• Sigirning olasi tashida, odamniki ― ichida.
• Katta boylik insonni itga aylantiradi.
• Ot yo‘q joyda eshak ham ot.
• Katta boylik ― katta bosh og‘rig‘i.
• Boshsiz ilon yo‘ldan o‘tolmaydi.
• Daydi it suyak ham yeyishi mumkin, tayoq ham.
• Shirin bo‘lsang ― yalaydilar, achchiq bo‘lsang ― tupuradilar.
• Buqa o‘lsa ― go‘sht, arava sinsa ― o‘tin.
• O‘rmonga o‘tin olib bormaydilar.
• Asalga tuz qo‘shmaydilar.
• Odamning qandayligi yo‘lda bilinadi.
• Tirnoqsiz bo‘ri bo‘lmaydi.
• Yuqoriga chiqsang, uzoqqa yiqilasan.
• Ko‘z ― qo‘rqoq, qo‘l ― botir.
• Ahmoq o‘zini o‘zi oshkor qiladi.
• Mehmon mehmonni suymaydi, mezbon ― ikkalasini.
• Dengiz ham yomg‘irni yaxshi ko‘radi.
• Chumchuq oyog‘ingga qo‘nishiga indamasang, boshingga ham qo‘nadi.
• Ishchi ko‘p bo‘lsa, sansala-mansala boshlanadi.
• Onangga kaftingda tuxum pishirib bersang-da uning haqini ado qilolmaysan.
• Bo‘riga eshak ham ovqat.
• Jo‘shqin soy dengizga yetib borolmaydi.
• Nodon raqs tugagandan so‘ng raqsga tushadi.
• Ildizga qarab novda.
• Daromadga qarab duo qilinadi.
• Na’matak butasidan nok terolmaysan.
• Bolta ishlasa g‘o‘la dam oladi.
• Yuvosh qo‘yni uchta qo‘zi emadi.
• O‘layotgan molning suti ― asal.
• Haqiqiy yigitning tili botir bo‘lmaydi.
• Judayam jasur yigit yigirma beshdan oshmaydi.
• Xonga bulutda ham bazm, eshakka bazmda ham yuk.
• Ahil to‘da bo‘ridan qo‘rqmaydi.
• O‘zga uyda chiroq yoqsang ham sening uying yorishmaydi.
• Boshni yorsang dum tinchlanadi.
• Birovning xotini yaxshi tuyuladi, o‘zingning ― oting.
• Tomchidan ham ko‘l vujudga keladi.
• Sen qanday bo‘lsang do‘sting ham shunday.
• Qanday ko‘prik qursang shunaqasidan o‘tasan.
• Qamish shamolsiz shitirlamaydi.
• Tepaga chiqqan pastga ham tushadi.
• Boshlagan odam yakunlashi ham kerak.
• Kichigiga xursand bo‘lmagan kattasiga ham quvonmaydi.
• O‘ziga yomon bo‘lgan boshqalar uchun ham yomon.
• Birinchi qadamni qo‘ygan ikkinchisini ham bosadi.
• Echki qayerga borsa, bolasi ham o‘sha yerga boradi.
• Kurak kirgan joyga suv ham oqadi.
• Tovuqning tushiga don kirarmish.
• Yolg‘on cho‘ntakka yashiringan mayda pulga o‘xshaydi.
• Asalni orzu qilib og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Mohir qoyadan ham suvni siqib chiqaradi.
• Saxiy qo‘lga burgut ham qo‘nadi.
• Kemada turib kema og‘asi bilan tortishma.
• Ishning boshlanishi achchiq, tugashi ― shirin.
• Qo‘rquvsiz ish boshlash g‘alaba demakdir.
• Birovning otiga minma, kir ilashadi.
• Bitta raqs bilan to‘y bo‘lib qolmaydi.
• Yolg‘iz daraxtni shamol tez yiqitadi.
• Yo‘qolgan qilichdan o‘tmas pichoq afzal.
• Ichidagi miya ishlamasa katta boshdan ne foyda?
• Qanot bilan uchganlar dumsiz qaytdilar.
• Arpa ekib bug‘doy ololmaysan.
• Tilingni asrasang boshingni ham asraysan.
• Uyada ari ko‘p, lekin asalni bittasi beradi.
• Ko‘ylak chopondan ko‘ra badanga yaqin.
• Baliq boshidan sasiydi.
• Yo‘ldan ortga qaytsang, omadni yo‘qotasan.
• O‘z yurting sen uchun ― Bag‘dod.
• O‘nta zarba bilan tiklanganni bir zarbada yo‘q qilish mumkin.
• Qiyshiq o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• So‘zning qisqasi yaxshi, arqonning ― uzuni.
• Qobil yigit hamma qiyinchiliklarga chidaydi.
• Qurbaqa ilondek uzun bo‘lishga harakat qilgan edi, uzildi.
• Yolg‘onning bir oyog‘i o‘tli, ikkinchisi ― mumli.
• Ikki qayiqning uchini tutgan suvga g‘arq bo‘ladi.
• Yaxshi so‘z hanjarni ham qiniga qaytaradi.
• Boshingni asramoqchi bo‘lsang, tilingni avayla.
• Asli qora teri yuvilgandan so‘ng ham oqarmaydi.
• Zaharni zahar bilan davolaydilar.
• Til hanjar emas, jarohati tuzalmaydi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Darg‘inlar — Dog‘iston Respublikasida yashaydigan xalq. Umumiy soni 510 ming (2002) kishi, shundan Dog‘istonda 425 ming kishi. Darg‘in tilida gaplashadi. Hozir darg‘inlar o‘z tarkibiga kaytag va kubachi etnografik guruhlarini singdirib bormoqda. Darg‘inlar o‘zlarini dargan, kaytaglar — xaydak, kubachilar — urbuchan deb ataydilar. Darg‘inlar haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar 9-asr arab mualliflarining asarlarida uchraydi. Dindorlari islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.