Bir podshoning oydek bir go‘zal qizi bor edi. Butun olam yigitlari unga oshiq edilar. U bir fitna manbai edi, chunki yarim uyquda bo‘lgan xumor ko‘zlari mastona boqib, dillarni maftun etardi. Yuzi kofurday oq, zulflari mushk kabi qop-qora va xushbo‘y edi. Obi hayot uning lablari armonida qurib qolgan edi. Agar jamolidan bir zarra ko‘rinsa edi, Aql o‘zini yo‘qotib, shaydo bo‘lardi.
Agar shakar bu qiz labining ta’mini totiganda edi, xijolatdan erib, yonib ketardi.
Qazoi taqdir bo‘lib, bir darvesh yo‘lda ketayotib, ko‘zi shu go‘zalga tushib qoldi. Bu sho‘rlikning qo‘lida yarimta qotgan non bor edi, uning joni novvoyda qolgan edi. Uning ko‘zi ushbu oyyuzga tushganda, qattiq noni qo‘lidan yo‘l ustiga tushdi. Ul qiz gadoning oldidan olovday o‘tib ketdi, unga qarab iliq kuldi va xushhol o‘tib ketdi. Gado ul oyning kulgusini ko‘rgach, hushidan ketib, yo‘l uzra yiqildi va tuproqqa belandi. Miskin gadoning yarimta noni va yarimta joni bor edi, bir zamonda har ikkisidan ham ajraldi. Na kecha, na kunduzlari qarori bor edi. Yig‘i va o‘rtanish zo‘ridan gapira olmasdi. Ul go‘zalning kulgisini eslardi, navbahor bulutiday ko‘z yoshi to‘kardi. Alqissa, yetti yil shunday oshufta hol edi, qizning ko‘chasida itlar bilan birga yotardi. Qizning qullari va xizmatkorlari hammasi bundan voqif bo‘ldilar. Ular birgalashib, gadoni o‘ldirish rejasini tuzdilar. Shunda buni bilgan qiz gadoni xilvatga chorlab dedi: «Sen kabi gadoga menday qizning juft bo‘lishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Seni o‘ldirish payiga tushganlar, qochib ket, joningni qutqar. Bunaqa ostonamda o‘tirma, tur, ket».
Ul gado dedi: «Men seni ko‘rib, ishqingda mast bo‘lgan kunimdan beri jonimdan umidimni uzganman. Men kabilardan yuz mingtasining joni yo‘lingda har soatda fido bo‘lsin. Agar menday begunohni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar, bitta savolimga lutf etib javob ber. Meni shubhasiz boshimdan judo qiladilar, ayt-chi, nega menga qarab kulding?»
Qiz dedi: «Seni haqir va aftoda, behunar, ojiz ko‘rib, soqolingga kulgim keldi, ammo sening yuzingga kulish xatodir». Qiz shunday deb tutun kabi darvesh oldidan g‘oyib bo‘ldi. Nimaiki bor edi, yo‘q bo‘ldi, go‘yo aslida hech narsa yo‘q edi.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.