Bir podshoh sahroga ovga chiqdi va itboqarga tozi itini yasantirib orqasidan olib yurishni buyurdi. Podshohning o‘rgatilgan ovchi tozi iti bor edi. Uning yopinchig‘i qora baxmaldan va bog‘ichlari atlasdan tikilgan bo‘lib, bo‘ynida gavhar taqinchoq, qo‘l va oyoqlarida oltin halqalar taqilgan, bo‘yinbog‘i esa ipakdan edi. Shoh bu itini yaxshi ko‘rar, ovga o‘zi bilan olib yurar, uni aqlli jonvor hisoblardi. Shu bois bu safar ham itning bo‘yinbog‘idan ushlab, uni o‘zi bilan birga olib borardi. It oldinda, shoh esa ot ustida orqada borardilar. Yo‘lda bir to‘da suyaklar uchrab qoldi. It buni ko‘rib birdan to‘xtadi va suyaklarni hidlab oldinga yurmadi. Buni ko‘rgan shohning g‘azabi qaynadi va itning bo‘yinbog‘ini uloqgirib yuborib, dedi:
– Men buni parvarishlab shuncha izzat qilsam, u bir suyakni mendan afzal bildi — podshohni suyakka almashtirdi.
Shoh a’yonlariga itni haydab yuborishni buyurdi:
– Men turgan joyda u g‘ayrga qaradi. Bu ishni qilgandan ko‘ra yuz ming igna yutsa yaxshi edi.
Itboqar aytdi:
– It orasta qilib bezatilgan, hamma yog‘ida oltin-qumush taqinchoqlar. Tashlab ketsak, hayf bo‘ladi. Bu itdir, u dasht va sahroga munosib, atlas kiyimlar va oltin bezaklar insonga munosib.
Shoh itboqarga dedi:
– Shu holida tashlab ket, undagi oltinu atlasdan voz kech. Toki u o‘ziga kelgach, o‘zini bunday bezatilganini ko‘rib, esi joyiga tushar, qanaqa oshno topganini va men kabi shohdan ajralganini anglab yetar.
Ey avvalda oshnolik qilib, oxirda judolik topgan kishi, oyog‘ingni ishqi haqiqatga mustahkam qo‘y, ajdaho bilan mardonavor may ich! Chunki bu yer ajdaho dorining ustidir, oshiqlarning boshini kesish ular ishqining tovoni -xunbahosi deb bil. Mard oshiq joniga g‘ulg‘ula solgan kuch ajdahoni uning ko‘ziga chumoli qilib ko‘rsatadi. Alloh oshiqlari yuztami, yuz mingtami — hammalari Uning yo‘lida o‘z qonlariga tashnadirlar.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.