Ulug‘ mukofot

Bir kun Ahmad ismli yosh tabib ota-ona va xotini Karima bilan aravaga o‘tirib vodiy bo‘ylab ketmoqda edi. Vodiyning o‘ng tomoni toshlik, chap tomoni tog‘lik edi. Tog‘ yon bag‘rida tubi qorong‘i g‘orlar ko‘rinardi.
Yo‘lovchilar tog‘ etagi bo‘ylab ketar ekanlar, bir g‘or ichidan birovning ingragan tovushi eshitildi. Yo‘lovchilar bu kimning tovushi ekanini bilish uchun aravadan tushib, tovush eshitilgan tomonga qarab ketdilar. G‘orga yetib kelib, uning ichiga qadam qo‘ydilar. G‘or ancha uzun va keng edi. Allakimning: «Afsus, xotin, bola-chaqalarimni ko‘rolmay o‘lib ketaman!»—deb ingragan tovushi eshitilardi. Yo‘lovchilar g‘or ichining o‘rta yeriga yetganlarida, qirq yosh chamasidagi bir odamning qonga bo‘yalib yotganini ko‘rdilar. U bechora zo‘rg‘a nafas olib:—suv!—der edi. Yo‘lovchilar u baxtsizning holiga achinib ko‘zlariga yosh oldilar. O‘g‘rilar bu odamning bor narsasini olib, yarador qilib g‘or ichiga tashlab ketgan ekanlar.
Karima suv keltirish uchun yugurganicha g‘ordan chiqib ketdi. U ketgandan keyin tabib Ahmadning otasi o‘g‘lidan:
— Men bu odamni taniyman, ismi Akram, bizga yaqin qishloqda turadi, yaxshilab davolansa sog‘ayib ketadimi?—deb so‘radi.
O‘g‘li:
— Ha, davolasa, tuzalib ketadi. Siz va onam darrov shu yerdan uyga qayting, tezlikda bu bechoraning qishlog‘iga borib oilasiga xabar bering, olib ketsinlar,— dedi.
Shunday qilib, hammalari uyga qaytmoqchi bo‘ldilar. Ahmad majruhning yarasini yaxshilab bog‘ladi, keyin aravaga yotqizib, uyga olib qaytdilar. Ahmad-ning otasi majruh Akramning oilasiga xabar berdi. Ahmad majruh Akramni jiddiy ravishda davolashga kirishdi. Karima va qaynatasi Akramning yonidan ayrilmay, doimo holidan xabar olib turdilar. Akramning oila a’zolari ham xabar olganlaridan keyin yetib keldilar. Ahmadga, unning otasi, onasi va xotini Karimaga minnatdorchilik bildirdilar.
Bir oydan keyin Akram shifo topdi, farzandlari kelib olib ketmoqchi bo‘ldilar. Ketar oldida Akram yig‘lab, bu olijanob oila bilan xayrlashib aytdi:
— Sizlardan ko‘p miinatdorman, meni o‘lim xavfidan qutqazdingiz. Qilgan yaxshiligingiz uchun sizlarga qanday xizmat qilishimni, nima bilan mu-kofotlashimni bilmayman. O‘zim va oilam nomidan sizlarga tashakkur bildiraman, bu qilgan yaxshiliklaringizni hech qachon unutmayman,—dedi.
Ahmad shodlanib, minnatdorchilik izhor qilib turgan Akramga xitob qilib aytdi:
— Shukr, halokatdan qutulib, oilangiz bilan ko‘rishdingiz, juda xursandmiz. Biz sizni o‘lim xavfidan qutqazish bilan insoniy vazifamiznigina ado etdik. Siz ham vijdoningizning eng qimmatli gavharlarini bizga hadya qildingiz, ular esa shodlikdan to‘kilgan ko‘z yoshlaringizdir. Oilangiz bilan sog‘-salomat ko‘rishganingizning o‘zi — biz uchun eng ulug‘ mukofotdir. Bunday ulug‘ mukofotdan boshqa yana nimani ham istaymiz?
Olijanob Ahmad va uning oilasi Akramni katta yo‘lgacha kuzatib, xayrlashib qaytdilar.

Qit’a:
Ojizu dardmandlarga qil karam,
Toki bo‘lg‘aysan jahonda muhtaram.
Sen bu ish birla agar bo‘lsang mudom,
Maqsadi a’loda tutgaysan maqom.