Juha ismli aqlli, ammo juda kambag‘al bir odam bor edi. U xotiniga:
— Ey xotin bu yo‘qchillik jonimizga tegdi. Senda bu go‘zallik, bu chehra bor ekan, aqlingni ishga solda, bir tuzoq qur, boy bo‘layin. Faqat qurgan tuzog‘ingga o‘zing tushib qolma, dedi.
Xotin o‘yladi, bir tuzoq hozirladi. Erining ustidan shahar qozisiga shikoyat etmoqchi edi. Ertasi kun yasanib mahkamaga bordi, qoziga uchradi:
— Erimdan shikoyatim bor, boshqalarga ko‘ngil berdi, menga beparvolik qilyapti, deb yig‘ladi, borini to‘kib soldi. Qozi shikoyatchini boshdan kuzatib dedi:
— Ey sarv bo‘yli go‘zal mahkamada bu g‘ala g‘ovur, bu shovqin bor ekan, seni eshitmayapman. Tanho bir yerga boraylikchi, dedi. Xotin fursatdan foydalanib:
— To‘g‘ri gapiryapsiz. Bu joriyangizning uyi bo‘m bo‘sh. Erim bo‘lmish landavur qishloqqa ketdi. Bu kecha uyimga keling. Shikoyatimni, dardimni shu yerda tushuntiraman, deya shirin gaplar aytdi. Uchrashuv soati aniqlandi. Qozi tun yarmida uyga bordi. Xotin uni ichkariga kiritgach, eshik taqillay boshladi. Xotin bezovtalik bilan:
— Ey Xudo, erim keldi. Sen tezda sandiqqa yashirin. Yo‘qsa ikkimizni ham o‘ldiradi deb uydagi bo‘sh sandiqni ko‘rsatdi. Qozi qo‘rquvdan dir dir titrar edi. Sandiqqa kirdi.
Xotin eshikni ochdi, erini ichkariga kirgizdi. Juha ichkariga kirar kirmas gapirishni boshladi:
— Ey xotin, sendan nima ko‘rdim. Eshikni hatto menga kech ochyapsan. Borimni, yo‘g‘imni senga bag‘ishladim. Ammo xursand qilolmadim. Uyda bir shu sandiq qoldi. Uni ham ertaga bozorda sotaman. Sotilmasa bozor o‘rtasida yoqaman.
Xotini bunday qilma, desa ham, Juha qarshilik ko‘rsatdi. Bir arqon olib kelib, sandiqni yaxshilab bog‘ladi. Yotdilar.
Ertasi kun ertalab Juha bir hammol chaqirdi. Sandiqni ko‘tarib bozorga yo‘l oldi.
Qozi sandiqdan “Hammol, hammol…” deya chaqirayotgan edi. Hammol oldiniga bu ovoz qayerdan kelayapti deb u yer bu yerga qaradi. Keyin ovozning sandiqdan kelganini eshitib quloq soldi. Qozi:
— Ey hammol, men shaharning qozisiman. Sen sandiqni qo‘yib qo‘ymas mahkamaga bor. Noibga uchrash, holatni tushuntir. Qancha pul bo‘lsa bo‘lsin sandiqni olsin. Senga yuz oltin beraman.
Hammol aytilganni qildi. Ahvolni tushintirgach, noib bozorga keldi. Juhaga:
— Shu eski sandiq uchun qancha so‘rayapsan? dedi.
Juha:
— To‘qqiz yuz oltin bermoqchilar. Ammo men ming oltindan pastiga bermayman. Xohlasang ichini ochib ko‘r, keyin tushunasan. Noib:
— Yo‘q, sotib olaman, deb pulni berdi. Oradan bir yil o‘tdi. Juha pullarini yeb bitirib, xotinini yana mahkamaga yubordi. Xotin mahkamada yana eridan shikoyat boshlaganda, qozi uni darrov tanidi:
— Siz bu o‘yinni o‘tgan yili o‘ynagandingiz, meni tuzoqqa tushirgan edingiz. Siz endi qimorni boshqa birov bilan o‘ynang, deb mahkamadan quvdi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan