Belorus maqollari (151 ta)

• Vaqt tulpor emas: yetib olsang ham to‘xtatolmaysan.
• Odamlardan yashirinish mumkin, vijdondan berkinib bo‘lmaydi.
• Agar ovozi bo‘lganida qarg‘a ham qo‘shiq aytardi.
• Hatto sigirning ham tili uzun, lekin jim turibdi.
• Kim ko‘p uxlasa nonni tushida ko‘radi xolos.
• Bolaning barmog‘i og‘risa onaning yuragi og‘riydi.
• Ko‘z yoshi doim ham haqiqatni so‘zlamaydi.
• Kasalga asal ham zahar, sog‘lom kishi toshni ham hazm qiladi.
• Bosh g‘ovlaydi, cho‘ntak esa bo‘sh.
• Begona qo‘ldagi pirog katta ko‘rinadi
• Odamlar bor joyda boshliq ham bo‘ladi.
• Bo‘rini qo‘y po‘stini bilan qo‘rqitolmaysan.
• Terak gullaganda pari uchganidek yillar ham uchib o‘taveradi.
• Go‘dak nimjon bo‘lsa ham, ota-onasi uchun — polvon.
• Mastona bosh uchun har yer tekis, oyoq uchun — har joy chuqur.
• Yomonga yomonni o‘rgatish shart emas.
• Ichuvchining do‘sti ko‘p bo‘ladi.
• Ichishga — chaqqon, ishga kelganda — kasal.
• Qiltanoqsiz baliq bo‘lmaganidek, jahlsiz inson bo‘lmaydi.
• Oltin zarrasini topish mumkin, vaqt zarrasini topib bo‘lmaydi.
• Itni boqish vaqti podaga bo‘ri oralaganda emas.
• Haq gap ko‘p baqirganniki emas.
• Ishning keyini boshiga bog‘liq.
• Ishsizlikni keyinga sur, ishni keyinga surma.
• Yomon raqqosga etik ham halal beradi.
• Chumchuq haqida aytsang uni turna deb tarqatishadi.
• Ko‘r ko‘rni yetalay olmaydi.
• Boyqush lochin tug‘a olmaydi.
• O‘jar echki bo‘rining tuzog‘iga tushadi.
• Yoshlikdan o‘qib o‘rgan — qarilikda ochlik nimaligini bilmaysan.
• Mug‘ombirlik bilan ko‘p yashay olmaysan.
• Makkor va’da beradi, ahmoq ishonaveradi.
• Ruchka qora bo‘lgani bilan ishi — oq.
• Begonaning kulbasidan pirog hidi keladi.
• Til yaxshi kunda ham yomon kunda ham zarar yetkazishi mumkin.
• Hammom hammani pok qilsa-da, o‘zi nopokdir.
• Musibat o‘rmonda emas, odamlar orasida yuradi.
• Musibat aziyat keltirsa ham, ko‘p narsalarni o‘rgatadi.
• Mehnatsiz baxt bo‘lmaydi.
• Sharaf puldan qimmat.
• O‘tgan ishni qaytarib bo‘lmaydi.
• Mast ham, ahmoq ham — bir go‘r.
• O‘zganing kasali og‘rimaydi.
• Yaxshi otni bozorga solmaydilar.
• Yaxshini yaxshilik bilan xotirlaydilar.
• Yaxshi boshlanish — yarim ish.
• Yomon odamdan yaxshi it afzal.
• Mehmonga borish yaxshi, lekin o‘z uyingdan qo‘ymasin.
• Boy sanaydi, kambag‘al ishlaydi.
• Kambag‘alning taomidan boy yoqa ushlaydi.
• Xudodan so‘rab, o‘zing uxlab yotma.
• Ho‘kizning oldidan, otning orqasidan, ahmoqning har ikkala tarafida yurishdan qo‘rq.
• Bemor raqs haqida o‘ylamaydi.
• Bemor oltin ustida yotsa ham baxtiyor emas.
• Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak.
• Bevaning boltasi chopmas, biyasi yurmas.
• Bir umr yasha — bir umr o‘rgan.
• Sigir qora bo‘lsa ham suti oppoq.
• Qushni uchganda ko‘r.
• Yosh — eng yaxshi muallim.
• Bo‘ridan cho‘pon chiqmaydi, echkidan — dehqon.
• Bo‘rini qancha boqsang ham o‘rmonga oshiqadi.
• Bo‘riga don sepmaydilar.
• O‘g‘ri o‘g‘rini uzoqdan taniydi.
• Tuproq qoplagan har narsa unutiladi.
• Har chevarning o‘z bichimi bor.
• Daromad ko‘p joyda buromad ham ko‘p bo‘ladi.
• Dangasa dalaga tushsa, hosildan darak yo‘q.
• Onang tuqqan joy — sening vataning.
• Ish buyuruvchilar ko‘p joyda ishning o‘zi kam bo‘ladi.
• Ko‘z uzoqni ko‘radi, bosh yanayam — uzoqni.
• Ko‘z — chiroq, qo‘l — non.
• Ahmoqqa qonun o‘tmaydi, uning o‘z qonunlari bor.
• Yugurik til aqlli boshni yoradi.
• Ta’zimga egilgan bosh og‘rimaydi.
• Tog‘ tog‘ bilan uchrashmasligi mumkin, odam odam bilan albatta ko‘rishadi.
• Mehmon mehmonni ko‘rolmaydi, mezbon — ikkisini.
