• Yolg‘on qanchalik tez uchmasin, haqiqat uni quvib o‘tadi.
• Ko‘r-ko‘rona ishonch xatarlidir.
• Xayolingga kelgan ilk fikrni tilingga chiqaraverma.
• Shoshilish maqtov keltirmaydi.
• Bo‘ysunishga moyil kishi qo‘mondon bo‘lolmaydi.
• Har narsadan doim norizo odam e’tibordan qoladi.
• Cho‘kayotgan kemaga darg‘a kerak emas.
• Daryoga tushdingmi, suzmasdan chiqma.
• Onasiga tarbiya bermaganni hayot tarbiyalaydi.
• Dangasaning taomi — kokos po‘chog‘i.
• Fillar janjali butaga ziyon.
• Loy qurimasdan g‘isht quy, bolani yoshligida o‘rgat.
• Sevgilingning uyi uzoq tuyulmaydi.
• Bilganing — o‘zingniki, gapirganing — birovniki.
• Bir qo‘l bilan arqonni bog‘lab bo‘lmaydi.
• Bir qinga ikki qilichni tiqib bo‘lmaydi.
• Sher burgani tutguncha, burga uning qonini so‘radi.
• Sevganingning yuzidagi husnbuzar bilinmaydi.
• Insonning nasabi emas, qilayotgan ishi muhim.
• Qulga tanlash imkoni berilmaydi.
• Oq it boshqa oq itni tishlamaydi.
• Uydagi ishlar umumiy maydonda muhokama qilinmaydi.
• Ahmoqona qiliq pushaymonga olib keladi.
• Tariqning qandayligi xirmonda bilinadi.
• Echkingning shoxini sindirishsa, sen ularning ho‘kizini bo‘g‘izlama.
• Buzoqni sigir oldida so‘yma.
• Yaxshi maslahat — boylik.
• Birov bilmagan narsani boshqa odam biladi.
• Yuraklar yo‘l kabi bir-biriga tutashmaydi.
• Bir daraxt qulasa, u ikkinchisiga hayot bag‘ishlaydi.
• Olingan hadyani tarozida tortmaydilar.
• Tez topilgan tez yo‘qotiladi.
• Kecha va undan oldingi kun — bugun emas.
• Daryo suvi chanqaganlarni kutmasdan oqaveradi.
• Davosi yo‘q dardning o‘zi yo‘q.
• Momaqaldiroq hali yomg‘ir degani emas.
• Yerga mehr bilan munosabatda bo‘ling. Uni ota-onangiz yaratgan emas.
• Fazilat boylikdan afzal.
• Do‘stingning tomidan kulsang mayli, yotog‘i ustidan kulma.
• Bo‘ladigan buqa buzoqligidan ma’lum.
• Do‘st — sening qalb qo‘shig‘ingni yoddan biladigan, kuylaganda sen xato qilsang, u to‘g‘rilab qo‘yadigan insondir.
• Kalamushga qo‘yilgan qopqonga aybli ham, aybdor ham tushishi mumkin.
• Bo‘sh xumning jarangi baland bo‘ladi.
• Oyog‘i qiyshiq antilopa ovlolmaydi.
• Yuzingni asrab qolish uchun burningni kesma.
• Eng yaxshi g‘avvos ham cho‘kishi mumkin.
• Har qush o‘z qanoti bilan uchadi.
• Har eshikning o‘z kaliti bor.
• Asalarini ta’qib qilsang, asalni topasan.
• Yaxshi mahsulot sotiladi, yomon mahsulot maqtaladi.
• O‘zingga yordam bersang, Xudo ham senga yordam beradi.
• Agar bola otasiga o‘xshamasa, u onasini eslatadi.
• O‘lim nimaligini bilmasang, mozorga boq.
• Tuganmas yo‘l yo‘q.
• Tinchlikka arzon yo‘l bilan erishib bo‘lmaydi.
• Ochlik o‘ldirmaydi, ochlik qo‘rqinchi o‘ldiradi.
• Katta baliq kichik baliqni yeb bitiradi.
• Bayram mangu davom etmaydi.
• Qushning qarg‘ishi burgutga xavf emas.
• Ko‘z — qo‘rqoq.
• Erkak uyning boshi bo‘lsa, xotin — yuragi.
• Buqadan ozor chekkan buzoqdan ham cho‘chiydi.
• Bahorga erta yetgan toza suv ichadi.
• Daryo hech qachon toqqa qarab oqmaydi.
• Sher go‘sht topa olmasa, o‘t yeydi.
• Birovning omadini tortib ololmaysan.
• Maymunga daraxtga chiqishni o‘rgatma.
• Daryoni ko‘rmasdan ko‘prik qurma.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Sharqiy Afrikada joylashgan Keniya davlati aholisining 66 foizini benue-kongo tillarida so‘zlashuvchi xalqlar tashkil etadi. Ularning yiriklari: kikuyyu, luxya, kamba, kisii, meru, suaxili va boshqalardir.