• O‘likni ko‘z yosh bilan tiriltirolmaysan.
• Ko‘pam shirin bo‘laverma, yeb qo‘yishadi.
• Yeyishga kelganda soppa-sog‘, ishlashga kelganda ― kasal.
• Uyingdagi zog‘ora noning birovning moyli oshidan afzal.
• Tirik shoqol o‘lik sherdan afzal.
• Odam toshdan qattiq, guldan nozik.
• Eshakni qancha urganing bilan undan ot chiqmaydi.
• Katta it hurisa, kichigi indamay turadi.
• Bir etikka ikki oyoq sig‘maydi.
• Bitta qo‘lda ikki tarvuzni ko‘tarolmaysan.
• Tuyadan: “Nega bo‘yning qiyshiq?” ― deb so‘rashdi. U javob berdi: “Mening qayerim to‘g‘ri?”.
• Arqon ingichka joyidan uziladi.
• Pastga tupursang soqolingga tegadi, tepaga tupursang ― mo‘ylovingga.
• Podadan qolgan qo‘yni bo‘ri yeydi.
• Sochning boshqa og‘irligi tushmaydi.
• Birovning hamma narsasi yoqadi, o‘zingning aqling yoqadi.
• Har ishning o‘z vaqt-soati bor.
• Hammaga o‘z vatani Kashmirdek go‘zal.
• O‘zimga yaxshi joy tanlab, kulga o‘tirdim.
• Ochning tushiga non kiradi.
• Ochga yo‘lbarsning terisi ham nondan bo‘lganga o‘xshaydi.
• Mehmonga nimani berishsa, o‘shani yeydi.
• Hadya qilingan otning tishini sanamaydilar.
• Ikki kishi orasida uchinchisi bo‘lmasa bir-birini o‘ldirib qo‘yadi.
• Mullaning aytganini qil, qilganini qilma.
• Bola yig‘lamasa, onasi emizmaydi.
• Chumoli uchun bir qoshiq suv ham ― ummon.
• Yong‘inga begonaniki ham, o‘zingniki ham barobar.
• Chaqirilgan yuzta mehmonga joy topiladi, chaqirilmagan bittasiga topilmaydi.
• Qarz ― baxtsizlik eshigi.
• Sigir ortidan buzoq yuradi.
• Birini qidirib, ikkinchisini yo‘qotasan.
• O‘q borib ko‘kragingga kirganidagina xavfni sezdingmi?
• Menda o‘q yo‘g‘-u kamon nimaga kerak?
• Ilon ovchisi ilon zahridan o‘ladi.
• Six ham kuymadi, kabob ham.
• Ko‘zdan uzoq ― qalbdan uzoq.
• Yaxshi so‘z ham bir marta aytilsa yaxshi.
• Qora tovuq ham oq tuxum tug‘adi.
• Yaxshi go‘shtdan ― yaxshi sho‘rva.
• Boylik qanchalik ko‘p bo‘lmasin, uning oxiri bor.
• Ona qanday bo‘lsa, qizi ham shunday.
• Tosh doim kambag‘alning boshiga tushadi.
• Otni taqalashsa baqa ham kaftini uzatarkan.
• Suv boshdan tepada bo‘lsa, bir qarichmi, undan ortiqmi farqi yo‘q.
• Chumolining o‘limi yaqinlashsa, qanoti o‘sadi.
• Shamol bo‘lmasa, daraxt silkinmaydi.
• Echkiga uning shoxi og‘irlik qilmaydi.
• Kimgadir sut yoqadi, kimgadir ― sho‘rva.
• Sigir qora bo‘lsa ham suti oq bo‘ladi.
• Kim birovga chox qazisa, unga o‘zi tushadi.
• Sutdan kuygan qatiqni ham puflab ichadi.
• Sher boshqa sherga tishlarini qarzga bermaydi.
• Daraxt yaproqlari shamolsiz shitirlamaydi.
• Afti ― odam, qalbi ― shayton.
• Har qanday idish kuni kelib sinadi.
• Odamlar har xil: kimdir ― javohir, kimdir ― oddiy tosh.
• Yetimga doim tosh tegadi.
• Bir egarga ikki kishi o‘tirolmaydi.
• O‘z ko‘chasida daydi it ham ― yo‘lbars.
• O‘z ko‘chasida it ham sherdek olishadi.
• O‘z yurtingning qadrini o‘zga yurtda bilasan.
• Ko‘pam achchiq bo‘laverma, tashlab yuborishadi.
• Uchinchi odam bo‘lmaganida ikkalasi yarashib ketishardi.
• Birovga yomonlik qilmasang, senga ham yomonlik qilishmaydi.
• Ko‘rning oldida raqsga tushma, karning oldida qo‘shiq aytma.
• Keyin yig‘lab qolmaslik uchun shoshilma.
• Kirni ushlasang bulg‘anasan.
• O‘rdakni sho‘ng‘ishga o‘rgatma.
• Ish qilmasang, xordiq ham yo‘q.
• Yolg‘onchi rost gapirsa ham unga ishonmaydilar.
• O‘t bilan suv chiqishmaydi.
• Bir qultum suvga to‘ymaysan.
• Ular sichqon-mushukday ahil.
• Eshak Makkaga borib kelsa ham eshakligicha qoladi.
• Bo‘ridan faqat bo‘ri tug‘iladi.
• “Shakar” deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Daryodan it ichgani bilan u kirlanib qolmaydi.
• O‘limidan keyin odamning qadriga yetadilar.
• Oqqan suv orqaga qaytmaydi.
• Bir tosh bilan yuzlab qushni o‘ldirish mumkin.
• Xudoyim mushukkka qanot bermasin-da ― yo‘qsa u hamma qushlarni qirib tashlaydi.
• Xudoyim eshakka shox bermasin-da ― yo‘qsa u hamma ho‘kizlarni suzib tashlaydi.
• Hanjar yarasi bitadi, so‘zniki bitmaydi.
• Qo‘l qo‘lni taniydi.
• Pul kichik, lekin katta ishlarni qilishga qodir.
• Kuch aqlni ham yengishi mumkin.
• Eshakning o‘limi ― itlarga bazm.
• It hurar, karvon o‘tar.
• Hakkalar urushsa, kaptarning pati uchadi.
• Chanqagan odamning tushiga suv kiradi.
• Suv boshidan tiniq.
• Qo‘lda beshta barmoq, hammasi har xil.
• Qora qo‘yning bolasi oq tug‘ilsa-da, bitta bo‘lsa-da qora dog‘i bo‘ladi.
• Bir zarba bilan suvni bo‘lolmaysan, suv bilan olovni qo‘sholmaysan.
• Ilon chaqqan ola arqondan ham qo‘rqadi.
• Aqlliga aytsang bas, nodonga ko‘rsatib ber.
• Aqlli bitta so‘zga tushunadi, nodonga tayoq kerak.
• Cho‘kayotgan odam ko‘pikka ham yopishadi.
• Xo‘roz qichqirgani bilan tong otib qolmaydi.
• Paxta o‘t bilan do‘st bo‘lolmaydi.
• Bo‘lgan ish o‘tib ketdi.
• Buqa atirgulning hidini tushunarmidi?
• Birovning bolasiga achinmaydilar.
• Birovning olovi isitmaydi.
• Birovning eshagi kuchliga o‘xshaydi.
• Ba’zida ko‘r ham hassasini yo‘qotib qo‘yadi.
• Muloyimlik qo‘pollik paytida bilinadi.
• Suv kanalning bo‘sh joyini o‘piradi.
• Hammaga o‘z kashtasi chiroylidek ko‘rinadi.
• Eskigan ipak eshakning egariga ham yaramaydi.
• Birovning qilichi dastasidan o‘zingning o‘rog‘ing afzal.
• Kichkina nayza ham odamni o‘ldirishi mumkin.
• O‘t va momiq paxta chiqishmaydi.
• Bitta sigir bulg‘ansa, hamma yoqni bulg‘aydi.
• Yomg‘irdan qochib, tarnovga tutildi.
• Tig‘ yarasi tuzaladi, tuhmat yarasi tuzalmaydi.
• Gilamga qarab oyoq uzat.
• Ko‘tarilishdan so‘ng doim tushish bor.
• G‘alvir ko‘zaga qarab “teshik” degan ekan.
• Mishqi bo‘lsa-da o‘z opang yaxshi.
• Tashqarisi ― shirin, ichi ― ari uyasi.
• Donoga aql o‘rgatma.
• Birovning boshmog‘i senga loyiq kelmaydi.
• Fitnaning oldini olmoqchi bo‘lsang, fitna eshituvchi quloqni kesib tashla.
• Dono olg‘a boraturib, orqaga qarab qo‘yadi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Afg‘onlar (o‘zlarini pushtun, patan deb ataydilar) — Afg‘onistonning asosiy aholisi (11,975 mln. kishi, 2004). 19 mln.dan ortiq kishi (asosan ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchilar) Pokistonning shimoli-g‘arbida yashaydi. Qabila birlashmalari saqlangan (afridiylar, vazirlar, gilzoyilar, durroniylar va b.). Pushtu tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan musulmon-sunniylar.