Kunlarning birida sayr qilib yurgan shohning ko‘zi husnda tengi yo‘q ayolga tushib qoladi. U o‘ziga hamrohlik qilayotgan a’yoniga yuragiga cho‘g‘ tashlagan bu sohibjamolning kim ekanligini aniqlashni buyuradi. Saroy xodimi ko‘p vaqt o‘tmasdan shohga ayol uning xizmatkorlaridan birining rafiqasi ekanligini ma’lum qiladi. Hukmron darhol bu xizmatkorini chaqirtirib, unga muhim bir maxfiy maktubni shoshilinch ravishda qo‘shni shahar hokimiga yetkazishni buyuradi.
Xizmatkor shohdan maktubni olib, safarga tayyorgarlik ko‘rish uchun uyiga yo‘l oladi. Ertasi kun xizmatkor tong otmasdanoq yo‘lga chiqadi. U kun tikkaga kelganda tamaddi qilib olish uchun bir daraxt ostiga o‘tirib, olib ketayotgan maktubi joyida ekanligiga ishonch hosil qilish uchun kiyimini paypaslaydi. Shunda u xotini safar uchun tayyorlagan kiyimi cho‘ntagiga nomani solishni unutganini sezadi. Xizmatkor noiloj orqasiga qaytadi.
Shoh esa bu paytda ishqi tushgan sohibjamol xonadonining eshigini taqillayotgan edi. Bu yerga u yolg‘iz o‘zi xufyona kelgandi.
— Kim u? — eshik orqasidan so‘raydi ayol.
— Men yurt shohiman. Eshikni och! — buyuradi hukmdor.
— Bir notavon nomahramingizni afv etgaysiz. Ming afsuski, xojam safardalar, — iymanib so‘z qotadi sohibjamol. — Qaytib kelishlari bilan u kishiga qulingiz xonadoniga tashrif qilib, bizga oliy baxt ato qilish istagingizni, albatta, ma’lum qilaman.
— Eringni boshimga uramanmi, menga u emas, sen keraksan. Eshikni och, bo‘lmasa o‘zing ham, ering ham bu dunyo bilan xayrlashasanlar, — dag‘dag‘aga o‘tadi shoh.
Ayol shohning niyatini tushunib, eshikni ochmaydi.
— Olampanoh, Sizning amringiz men uchun, hech shubhasiz, qonun, — o‘ta muloyimlik bilan javob qiladi sohibjamol. — Ijozatingiz bilan o‘zingiz mendan ham yaxshi biladigan bir narsani yodingizga solsam. Haqiqiy sher boshqa hayvonlarning qoldig‘iga qarashga ham hazar qiladi. U faqat o‘z o‘ljasini yeydi.
Shoh sohibjamolning bu gapidan mulzam bo‘lib, noiloj orqasiga qaytib ketadi. Xuddi shu vaqtda unutib qoldirgan maktubni olish uchun orqasiga qaytgan xizmatkor uyining eshigi oldidan uzoqlashayotgan shohga ko‘zi tushadi. U nima uchun hukmdor to‘satdan o‘zini boshqa shaharga jo‘natganini anglab yetadi. Biroq u shoh ko‘ziga ko‘rinmaydi, xotiniga ham hech narsa demasdan maktubni oladi-yu, yana orqasiga qaytib ketadi.
Xizmatkor shoh buyrug‘ini bajarib qaytib keladi. Hukmdor uning xizmatini shohona siylaydi: tilla hisobida yuz ellik dirham pul beradi. Xizmatkor bu mo‘may aqchaning hammasiga xotini, uning ota-onasi, qarindosh-urug‘lariga sovg‘a-salom xarid qiladi. Keyin xotinini bu sovg‘a-salomlar bilan ota-onasinikiga jo‘natadi.
Xotin erining bu iltifotidan xursand bo‘ladi, biroq ota-onasinikiga kelganidan keyin kun ketidan hafta, so‘ng oy o‘tsa ham xojasidan darak bo‘lmaydi. Nihoyat, uning akasi kuyovi bilan orani ochiq qilish uchun singlisining erini qoziga boshlab boradi.
— Biz bu odamga tiniq buloqli, nafis gulzorli bir bog‘ni ishonib topshirgan edik, — arzini bayon qilishga tushadi sohibjamolning akasi. — U esa chashma suvini ifloslantirib, gulzorni payhon qilib, shundan keyin harob qilgan bog‘imizni go‘yo hech narsa bo‘lmagandek qaytarib bermoqchi.
— To‘g‘ri, men olgan bog‘ning suvi tiniq, gullari g‘uncha edi, — da’voga javob qiladi xizmatkor. — Lekin bu bog‘ faqat yakka o‘zimga tegishli bo‘lishi kerak edi. Biroq mening bog‘imga mendan beruxsat, buning ustiga nomahram qadam bosganidan keyin u menga harom bo‘ldi.
Baxtli tasodif sababli shu vaqtda shoh ham qozixonada boshqa xonada o‘tirgan ekan.
— Nomahram sening bog‘ingga qadam bosishi u yoqda tursin, hatto uning eshigi tirqishidan bulog‘u gulzoringga qiyo ham boqa olmadi, — debdi yashiringan joyidan ular oldiga chiqqan shoh.
U sohibjamol o‘zini qanday mot qilganini gapirib berib, sodiq xizmatkori va vafodor xotinni yana shohona hadyalari bilan siylaydi.
Erkin ERNAZAROV