasan.
• Oyning oyog‘i yo‘q — osmonda yuradi, shamolning qo‘li yo‘q — eshik ochadi.
• Eri bor ayolni yo‘lbars ham tishlamaydi.
• Otning boshida shox o‘smaydi.
• Bir otga ikki egar o‘rnatib bo‘lmaydi.
• O‘g‘rilar borligi uchun ham qonunlar yozilgan.
• O‘tdan kuygan kosovdan ham qo‘rqadi.
• Boshlash — ishning yarmi.
• O‘limdan emas, kasal bo‘lib qolishdan qo‘rq.
• Hadeb pul yig‘avermasdan bolangning savodi bilan shug‘ullan.
• Dengiz suvi sho‘rligini bilish uchun undan ichish shart emas.
• Yeyilmaydigan qo‘ziqorinlar dom birinchi bo‘lib yetiladi.
• Pichoq o‘z sopini kesmaydi.
• Maymun ham daraxtdan yiqiladi.
• Baland tog‘ning soyasi ham katta.
• Yangilikning yo‘qligi — xushxabar.
• Barmoqlar bir paytda yaralgani bilan biri uzun, biri kalta.
• Bevaning dardini beva tushunadi.
• Ovqat yoqmasa — itga tashlaysan, odam yoqmasa — chidaysan.
• Ko‘ylakning yangisi, do‘stning eskisi yaxshi.
• Och qolsang — dunyoni tushunasan.
• Kichik narsaning ortidan quvsang, kattani boy berasan.
• Uch yoshdagi odatlar sakson yoshgacha saqlanadi.
• Ho‘kizday ishla, lekin sichqonday ye.
• Qashshoq boy bo‘lsa, sadaqa bermaydi.
• Og‘zim — dushmanim.
• Baliqqa o‘z ko‘lmagi aziz.
• O‘z kirlaring ko‘zingga ko‘rinmaydi.
• O‘z chaqang birovning ming oltinidan afzal.
• Shirinni yut, achchiqni tupur.
• Poxol to‘r bilan baliq tutib bo‘lmaydi.
• Qo‘shnining xurragi doim baland eshitiladi.
• Xotin bilan janjallashish — pichoq bilan suv kesish.
• Baxt egiz yurmaydi, dard bir o‘zi kelmaydi.
• Vazirning buzog‘i qassobdan qo‘rqmaydi.
• Yomon xabar — dard, uning eshitmaslik — shifo.
• Rasmdagi nonni yeb bo‘lmaydi.
• Yaxshi so‘rasang yaxshi javob olasan.
• Yo‘lni bilsang ham birrov so‘rab ol.
• Shahar xabarlarini bilmoqchi bo‘lsang, qishloqqa kel.
• Hatto Kimgansan tog‘i ham to‘q qoringa yaxshi (Kimgansan — Konvondo o‘lkasidagi tog‘li maskan, chiroyli manzaralari bilan mashhur).
• Uch qizli bo‘lish eshikni ochib uxlash bilan barobar (ya’ni, topgani qizlariga ketadi).
• Ba’zida o‘z boltang ham oyog‘ingni chopadi.
• Seuldan Kimni qidirish (Kim — Koreyada eng keng tarqalgan familiya).
• Toshbaqadan qo‘rqqan qozon qopqog‘idan ham cho‘chiydi.
• Dengizni to‘ldirish mumkin, kishining nafsini to‘ydirib bo‘lmaydi.
• Chiqolmaydigan daraxtingga uzoq boqma.
• Paxtadan yaxshi gul yo‘q.
• Bir qo‘l bilan chapak chalib bo‘lmaydi.
• Mozorga borishibdiyu, mayyitni unutishibdi.
• Qiyshiq daraxtning soyasi ham qiyshiq.
• To‘lashdan oldin sana.
• Guruchni shoshilib yesang tomoqqa tiqiladi.
• Bo‘sh arava qattiqroq g‘ichirlaydi.
• Chig‘anoq zanglamaydi.
• Belda o‘tirgan bolani uch yil qidiradilar (koreyslar bolani belda olib yuradilar).
• Guruch eksang yig‘asan, so‘zni aytsang qaytarib bo‘lmaydi.
• Do‘st bilan Kannamga ham piyoda bor (Kannam — Janubiy Xitoy).
• Yetmish yovvoyi rezavor bitta xurmo mevasiga teng kelmaydi.
• Ho‘kizga ayt — hech kim bilmaydi, xotiningga ayt — hamma xabardor.
• Tilning oyog‘i yo‘q, lekin ming li yo‘l bosadi (li — uzunlik o‘lchovi, 0,5 km).
• Cho‘kayotgan odamni qutqarsang, cho‘kkan narsalarini so‘raydi.
• Omadsizning tubusiga ham suyak tusharmish (tubu — soyali tvorog).
• Yomon loviyaning ildizi o‘sadi xolos.
• Ajdaho uxlasa chumoli qaroqchilik qiladi.
• Odam o‘lsa nomi qoladi, yo‘lbars o‘lsa — terisi.
• Yurishni bilmaydi-yu, sakrayman deydi.
• Og‘zing qiyshiq bo‘lsa ham to‘g‘ri so‘zla.
• Gul chiroyli bo‘lsa arilar uchib keladi.
• Boshida kichik ketmon bilan yumshatmagan yerni keyin katta kurak bilan kovlaysan.
• Go‘shtning mazasini bilish uchun uni chaynash kerak.
• Chaqimchi vaqtdan avval o‘ladi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Koreyslar (o‘zlarini Choson saram — Choson mamlakati odamlari deb atashadi) — Koreyaning asosiy aholisi. KXDR da (25,3 mln. kishi, 2013), Janubiy Koreyada (50,6 mln. kishi, 2015), AQShda (2 mln. kishi), Rossiyada (176 ming kishi), Xitoyda (2,5 mln. kishi), Yaponiyada (892 ming kishi), Kanadada (215 ming kishi), Avstraliyada (173 ming kishi) O‘zbekistonda (173 ming kishi), Qozog‘istonda (105 ming kishi) yashaydilar. Umumiy soni 82,5 million kishi. Koreys tilida so‘zlashadi. Mongoloid irqiga mansub. Dindorlari budda, konfutsiylik va xristian (presviterianlar) diniga e’tiqod qiladi.