Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Professor darsxonaga kirib kelishi bilanoq talabalaridan ajoyib bir testga tayyorgarlik ko‘rishlarini so‘radi. Talabalar biroz tashvishga tushgan holda test boshlanishini kutishar edi. Muallim har doimgidek test qog‘ozini orqa o‘girib tarqatib chiqdi. Talabalar test savollarini o‘qish maqsadida qog‘ozni o‘girishdi. Qog‘oz o‘rtasida bitta qora nuqtadan boshqa hech qanday topshiriq yo‘q edi. Bundan ajablangan talabalar bir-birlariga hayron qarab qolishdi.

Professor talabalarning yuzida ajablanishni ko‘rishi bilan ularga: “Men qog‘ozda nimani ko‘rayotgan bo‘lsangiz, shu haqda yozishingizni so‘rayman”, dedi. Talabalar ikkilanish bilan tushunarsiz shartni bajarishni boshladilar. Darsning oxiriga kelib, professor barchadan qog‘ozlarni yig‘ib olib, har bir talabaninng yozgan javobini ular oldida ovoz chiqarib o‘qiy boshladi. Talabalarning barchasi faqatgina qora nuqta haqida, uning qog‘ozning o‘rtasida joylashgani haqida yozgan, o‘z fikrini bayon qilgan edilar.

Javoblar o‘qib bo‘lingach, oraga sukunat cho‘mdi va biroz o‘tib professor talabalarga: “Men bu javoblarga baho qo‘ymoqchi emasman. Sizlarni mulohazaga chorlamoqchiman xolos. Hech kim o‘z javobida qog‘ozning oq qismi haqida hech narsa yozmapti. Barcha diqqat-e’tiborni qora nuqtaga qaratibdi. Afsuski xuddi shu holat bizning hayotimizda ham mavjud. Biz har doim insonlarning yomon odatlariga e’tibor beramiz, xuddi qog‘ozdagi qora nuqta kabi. Aslida qog‘ozning oq joyi qora nuqtaga qaraganda ancha darajada ko‘p. Tiriklik Xudo tarafidan bir-birimizga yordam berish, qayg‘urish uchun berilgan sovg‘a. Hayotimiz xursandchiliklarga, yaxshiliklarga, yaxshi insonlarga to‘ladir. To‘g‘ri, o‘sha qora nuqtaga ham e’tibor qaratishimiz, uni to‘g‘rilashga yordam berishimiz kerak. Lekin bu oq joylarni unutmagan holda bo‘lishi kerak. Qora nuqta esa oq joylarga nisbatan juda ham kichkina, ko‘rinmasdir”, dedi.

Mirnosir Hasanov tarjimasi