Bengal maqollari (103 ta)

• Bir kun mast bo‘lib, o‘n kun boshingni ushlab qolma.
• Qalb xotirjamligi barcha boylikdan ustun.
• Suvda yashayapsanmi, timsoh bilan muomalangni o‘ngla.
• Tiling bilan Xudodan so‘rab, qo‘ling bilan ishla.
• Har kimga fe’liga ko‘ra taqdir ato etiladi.
• Kecha bemor edi, bugun — tabib.
• Orzu-istakning mo‘lligi — umidsizlikning ko‘pligi.
• Boyning uyida mushuk ham — obro‘li shaxs.
• G‘alaba kuni vayronkorliklar unutiladi, o‘lim oni dorilar eslanmaydi.
• Xayrli xabar yolg‘on bo‘lsa ham yaxshi.
• Ichi zahar — tashi asal.
• Sheri yo‘q o‘rmonda shoqol ham — roja.
• Olovga qo‘lingni suqsang, istaysanmi-yo‘qmi kuyasan.
• Yaxshi davrlarda begona ham o‘zingniki, cho‘loq eshak ham otday qadrlanadi.
• Oliyhimmat inson uchun butun dunyo qarindosh.
• Ur-sur paytida tulki ham sherga aylanadi.
• Suv pastga qarab oqadi.
• O‘g‘rini yo‘tal o‘ldiradi, braxmanni — taom.
• Qarg‘a qarg‘ani cho‘qimaydi, zuluk zulukni so‘rmaydi.
• Qarg‘a bilan kakkuning rangi bir bo‘lgani bilan xonishi har xil.
• Vaqt o‘taveradi, mish-mish qoladi.
• Bo‘ron turmasdan hamma o‘zini mohir eshkakchi deb hisoblaydi.
• Vaqtni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi.
• Qo‘yib yubordingmi, tutish kerak bo‘ladi.
• Baland daraxt bo‘ronda ko‘proq titraydi.
• Yaqin birodarlik bor joyda janjal ham bo‘lib turadi.
• Daromad bor joyning xarji ham katta bo‘ladi.
• Ko‘zga aytaman: “Qara”, quloqqa: “Eshit”, og‘izga: “Gapirma!”
• Ahmoq ovozini balandlatadi, aqlli bir kulib qo‘yadi.
• Ochlik nimani yeyish-emaslikni so‘rab o‘tirmaydi.
• Qalbdagi gunoh — o‘rmondagi qo‘rquv.
• Daraxtga uning mevalari og‘ir emas.
• O‘limga qonun yo‘q.
• Agar hamma birlashsa, dengizni ham quritish mumkin.
• Uchta oshpaz pishirgan osh tagiga oladi.
• Go‘ngqo‘ng‘izning orzusi — nilufargul asalidan totish.
• Ortiqcha qurbonlik uchun ham do‘zax o‘ti tayyorlab qo‘yilgan.
• Ilon baqadan qo‘rqadi, baqa — ilondan.
• Hatto qarg‘a ham o‘zini eng aqlli deb hisoblaydi.
• Hatto Oyning ham dog‘i bor, atirgulning — tikoni.
• Yo‘lbars ham, ho‘kiz ham bir ko‘ldan suv ichadi.
• To‘yganingdan so‘ng asal ham zahardek tuyuladi.
• Chivinni o‘ldirsang qo‘lingni kir qilasan xolos.
• Ot yo‘q, lekin qamchisi bor.
• Mushukni o‘rmonga qo‘yib yuborsang, u yo‘lbarsga aylanadi.
• Baquvvat daraxni bolta bilan qulatasan, chirigani o‘zi qulaydi.
• Ko‘p gapirgan alday boshlaydi.
• Kim oqil bo‘lsa, o‘sha kuchli.
• O‘rmon yonadi, daraxt ildizlari qoladi.
• Oy axlat o‘raga ham nur sochadi.
• Uzoqdagi oltindan yaqindagi tuz afzal.
• Shoqoldan sher chiqmaydi.
• Idish qancha kichik bo‘lsa shinni shuncha shirin bo‘ladi.
• Asalni xush ko‘raman, lekin asalari chaqishiga xushim yo‘q.
• Bitta g‘ildirak bilan manzilga yetolmaysan.
• So‘zda — sulton, ishda — faqir.
• Eshakni yuganlaganing bilan ot bo‘lolmaydi.
• Baxt boylikda emas, aqlda.
• Har chig‘anoqda ham marvarid bo‘lavermaydi.
• Ikki qayiqqa oyoq qo‘yma, suvga g‘arq bo‘lasan.
• Kitobni sotib olgan emas, uni o‘qigan olim bo‘ladi.
• Nosamimiy so‘z boshdagi chigal sochga o‘xshaydi: ularni ajratish — mushkul vazifa.
• Bir eshik berkitilsa, minglab boshqa eshiklarni ochiq holatda topasan.
• Bir martalik nutq — olimlik belgisi emas, bir sel — yomg‘irlar mavsumi emas.
• Kimdir birovning tajribasidan o‘rganadi, ba’zida o‘z xatolaring ko‘p narsani o‘rgatadi.
• Bir ko‘zi bilan yig‘lab, ikkinchisi bilan ko‘z qisadi.
• Daraxtni bir zarba bilan yiqitolmaysan.
• Faqat duo bilangina uyingga guruch to‘lib qolmaydi.
• Bo‘yindagi taqinchoq ham og‘irlik qilishi mumkin.
• Eshak suv ichgan joyini ham bulg‘aydi.
• Ehtiyotkordan halokat qochadi.
• Toshga o‘yilgan yozuvni o‘chirib bo‘lmaydi.
• Osmonga tupurma, yelkangga tushadi.
• Bexosdan boyib qolgan kambag‘al osmonda kunduzi ham yulduz ko‘rarkan.
• Urushdan so‘ng hamma qahramon bo‘lib qoladi.
• O‘tgan ishga yig‘lash befoyda.
• Yara tuzalgani bilan chandig‘i qoladi.
• Daryo qurisa ham o‘zani qoladi.
• O‘zi yurishni bilmaydi-yu yelkasiga qurol ilib yuradi.
• Eng yomon dushman — uydagisi.
• O‘z qo‘ltig‘ing sasimaydi, doim birovniki sasiydi.
• Ayolning kuchi ko‘z yoshida.
• Tinmay xudoga ibodat qilsang-u, ishlamasang guruchsiz qolasan.
• So‘z so‘zdan kuch oladi.
• Avval o‘zingni ehtiyot qil, so‘ng boshqalarga o‘rgat.
• Itning dumini moy bilan tekislasang ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.
• Bulbul qarg‘aning inida o‘ssa ham qag‘illamaydi.
• Begona o‘t tez o‘sadi.
• Avval uyni taxt qil, so‘ng beka haqida o‘yla.
• Qattiq vovullagan it hech kimni tishlamaydi.
• Yo‘lbars o‘rmonni qo‘riydi, o‘rmon — yo‘lbarsni.
• Uch kishi bilganini o‘ttiz kishi biladi.
• Katta daraxtning mevasi oz bo‘lgani bilan soyasi mo‘l bo‘ladi.
• Yolg‘izning yori Xudo.
• Karning dushmani bo‘lmaydi.
• Olov birovning uyini ilitsa, boshqaning uyini kul qiladi.
• O‘z yurtingda — oqsoqolsan, o‘zga yurtda — qari ko‘ppak.
• Mug‘ombirlik firibgarlikka yo‘l ochadi.
• Bola uyda yo‘q narsani so‘raydi.
• Sartarosh ham tabiblik qilsa, sochni kim oladi?
• Ko‘p yig‘lash dardni orttiradi.
• Ari gul isiga qarab uchadi.
• Dehqonning hazili — o‘roq bilan urish.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Bengallar — Bangladeshning asosiy aholisi (150,5 million kishi, 2008) bo‘lgan xalq. Shuningdek, Hindiston (70 million kishi, 2008), Nepal, Butan, Singapur va boshqa joylarda ham yashaydi. Umumiy soni 280 million kishi (2008). Bengal tilida so‘zlashadi. Dindorlari — Bangladeshda asosan islomga, Hindistonda esa asosan hinduizmga e’tiqod qiladi.