Qozining bolasi

Hukmdorning saroy eshigida bir azamat turardi. Bu yigit qozining bolasi edi. Zehni, aql-idroki juda o‘tkir edi. Bolaligidan unda shunday qobiliyat bo‘lib, hamma unga hasad bilan gapirardi. Aqllimisan aqlli bo‘lib, boshi uzra ulkan yulduz porlagan edi. Bir qancha vaqtdan o‘tib, kelishgan va ruhiyati ancha ko‘tarilgan bu yigit sultonning nazariga tusha boshladi. Donolar: “Boylik mol-mulk bilan emas, hunar bilan bo‘ladi. Aql yoshda emas, boshdadir” , – deganlar.
Ammo qismatni qarangki, tengdoshlari unga hasad qilishdi. Sultonning nazaridan qoldirish uchun uni xoinga chiqardilar. Hatto munofiq sanab o‘ldirmak uchun yomon ishlarga undadilar. Shu payt sulton vaziyatdan xabar topib, yigitni huzuriga chaqirtirdi. Va undan:
–Ular sendan nima istaydilar? Nega senga bu qadar dushmanlik qiladilar? – deb so‘radi.
Yigit tavoze’ bilan shunday javob berdi:
–Sultonimning davlat soyasida eshik og‘alarimning hammasini ko‘nglini oldim. Faqatgina hasadchilarga qo‘shilmadim. Hech kimni xafa qilmadim, ammo hasadchiga nima ham qila olardim? Ular ich-ichlaridan azobdadirlar. Ular faqatgina qo‘limdagi ne’matlarni yo‘qotishim, pastlarga tushishim ila sevinadilar; rohat qiladilar. Siz, sultonimning davlati va iqboli bor bo‘lsin.

Hikmat

Hasadgo‘ylik, insonga halovat bermaydi. U sog‘lik va huzurning eng kichik dushmanidir. Kishining o‘ziga ham, atrofidagilarga ham ulkan zarar keltiradi.

“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi