Shayx Zunnun dedi:
– Biyobonda yolg‘iz Allohga tavakkul qilib ketayotgandim, yo‘lda bir joyda jon bergan qirqta muraqqa’ kiygan erlarni ko‘rib qoldim. Bu holni ko‘rib hayajondan es-hushimni yo‘qotdim, butun vujudim olovda yonayotganday o‘rtanardim. Oxir dedim: «Ey Alloh, bu qanday ish, ishq yo‘lida jonbozlik qilgan azizlarni buncha yakson etasan?
Sado keldikim:
– Bu ishdan ogohmiz. O‘zimiz o‘ldiramiz va O‘zimiz tovoni — qon pulini to‘laymiz.
Dedimki:
– Axir bunday zorlikda qurbon bo‘lishlar qachongacha?
Dedi:
– Diyatim — tovonim bor ekan, ish shunday davom etaveradi. Xazinada tovon haqi qolguncha o‘ldiraman, toki ta’ziyatlari qolsin. O‘ldiraman va keyin qoniga belab, olam atrofini aylantirib chiqaman. Butun vujudi, qo‘l-oyoq-jamiki a’zolari yo‘qolgach, keyin quyoshday yuzumni ko‘rsatib, o‘z jamolimdan libos kiydiraman. Oshiqning to‘kilgan qonini yuzining qizilligi — hushbaxtligiga nishona qilaman va bu yuzni o‘zi istagan ko‘y (ko‘cha)ga yuzlantiraman.
O‘z ko‘yimda soyamga aylantiraman, keyin yuzimning quyoshidan unga nur sochaman. Mening yuzimning oftobi chiqqach, ko‘y-ko‘chadagi soya qoladimi? Soya Oftob shu’lasida nobud bo‘lgandan keyin, barchasi maqsadiga yetib baxtiyor bo‘ladi, vallohu a’lam bis-savob».
Kimki Haqda mahv bo‘lsa, o‘zligidan ham, o‘zidan ham qutuladi. Chunki xudparast bo‘laturib, Haqqa yaqin bo‘lish mumkin emas. Mahv bo‘l, ammo bu haqqa ko‘p gapirma, jonni hech bir g‘arazsiz sarfla, boshqa narsa qidirma. Oshiqqa ayt: o‘zidan kechib, yo‘qbo‘lsin — men bundan boshqa ulug‘ davlatni bilmayman.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.