• Ifloslik — kasallik, ifloslik — qabr, tozalik — salomatlik, kuch-quvvat.
• Ikki asr yasholmaysan.
• Ikkita xudoga sig‘inma.
• Pul toshni yemiradi.
• Pul suv kabi: bo‘lmasa ham musibat, ko‘p bo‘lsa ham musibat.
• Tilingni tishing orasida asra.
• Bola boqish tovuq sanash emas.
• Sog‘lom odam uchun mehnat eng yaxshi tabib.
• Chavandozga ot xazina: ham birodar, ham o‘rtoq.
• Sichqon uchun mushuk ham katta yirtqich.
• Bir kun erta eksang bir hafta oldin hosil yig‘asan.
• Yaxshi itni zanjirlamaydilar.
• Yaxshi so‘z qorin to‘yg‘azmaydi.
• Do‘stlik o‘z yo‘liga, xizmat o‘z yo‘liga.
• Do‘stlik oyna kabi: sindirsang yamab bo‘lmaydi.
• Do‘stlik tosh devordan kuchli.
• Ahmoq cherkovda ham kaltak yeydi.
• Ahmoqqa quloq solsang sen ham ahmoqqa aylanasan.
• Yirtiq qopni to‘ldirolmaysan.
• Taomni ertaga qo‘ysang ham, ishni hoziroq bajar.
• Erkak yig‘layaptimi, demak musibat katta.
• Agar cholg‘uvchi bo‘lmasang, skripkani ushlama.
• Agar yaxshi aql bo‘lsa, boshning ham keragi yo‘q.
• Ayol oilaning uch ustuni, er — to‘rtinchisi.
• Yashash — xalqqa xizmat qilish.
• Ikki quyonning ortidan quvlasang, birontasini ham tutolmaysan.
• Pulga sevgini sotib ololmaysan.
• Sog‘likni boylikka sotib olib bo‘lmaydi.
• Sog‘likni oson yo‘qotasan, qiyin topasan.
• Yerga qancha ko‘p egilsang, nonga shuncha yaqin bo‘lasan.
• Yer — bizning onamiz: ham yediradi, ham kiydiradi.
• Qish yoz uchun ishlaydi, yoz — qish uchun.
• Qishda bulbulni sayratolmaysan.
• Ilm oltindan qimmat.
• Hatto chumchuqning ham yuragi bor.
• Mayli o‘yna, lekin ishni tashlab qo‘yma.
• Oyoq-qo‘li yo‘q nogiron emas, aqli yo‘q — nogiron.
• O‘limni izlash kerak emas, o‘zi keladi.
• Hammaga o‘z kulbasi aziz.
• Qimor va aroq aqldan ayiradi.
• Kartoshka — nonga madad.
• Qiyshiq daraxtni to‘g‘rilay olmaysan.
• Qon suv emas, yurak tosh emas.
• Kim boy bo‘lsa, o‘sha aqlli.
• Ko‘p bilgan ko‘p so‘raydi.
• Kim aroqni sevsa, o‘zini halok qiladi.
• Pulsiz odam xotirjam yashaydi.
• Kattani ko‘rmagan kichikdan ham hayratlanadi.
• Tavakkal qilmagan ko‘p sarflaydi.
• Tug‘ilmagan o‘lmaydi.
• Yangini ko‘rmagan eskisiga ham xursand.
• Bir marta o‘g‘irlagan ikkinchi marta ham o‘maradi.
• Erta turganga Xudo beradi.
• Kakku — qush emas, kelin — qiz emas.
• Olsang-olmasang — savdolash.
• Maqtov hayvonga ham yoqadi.
• Dangasa o‘tirib ham charchaydi.
• Dangasa bitga o‘xshaydi: birovning belida yashaydi.
• Yoz yig‘adi, qish sotadi.
• Oy yoritadi, lekin isitmaydi.
• Shirin yolg‘ondan achchiq haqiqat afzal.
• Yo‘qdan ko‘ra oz yaxshi.
• Yomon odam bo‘lgandan tug‘ilmagan afzal.
• Birovning uchta ko‘zidan o‘zingning bir ko‘zing afzal.
• Tutqunlikdagi hayotdan, dalada o‘lgan afzal.
• Odam odamsiz yashay olmaydi.
• Asalari kichik bo‘lsa ham tinmay ishlaydi.
• Kichik bolalar uxlashga qo‘ymaydi, kattalari — yashashga.
• Kam gapir — ko‘p o‘rganasan.
• Onaga olib boruvchi yo‘l ham aziz.
• Sharaf ko‘chada yotmaydi.
• So‘z — shamol, yozuv — tosh.
• Ko‘p eshit, kam gapir.
• Sababsiz o‘lim bo‘lmaydi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Beloruslar — Belorussiyaning asosiy aholisi (7,9 million kishidan ortiq, 2009) bo‘lgan xalq. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi (521 ming kishi, 2010), Ukraina (275 ming kishi, 2001), Latviya (68 ming kishi, 2011), Qozog‘iston (62 ming kishi, 2012), Polsha (47 ming kishi, 2011), Litva (35,9 ming kishi, 2010), O‘zbekiston (20,4 ming kishi, 2000), Estoniya (12,4 ming kishi, 2011), AQSh, Isroilda ham yashaydi. Umumiy soni 10 millionga yaqin (2009). Belorus tilida so‘zlashadi. Dinga e’tiqod qiluvchilari — asosan pravoslavlar, qisman katoliklari ham bor.