Shayx San’on muridlarining chora topolmay Ka’baga qaytishlari

Shayx San’onning muridlari nima qilishlarini bilmay hayron qoldilar. Shayxning shaydo va oshiqligini, tarso qizi uchun tarsolar diniga kirib, musulmonlikni tark etganini ko‘rib, uning yonidan ketdilar, g‘amgin va diltang bo‘lib, attang-afsus deb shayxdan yuz o‘girdilar. Muridlar orasida shayxga yaqin bir kishi bor edi, u shayxning oldiga kelib dedi:
—    Ey ishqda inonu ixtiyorini qo‘ldan bergan pir, biz endi Ka’ba tomon qaytamiz, nima istaging bor, ayt. Balki biror ko‘rsatma berarsan bizga. Yoki hammamiz sen kabi tarsolik ko‘yiga kirib, rasvo bo‘lishimiz kerak, yoxud bu erdan ketib, sening bu ahvolingni ko‘rmay, uzoqroq turganimiz ma’qul. Ka’baga borib, xotirjam ibodat bilan shug‘ullanganimiz bu yerda ko‘rayotganimizdan yaxshiroq emasmi?
Shayxdedi:
—    Qayerga borsalaring boringlar, meni tinch qo‘yinglar. To tanimda jonim bor ekan, nasroniylar dayri mening joyimdir. Menga shu nasroniylarning ruhoniy qizi (rohiba) bo‘lsa bas. Agar siz ham oshiq bo‘lganingizda menga hamdamu hamroz bo‘lardingiz. Ey azizlar, qaytib boringlar, mening holim nima kechishini Alloh biladi. Agar mendan so‘rasalar, rost gapni so‘zlang, shayx San’on oshiqu xasta deng, ko‘zlarida qonli yosh, shakar yesa zaharga aylanadi deb ayting. Hech bir musulmon boshiga bu savdoni solmasin. Agar meni ta’na bilan tilga olsalar, dard ko‘rmagan bedardlardir ular.
Shayx San’on shu gaplarni aytib, yuzini yorlaridan o‘girdi, vidolashmadi ham ular bilan. Tayog‘ini olib, cho‘chqala-riga qarash uchun dalaga yo‘l oldi. Muridlar esa uning orqasidan yig‘lab qoldilar, har qancha «ey shayx, qayting», dedilar, ammo shayx e’tibor qilmadi. Go‘yo muridlarni hech ko‘rmaganday, ular mutlaqo begona kishilarday edilar uning uchun. Shayx beparvo cho‘chqaboqarlikni davom ettirar edi.
Shundan keyin muridlar barchasi Makkaga qarab yo‘lga tushdilar, jonlari kuyar, yuraklari achir, ammo ilojsiz edilar. Muridlar Makkaga borib yetdilar, lekin hech kimga hech bir narsa demadilar. Shayx ahvolidan so‘z ochmadilar. Pirsiz, rahbarsiz edilar, pirlari Rumda tarso bo‘lib qolgan edi.
Pir yo‘lini yo‘qotgandan keyin muridlar nima qilsin, pir ka’badan yuz o‘girgach, muridlar Ka’baga qarab yuzlanishlari ajab.
Ey ishq, nimalar qilding sen, ey falak, odam boshiga ne ko‘rgiliklarni solasan sen?
Shayx San’onning yana bir zakovatli muridi bor edi. Shayx Rumga ketgan vaqgda u Makkada emas edi. Shayx yo‘kdi-gida safardan qaytib, Makkaga kelgan va shayxni kutib, xilvatda o‘tirardi. Muridlarning shayxsiz qaytib kelganini ko‘rib, ko‘ngli buzildi va ulardan pirining ahvolini so‘radi. Birodarlar unga shayx boshiga tushgan savdoni bir-bir hikoya qilib berdilar. Shayxning oshiq bo‘lgani, tarsolarga qo‘shilib, mayxo‘rlik qilgani, hozirgi vaqtda cho‘chqaboqar bo‘lib yurganini aytib berdilar.
Zakovatli murid birodarlaridan bu qissani eshitgach, g‘amgin qiyofada dedi:
–    Ey, noahlu bevafo yorlar, yorlik va do‘stlikka muvofiq ish qilmabsizlar, aksincha, nomardlarning ishini qilibsizlar. Sadoqatli murid, jon payvandli yor bo‘lsangiz og‘ir paytida quniga yarang edi, birga bo‘lib, dardiga malham bo‘ling edi. Agar o‘z shayxingizning yori bo‘lsangiz, har qanday sharoitda uning yonida bo‘lmog‘ingiz lozim, axir. Uyalinglar, shumi sadoqatu vafo, pir haqqini ado etish? Agar shayxingiz beliga zunnor bog‘lagan ekan, siz ham darhol belga zunnor bog‘lang edi, agar tarso bo‘lsa, hammangiz unga qo‘shilib tarso bo‘ling edi. Siz qilgan ish esa yorlik va muvofikdik emas, balki munofiqlik va dushmanlikdir. O‘z yorining do‘sti bo‘ladigan odam, yori agar kofir bo‘lsa ham yorlikni tark etmasligi kerak. Shayx dengizga cho‘kib, nahang komiga tushibdi, siz esa qo‘rqib, uni tashlab qochibsiz.
Hammasi o‘zlarini oqlash uchun: biz shayxni ko‘p marta ogohlantirdik, birga yurib, dardiga sherik bo‘lmoqchi bo‘ldik. Ammo shayx bizdan bezor edi, bizni ko‘rishdan og‘rinardi. Oldidan bizni quvib haydadi. Chunki bizning yorligimizdan unga hech foyda yo‘q edi, bizning Makkaga qaytishimiz ham uning hukmi farmonidir, dedilar. Zakovatli sodiq murid esa dedi:
—    Sizning muridmiz deyishga haqqingiz yo‘q, nomard- larning ishini qilgansizlar. Haq nazdida piringizga zulm qildingiz. Shu bilan haq yo‘lidan ham qaytdingiz.
Muridlar bu so‘zni eshitgach, o‘z-o‘zlarini koyiy boshladi-lar. Noto‘g‘ri ish qilganlarini anglab yetdilar.
—    Biz hammamiz haq dargohi deb talabgor bo‘lib yuribmiz, shayxga ham, o‘zimizga ham zulm qilibmiz. Endi qog‘ozdan ko‘ylak kiyib — qanot chiqarib, Rumga uchaylik, pirning huzuriga yetaylik, – dedilar barisi bir og‘izdan.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.