Basra shahrida bir ochko‘z kishi bor edi. U nodonlik bilan oltin-kumush yig‘ishga mukkasidan ketgan edi. Hotam Toy sahovat va karam ko‘rsatishda qancha nom qozongan bo‘lsa, u dinor va dirham yig‘ishda undan mashhurroq edi. Ushbu xasis va pastkash kishi ko‘p mashaqqat chekib bitta-bittalab kumush yig‘ar edi. U katta bir xazina to‘plagach, ularni yer tagiga ko‘mdi. Bu tuban- tabiat yana shunga teng keladigan boylikni to‘niga gir aylantirib tikib olgan edi. Yashirgan behisob oltinlari o‘sha shum hirsli kishining ko‘ziga hatto kunduz kunlari ham osmonda yaraqlagan yulduzlar kabi ko‘rinar edi. U o‘zicha, tanimga quvvatgina emas, balki jonimga sihat ham ana shu oltinlarim tufayli, deb o‘ylardi.
Ittifoqo, bir kuni u savdo-sotiq qilish uchun daryo sohiliga keldi. U yerda savdo qilgan molidan tushgan harom pullarga taom olib yedi. Shundan so‘ng, qolini yuvmoqchi bo‘lib daryo labiga engashdi. Ammo to‘niga tikkan oltinlari og‘irlik qilib, uni suvga tortib ketdi. Xasis kishi ana shu yomon fe’li tufayli daryoga cho‘ka boshladi. U suvdan chiqmoqchi bo‘lib, iztirob bilan chunon talpinar, birov kelib qutqarar, degan umidda baqirib-chaqirar edi. Ammo odamlar yordamga yetib kelgunga qadar u daryo tubiga cho‘kib bo‘ldi. Chunki uning oltindan bo‘lgan langari behad og‘ir ediki, shu sababli u suv tubida sadaf ichidagi gavhardek qolib ketdi.
Uning joniga ofat yetkazgan narsa, albatta, o‘zi yiqqan simu zar edi. Shuningdek, uning yashirib qo‘ygan xazinasi ham talon-toroj bo‘ldi. Oltin-kumush yig‘ish oqibatda ana shunday mudhish voqea bilan tugadi. Sen bunday jirkanch ishlardan qo‘lingni tort! Ularga zinhor mayl ko‘rsatma, chunki bu fano dengizi — dunyo doimo dahshatli to‘lqin urib turadi.
Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.