Jamoli osmondagi to‘lin oy kabi bir shoh bor edi. Dunyodagi barcha mohpaykar go‘zallar unga sipoh erdilar. U esa ularning shohi edi. Uning qomatidan sarv ham hijolat tortar, orazidan quyosh ham sharmanda bo‘lar edi. Olamni uning go‘zal yuzi ovozasi tutgan edi. Hamma o‘sha halok qiluvchi husnni ko‘rishga oshiqardi. Uning husnining g‘avg‘osi olamni tutib, ishqining yag‘mosi jon ichra tutashgan edi. Jahonga shunchalik chiroy baxsh etuvchi bu husn egasi bundan yuz ming marta ortiqroq nozu istig‘noga ham ega edi. U goho maydonga ot o‘ynatib chiqib qolgudek bo‘lsa bormi, oldiga kelgan kishi uning husnini ko‘rgan zahotiyoq jon taslim etardi. Shu tarzda u javlongohdan sayr etib chiqquncha yo‘li halok bo‘lgan el bilan tirband bo‘lib ketar edi. Xususan, husnidan bu olamda g‘avg‘o, zulmidan jon mulkiga talon-toroj ko‘p tushgan edi.
Xalq uning qatlidan behad qirildi va u o‘z jamolini elga ko‘rgazmoqni xayol qildi. Uning hukmi bilan bir ko‘zgu yasab, taxti oldida o‘rnatdilar. Qasr yonida esa ko‘zgu aksi tushadigan yulduzday charaqlovchi bir manzar yasatdi. U oyinaga qarab, o‘z husniga nazar solar va el ham o‘sha manzar vositasida undan bahra olar edi. Toki bunday ko‘zguni yasamagunlaricha, unga ko‘z tashlagan kishi uning husnidan bahramand bo‘lmadi. Shunday qilib, ham uning o‘zi o‘z husnidan bahra topdi, ham unga qaragan kishilar bahra oldi.
Sen bu ko‘zguni ko‘ngil deb xayol qilgin, unda o‘sha jamol o‘z aksini ko‘rsatdi. Qasrni inson tanasi, undagi ko‘zguni ko‘ngil deb bil va bu ko‘zgudagi shoh husniga nazar tashla. Avval ko‘zguga jilo berilmasdan turib, shoh unga o‘z aksini solmaydi. Uning husni aksini ko‘zguda aks etmoqda deb anglagin va o‘zingni uning qarshisida tomosha qilib turgan deb hisoblagin.
Ko‘zgu qanchalik ravshan bo‘lsa, aks ham shunchalik benuqson namoyon bo‘ladi.
Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.