Uch buyuk tabib

Bir tabib qattiq kasal bo‘lib yotib qoldi. Uning shogirdlari yig‘ilib ustodlarini davolashga kirishdilar. Kasal ustod ularga:
— Sevimli shogirdlarim, meni davolash uchun behuda zahmat chekmang, tuzalishdan umid uzganman, o‘limim yaqin qolganga o‘xshaydi. Vafot topganimdan keyin juda qayg‘urib oh-voh qilmang, chunki, o‘rnimga uchta buyuk tabib qoldirib ketaman. Shu zo‘r uch tabibning maslahatlariga hammangiz e’tibor bering va boshqalarni ham shunga da’vat qiling,— dedi. Shogirdlardan biri:
— Bizlarning aziz ustodimiz, sizdan keyin o‘rningizda qoladigan uchta tabib kimlar?— deb so‘radi. Ustod ko‘zlarini ochdi, yonidagi shogirdlariga shunday javob berdi:
— Sizlarga so‘zlaganim uchta zo‘r tabibning birinchisi—poklik, ikkinchisi parhez, uchinchisi badantarbiyadir. Doimo pok, ozoda bo‘lishlik, tiqishtirib apl-tapil yemasdan o‘z miqdorida ovqatlanish, ichkilikdan tiyilish, badan a’zolarini harakatsiz qoldirmasdan badantarbiya bilan shug‘ullanish — mana bularning hammasi salomatlikni saqlovchi eng yaxshi choralardir.