• Yog‘och har qancha suvda tursa ham u hech qachon timsohga aylanib qolmaydi.
• Dunyo qancha o‘zgarsa ham sher tuxum qo‘ymaydi.
• Jangda qo‘rqoqlik qilish zarar emas, eng katta xavf — “Hammasi tugadi” deb ishonishdir.
• “Yo‘q” — yoqimsiz, lekin xushomad va yolg‘ondan ko‘ra yaxshi.
• Sof ko‘ngil “bugunoq” deydi, mug‘ombirning “erta”si ko‘p.
• Haqiqatga qiyinchilik bilangina erishiladi.
• Yaxshilik urug‘ini ekaver, mevasini sen yemasang bolalaring yeydi.
• Yashirin hasaddan ochiq dushmanlik afzal.
• Yomon akadan yaxshi o‘rtoq afzal.
• Osmondan tosh yog‘sa, hamma o‘z boshini berkitadi.
• Hamma haqiqatni ham aytaverma — yoqtirishmaydi.
• Jinni aldamaydi — u haqni buzib ko‘rsatishni bilmaydi.
• Dunyodagi hech qaysi zot o‘z onangdek bo‘lolmaydi.
• Agar otang ilonga aylanib qolsa ham uni qo‘lingda asrab avayla.
• Agar bir ayolni baxtli deyishsa, bilki, uning eri — jasoratli.
• Arini uyaga qamab qo‘ysang qaydan asal bersin?
• Agar sulton bilan teng bo‘lmasang, uning joyiga o‘tirma.
• Har hukmdorning o‘z zamoni bor.
• Isnoddan ko‘ra o‘lim afzal.
• Ko‘pni va’da qilgandan ozni bergan afzal.
• Birovga yordam bersang, senga ham yordam berishadi.
• Senga bir parcha yer hadya qilishsa, uni hadya berganning hisobidan kengaytirishga urinma.
• O‘zingga yoqmaydigan ishni birov uchun ham qilma.
• Itning boshi akillashdan g‘ovlamaydi.
• Kuchli oyoq yurishdan sinmaydi.
• Suvarak xo‘rozga ta’zim qilmaydi.
• Topish oson, saqlab qolish qiyin.
• Qariganingda yoshlikda yorgan o‘tining bilan isinasan.
• Oyog‘ing ostida yarqiragan baliqni tutaman deb qo‘lingdagini tashlab yuborma.
• Uyni bir kunda qurib bo‘lmaydi.
• Inson o‘ladi, yaxshi nomi qoladi.
• To‘kilgan suvni yig‘ib bo‘lmaydi.
• Olov kerak bo‘lsa, tutuniga ham chida.
• Agar Yerda yashash yomon emasligini anglagan bo‘lsang, demak o‘zingni topibsan.
• Dunyoda aqldan ustun hech narsa yo‘q.
• Mollar to‘dasini boshqarish uchun bitta tayoq yetadi, odamlarni boshqarish uchun har biriga bir tayoq zarur.
• Insonning dumi bo‘lmasa, uni qayeridan tutish mumkin? — Og‘zidan chiqqan so‘zdan.
• Sher inidagi echkidan ehtiyot bo‘l.
• Agar quyon sening dushmaning bo‘lsa, uning tez yugurishini ko‘zdan qochirma.
• Quyon va fil birgalikda maroqli sayohat qilolmaydi.
• Ko‘rning ishini xudo o‘nglaydi.
• Poklik — yon qo‘shnimiz, chunki biz kirlik bilan yasholmaymiz.
• Oshxona masjiddan ko‘ra qadimiyroq.
• Bir barmoq bilan og‘ir toshni ko‘tarib bo‘lmaydi.
• Uzun soqol va tasbeh bilangina avliyo bo‘lib qolmaysan.
• Ilonning boshini olib tashlaganingdan so‘ng qo‘lingda qolgani arqon xolos.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Bambaralar (o‘zlarini bamana deb ataydilar) — Mandingo guruhiga kiruvchi Afrikadagi xalq. Mali Respublikasining asosiy aholisi. Umumiy soni — 4,64 million kishi (Malida — 3,9 million, Kot-d’Ivuarda — 230 ming, Gvineyada — 30 ming). Bambara tilida so‘zlashadilar. Dini — sunniy-musulmonlar. Mahalliy dinlarga e’tiqod qiluvchilari ham bor.