Attor do‘konida juda yaxshi ko‘rgan bir to‘tini boqar edi. Chiroyli to‘ti atirgul yog‘i bilan to‘la do‘kon burchagida, kelgan ketgan xaridorlarga chiroyli gapirib, ularni xushnud qilar edi.
Bir kuni attor to‘tini do‘konda qoldirib uyiga ketdi. Shu orada sichqonni quvlagan bir mushuk do‘konga kirdi. To‘ti mushuk meni ushlab olish uchun do‘konga kirdi, deb o‘ylab, jon holatda joyidan uchdi va tokchaga hatladi. Shunda atirgul yog‘i solingan shishalarni ham ag‘dardi. Qo‘rqib ikkinchi yerdan uchinchi jovonga uchib qo‘ndi. Barcha shishalar mayda-mayda bo‘ldi. Do‘kon; atir hidiga to‘ldi.
Attor kelib qarasa, hammayoq ostin-ustun… Barcha shishalar singan, atirlari yerga to‘kilib yotibdi. Bechora to‘ti esa, bir burchakda qo‘rquvdan dir-dir titrar edi… Attor buni ko‘rgach, jahli chiqdi. Bu ishni to‘tidan boshqa kim ham qilishi mumkin deb o‘ylab, bechorani ushlab, ura boshladi… To‘ti kaltaklandi. Juda qo‘rqib qoldi. Qayg‘udan tili aylanmay, patlari to‘kila boshladi.
Attorning jahli o‘tib ketdi… Sevimli to‘tisining tili aylanmay qolganini, patlarining to‘kilganini ko‘rgach, o‘zidan pushaymon bo‘ldi, tabiblarga murojaat qildi, turli dorilar berdi, biroq foydasi bo‘lmadi. Bechora to‘ti ham tilsiz, ham kal. Tuzaladiganga o‘xshamaydi, to‘ti o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Oradan oylar o‘tdi. Bir kun do‘konning yonidan boshi sip silliq, sochlari to‘kilgan odam o‘tdi. To‘ti bu odamni ko‘rgach, o‘z o‘ziga: “Bu ham bizdan”, deb o‘ylab, bir silkindi va sochsiz boshini qanoti orasidan chiqarib tilga kirdi:
— Do‘stim, boshing nega kal? Yoki sen ham men kabi atir shishalarini ag‘dardingmi?” deb ovoz berdi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan