Arslon, bo‘ri va tulki o‘rtoq bo‘lishdi, ov qilish uchun o‘rmonga ketishdi. Kechgacha ho‘kiz, echki va bir quyonni ovlagan uch o‘rtoq ularni sudrab g‘orga olib kelishdi. Dasturxonga o‘tirdilar. Arslon bo‘riga yuzlanib:
— Aziz do‘stim. Bu o‘ljalarni shunday taqsimlaki, qornimiz to‘ysin, dedi. Bo‘ri qimtinib ulushlarini ajrata boshladi:
— Ey ulug‘ sultonim Shu katta ho‘kiz sizning ulushingiz. Siz eng katta va epchilsiz… Ruxsatingiz bilan yovvoyi echki meniki bo‘lsin. Do‘stim tulki semiz quyonlarni yaxshi ko‘radi. Quyon uniki…
Arslonning bu gustohlikdan jahdi chiqdi:
— Sen bu yerda kimsan o‘zi… unutmaki, o‘rmonlar qiroli huzuridasan. Men borman, menga ulush bo‘lib berish sening ishingmi? deb zarba berdi; notavon bo‘ri ergacho‘zilib qoldi.
So‘ngra arslon qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan tulkiga yuzlandi:
— Nega qarab turibsan!? O‘ljalarni sen taqsimla!
Falokatni sezib turgan tulki o‘rnidan turib, ta’zim qilib shunday dedi:
— Ey ulug‘ sultonim… Ulush taqsimlash mening haqqim emas, ammo siz munosib ko‘rganingiz uchun gapiraman. Bu quyon sizning nonushtangiz, echki tushligingiz uchun nafis yaxna bo‘ladi. Ho‘kizni esa kechqurun eysiz, dedi.
Arslon juda xursand bo‘ldi va tulkidan so‘radi:
— Bunday okilona taqsimotni qayerdan o‘rganding?
Tulki bo‘ynini egib, jonsiz yotgan bo‘riga qarab qo‘ydi va:
— Mana bu hadsini bilmagan bo‘rining holidan…, deb javob berdi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan