Bir odam katta shaharga keldi. Bozordagi atir upalar sotadigan attorlik do‘konlari tomonga burildi. Do‘konlardan gul, binafsha, atirhidlari ufurib turardi. Bir ikki qadam yurgach, bu xushbo‘y hidlardan uning boshi aylandi. Oxiri hushidan ketdi.
Olomon uning ustida to‘plandi. Biri yuragini, biri bilagini uqalar, kimdir yuziga gul suvi separdi. Qancha harakat qilishmasin, bemor hushiga kelmadi. Atirlar, gul suvlarini boshidan quyishar, ammo odam hech o‘ziga kelmasdi. Chorasiz qoldilar. Atrofdagilarga jar solib, qarindoshlarini qidira boshladilar. Ammo hech kim ega chiqmadi, ancha vaqt o‘tsa ham u o‘ziga kelmasdi. Oqshomga yaqin bu yerdan o‘tib ketayotgan bir teri oshlovchi hushidan ketgan odamni tanidi. Olomonga qarab shunday dedi: ’To‘xtang, unga gul suvini sepmang. Men uning nega xasta ekanini bilaman. Siz unga tegmay turing, men hozir kelaman” deya uzoqlashdi. Bir vayronaga kirib bir hovuch it tezagini olib qaytib keldi va tezlik bilan tezakni hushidan ketgan odamning burniga tutdi. Hayrat haligi kishi o‘ziga kela boshladi. Birozdan so‘ng oyoqqa ham turdi. Teri oshlovchi bilan birgalashib ketishdi. Hushidan ketgan odam ham teri oshlovchi edi. Yillar mobaynida terilar orasida yomon hidlarga o‘rganib qolgan bu odam attorlik do‘konlaridan taralib turgan hushbo‘y hidlarga dosh berolmay hushidan ketgan edi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan