Kazvinliklarning eski bir odati bor. Tanalariga, qo‘l va yelkalariga igna bilan ko‘k naqshlar chizdirar edilar.
Kazvinlik teriga rasm chizadigan rassomning oldiga keldi:
— Ko‘ksimga igna bilan bir rasm sol. Faqat jonim og‘rimasin, dedi.
— Xo‘p. Nimaning rasmini chizay?
— Mening burjim arslon. O‘kirayotgan bir arslon rasmini chiz. Tezroq bo‘l, ammo rasm yaxshi chiqsin.
— Bo‘pti deya kazvinlikning ko‘ksiga igna sancha boshladi. Joni og‘rigan kazvinlik:
— Hoy usta!.. Nima qilyapsan, jonimni og‘ritdingku, deya qichqirdi.
— Nima qilay, arslon rasmini sol deding, uning rasmini chizyapman.
— Qayeridan boshlading?
— Dumidan boshladim.
— Qo‘y bu dumini, jonim og‘riyapti. Mening arslonim dumsiz bo‘la qolsin.
Usta “Yaxshi!” deya ishida davom etdi.
— Voy, jonim og‘ridi, bunisi qayeri?
— Qulog‘i.
— Qo‘y, quloqsiz bo‘la qolsin. Quloqni ham chizma.
Rassom boshqa bir joiidan boshladi. Kazvinlik faryod qildi.
— Qayerini chizyapsan?
— Gavdasini.
— Bo‘ldi qil, mening arslonim gavdasiz bo‘la qolsin, juda yomon og‘ritding. Bu holda hushimdan ketaman.
Rassomning sabri tugadi. Qo‘lidagi ignani qo‘yib dedi:
— Men senday odam ko‘rmadim. Dumsiz, quloqsiz, gavdasiz arslon ham bo‘ladimi? Alloh taolo bunday arslon yaratmagan, qani, yo‘lingdan qolma!
Rassom kazvinlikni do‘kondan haydab yubordi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan