Ulug‘lik

Bir kishi arab podshohining qarindosh-urug‘laridan bir nechtasini o‘ldirib qochib ketdi. Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin podshohning yoniga qaytib keldi, Podshoh taajjublanib:
— Ajab dovyurak, qo‘rqmas, jasoratli kishi ekansan, qarindoshlarimdan bir nechtasini o‘ldirib buyuk gunoh qilsang ham qahr-g‘azabimdan qo‘rqmay yana yonimga qaytib kelding,— degan ekan, u kishi ta’zim qilib;
— Sizning afv va marhamatingizni ulug‘ligini yaxshi bilaman. Gunohim buyuk bo‘lsa ham, afv, marhamatingiz undan ham ulug‘roqdir.— deb javob berdi. Podshohga uning so‘zi hush kelib gunohini kechirdi, in’om-ehson qildi.
Uning yaqin kishilaridan biri:
— Shunday dushmanni qo‘lga tushirdingizu o‘ch olmay, uning so‘ziga aldanib ozod etdingiz, bu nima qilganingiz?— dedi.
— Ish sening o‘ylaganingcha emas, undan o‘ch olsam, nafsim shodlanadi, ozod qilsam, uning ko‘ngli shodlanib, dunyoda nomim yaxshilik bilan yod etiladi. Mana shuni o‘ylab, uni ozod qildim,— deb javob berdi podshoh.

Bayt:
Gar ulug‘likni tilar bo‘lsang diyonat birla bo‘l,
Kim budur mulki saodat sorig‘a bormoqqa yo‘l.