Oshnolik haqi

Bir kishi birovning uyini ijaraga olib, bir necha vaqt o‘sha yerda yashadi. Kunlardan bir kun u kishi o‘zi yashagan shahardan chiqib boshqa bir viloyatga bordi. U viloyat hukmdoriga manzur bo‘lib vazirlik mansabiga ega bo‘ldi.
Uy egasi uyida ijaraga o‘tirgan kishining vazir bo‘lganini bilib, yordam olish umidi bilan vazir turgan viloyatga ketdi. Vazirning mahkamasiga kelib, ichkari kirishni istagan edi, eshik yonida turgan xizmatchi qorovul qo‘rslik qilib undan:
— Sen qanday kishisan? Hech kimga iltifot qilmay vazir huzuriga kirishni istaysan?—deb koyidi. Uy egasi aytdi:
— Men vazirning oshnasidirman, shuning uchun shunday surbetlikka qadam qo‘ydim.
— Vazir bilan qanday oshnoliging bor?—deb so‘radi qorovul.
Uy egasi:
— Vazir bir vaqt mening uyimda ijaraga o‘tirgan edi, endi undan yordam so‘rab keldim. Shoyad u meni muhtojlik tubanligidan izzat va hurmat balandligiga ko‘tarsa,— dedi.
Qorovul uy egasining so‘zlarini eshitgach, xoxolab kulib aytdi:
— Ey bechora odam, nodon kishi ekansan, uyimda ijaraga o‘tirgani uchun vazirda haqim bor, deb bo‘lmag‘ur narsani bahona qilibsan, bor uyingga qayt, ta’magir bo‘lib yurma.
Vazir o‘z idorasida bularning so‘zlarini eshitib turgan edi. Darhol qorovulni chaqirib voqeani so‘radi. Qorovul tabassum qilib:
— Bir kishi kelib: «Men vazirning oshnasiman, u bir necha vaqt uyimda ijara o‘tirgandi. Endi oshnolik haqini talab qilib yordam olish uchun keldim», dedi. Men uni huzuringizga kirgizmay malomat qilib jo‘natib yubordim,— dedi. Vazir qorovulning uy egasiga qilgan muomalasidan qayg‘urib unga:
— Yomon muomala qilib u bechoraning ko‘nglini buzgansan, darhol uni qidirib, topib keltir!— deb buyurdi.
Qorovul uy egasini qidirib topib, vazir huzuriga keltirdi. Vazir uy egasiga ko‘p mehribonlik ko‘rsatdi. Hol-ahvolini so‘radi. Bir necha kun yonida olib qolib izzat-hurmatini bajo keltirdi, uni molu dunyodan sarbaland qildi, xotin, bola-chaqalari uchun ham tuhfalar berdi, kelib turishini o‘tinib, izzat-ikrom bilan uni o‘z vataniga jo‘natdi. Shunday qilib, uy egasi sevina-sevina uyiga qaytib kel-di. Oshnolik haqini rioya qilish mana shunday bo‘ladi.

Bayt:
Ko‘ngilni ravshan et mehru vafodan,
O‘girma yuz burungi oshnodan,
Agar oshnang faqir bo‘lsa, unutma,
Unga yordam etishdan qo‘lni tortma.