Qadimgi Eron shohlaridan Anushervon har yili navro‘z kunida bir ziyofat tashkil qilib, xalqni da’vat qilardi. Bir yil navro‘z kunida tashkil qilgan ziyofatga kelganlar orasida turmushdan juda qiynalgan kambag‘al bir kishi ham bor edi. U o‘z-o‘ziga:
— Shu yerdagi idishlardan birini olib ketib sotsam, muhtojlikdan ancha qutulaman. Mening chorasizlikdan qilgan bu gunohimni, shoyad kechirar, — deb qimmatbaho idishlardan birini kiyimi orasiga o‘rab oldi.
Anushervon uning qilib turgan ishini ko‘rib turgan bo‘lsa ham, indamadi. Ziyofat tamom bo‘lib, xalq tarqalishga hozirlandi. Idish-tovoqlarni saqlaydigan xizmatchi idishlarni sanab, qimmatbaho bir idishning yo‘qligini bildi. Darhol bu haqda Anushervonga arz qilib, hammani tekshirib chiqarish kerakligini aytdi. Anushervon unga:
— Tekshirib hech kimni uyaltirma, u idishni muhtojlikdan ezilgan bir kishi olgan bo‘ladi. Uning olganini ko‘rgan kishi ham chaqimchilik qilmaydi, — dedi.
Idishni olgan kishi uni sotib, turmushiga yaratdi, o‘ziga yangi kiyimlar tiktirdi. Keyingi yil bo‘lgan ziyofatga yasanib-tusanib, yangi kiyimlarni kiyib keldi. Ziyofatdan keyin Anushervon uni imlab yoniga chaqirdi. Xoli yerga olib borib:
— Bu yangi kiyim o‘sha idish puliga kelgan emasmi? — deb kulib so‘radi. U kishi qizarib:
— Sizning soyangizda shu kiyimlarga ega bo‘ldim. Muhtojlik meni shu gunoh ishga majbur qildi, meni kechiring. Shu qilgan aybimdan vijdonan azob tortaman, — deb kechirim so‘radi. Anushervon unga tasalli berib:
— Bundan so‘ng egasidan so‘ramasdan birovning narsasiga qo‘l tegizmay, ehtiyojingni menga kelib ayt, yordam qilaman, — deb in’om-ehson qilib, uni shodlantirdi.