• Bir marta uylanish — vazifa, ikkinchi marta uylanish — ko‘ngilxushlik, uchinchisi azobdir.
• Va’dalar mamlakatida inson ochlikdan o‘ladi.
• Oldingda kulib turganlarning hammasi ham senga do‘st emas.
• Baqani oltin kursi ustiga qo‘ysang ham o‘z botqog‘iga sakraydi.
• Yotoqqa bosh qo‘yish bilan muammolar kiyimda qoladi.
• Qarz — hamma qo‘rqadigan yirtqich hayvon.
• Bir umr eshakka mingandan bir yil otga mingan yaxshidir.
• Sevgi urush kabidir — boshlanishi oson, tugashi qiyin.
• Haqiqiy do‘stlar yulduzlar kabidir — ularni har doim ham ko‘rmaysan, lekin borliklarini bilib turasan.
• Ba’zida yomon kitobning ham nomi chiroyli bo‘lishi mumkin.
• Maymun oltin uzuk taqqan bo‘lsa ham badbasharaligicha qolaveradi.
• Do‘zaxga olib boradigan yo‘l chiroyli ko‘rinadi.
• Ezgu ish oltindan qimmat.
• Odamlar baliqqa o‘xshaydi: kattasi kichigini yeb bitiradi.
• O‘lik qayerda bo‘lsa, o‘likxo‘r qushlar ham o‘sha yerda.
• Ikki it bir suyak ustida hech qachon kelisha olmaydi.
• Yovvoyi ayiq muomala qilsa, faqat o‘ziga o‘xshagani bilan muomala qiladi.
• Yaxshi qo‘shni uzoqdagi do‘stdan afzal.
• Ishni boshlashdan oldin o‘yla, bajarib bo‘lib — yana o‘yla.
• Agar ikki it suyak talashsa, uchinchisi uni ilib ketadi.
• Uyda mushuk yo‘q bo‘lsa, sichqonlar raqsga tushadi.
• Ko‘r ko‘rga yo‘l boshlasa ikkisi ham chohga qulaydi.
• Osmondagi o‘nta qushdan qo‘ldagi bittasi afzal.
• Sevgi pul qoplab qo‘yilgan uylarda bo‘ladi.
• Qalam qilichdan kuchli.
• Eski do‘st ikkita yangi do‘stdan afzal.
• Kuch — bilimda.
• Kiyimni ko‘rib kutib oladilar, aqlga qarab kuzatadilar.
• Eski sevgi zanglamaydi.
• Eng yaxshi himoya — hujum.
• Inson o‘qib-o‘qib o‘rganadi.
• Olmani nok bilan taqqoslama.
• Uligan it tishlamaydi.
• Olma daraxtining tagiga olma tushadi.
• Sohilda hamma darg‘a.
• Kimgadir o‘lim — kimgadir non.
• Tushunadigan odamga yarimta so‘z kifoya.
• Yarimta tuxum quruq po‘choqdan afzal.
• Shamolni tutib bo‘lmaydi, lekin shamol tegirmoni qurish mumkin.
• Baland daraxt shamolda qattiqroq silkinadi.
• Yaxshi nom pul turadi.
• Bulutlar orasidan quyosh balqiydi.
• Bolalar o‘zi xohlagan ishni qilsalar — baqirmaydilar.
• Loyda yotganni cho‘chqalar o‘ziniki hisoblaydi.
• Bolasiz o‘lgan — hayotda quvonch ko‘rmabdi.
• Qush inini sekinlik bilan bo‘lsa-da, qurib bitkazadi.
• Bo‘riga rahm — qo‘ylarga ziyon.
• Erkak bosh bo‘lsa, ayol — bo‘yin.
• Bittagina yomon hushtak butun kuyni buzadi.
• Nikohning birinchi kechasi ko‘pincha sevgining so‘nggi tuni bo‘ladi.
• Shamol va oqimga qarshi suzish qiyin.
• Shoshilish va behuda harakat kamdan-kam holatda xayr keltiradi.
• Adirning u yog‘idagi o‘t doim yashil.
• Pulsiz odam — o‘lik kabi.
• Puli bor odamga barcha eshiklar ochiq.
• Bevaqt qichqirgan xo‘rozning boshini kesadilar.
• Bilmaslik ayb emas, so‘ramaslik ayb.
• Olov tushgan yerini yondiradi.
• Tez yongan tez so‘nadi.
• Inson yetti yoshida qanday bo‘lsa, yetmishida ham shunday qoladi.
• Uy olma, qo‘shni ol.
• Uydagi hisob bozorga to‘g‘ri kelmaydi.
• Pulning yuzi issiq.
• Pul pulni chaqiradi.
• Puling ketdimi deb so‘ramaydilar, ishing bitdimi deb so‘raydilar.
• Har ko‘tarilishning bir tushishi bor.
• Yomon ulfatlar davrasidan yolg‘iz o‘tirgan afzal.
• Sakrashdan avval o‘lcha.
• Tunda barcha mushuklar bo‘zarib ko‘rinadi.
• Qachondir yuz bergan voqea albatta bir kun qayta ro‘y beradi.
• Birinchi kelganga birinchi xizmat ko‘rsatiladi.
• Meni sevsang, itimni ham sev.
• Devorning ham qulog‘i bor — har gapni o‘ylab gapir.
• Uydagi qattiq non o‘zga yurtdagi barra go‘shtdan afzal.
• Xalq ovozi — Haq ovozi.
• Birov bilan do‘st bo‘lishdan oldin u bilan tuz totib ko‘r.
• Voizlar aytadi: aytganimni qil, qilganimni qilma.
• Shoir bo‘lib tug‘ilish mumkin, lekin notiqlik uchun qattiq mehnat qilish kerak.
• Yaxshi nom — barcha xazinalarning eng afzali.
• Olovsiz tutun bo‘lmas.
• Tabib, avval o‘zingni tuzat!
• Sog‘lik boylikdan yuqori turadi.
• Xudoyim, do‘stlarimdan o‘zing saqla, dushmanlarimni o‘zim bilaman.
• Mardlikning yo‘qolgani — har narsaning yo‘qolgani.
• Yarqiragan har narsa oltin emas.
• Ko‘rlar orasida bir ko‘zli ham — qirol.
• Sovg‘a qilingan otning tishiga qarama.
• Yolg‘onning oyog‘i kalta.
• Tun kirmasdan kunni maqtama.
• Ikki oyog‘ingni bir teshikka tiqma.
• Otilmagan ayiqning terisini sotma.
• Yomg‘irdan so‘ng quyosh chiqadi.
• Hechnimadan hechnima bino bo‘ladi.
• Oltin kalit jannatdan boshqa barcha darvozalarni ochadi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Gollandlar (o‘zlarini xolanders deb atashadi) — Niderlandiyaning asosiy aholisi (13,1 mln. kishi, 2006) bo‘lgan xalq. Ular yana AQSh (5 mln.kishidan ortiq), JAR (5 mln. kishiga yaqin), Kanada (923 ming kishi), Braziliya (850 ming kishi), Germaniya (164 ming kishi) va boshqa joylarda yashaydi. Umumiy soni — 29 mln. kishiga yaqin (2006). Niderland tilida so‘zlashadi. Dindorlari asosan protestantlar (kalvinistlar, mennonitlar), katoliklar.