Ibn Sino podshohlar ta’qibidan qochib yurgan vaqtlarida o‘zini tanitmaslik uchun, “Men musiqachi, bastakorman”, deb bir karvonga qo‘shilib oldi. U yo‘lda, ot ustida ham yozadigan asarlari haqida o‘ylab borardi. Ammo, karvon ahli, ko‘pchiligi savdogarlar gap talashib, qiy-chuv qilib, alloma o‘ylashiga halaqit berar edilar. Ibn Sino bu mushkulning ham ilojini topdi. U kechasi karvon ahli uxlab yotganida tuyalarning bo‘ynidagi zangula-qo‘ng‘iroqlarning o‘rinlarini almashtirib, o‘zga bir sado chiqadigan qilib qo‘ydi. Erta tongda karvon yo‘lga tushganida qo‘ng‘iroq shunday bir maromda sado chiqardiki, odamlar yana uxlab qoldilar. Shu kuni Ibn Sino ancha orom topdi. Yana kech bo‘ldi. Karvon bir joyda to‘xtadi. Odamlar ozroq taom yeb yana uyquga ketdi.
Ibn Sino karvon tuyalarining qo‘ng‘iroqlarini yana o‘rinlarini almashtirib, boshqacha ohangga soldi. Ertasiga karvon yo‘lga tushganida qo‘ng‘iroqlar shunday sado chiqardilarki, odamlar kula boshladilar.
Uchinchi kecha Abu Ali karvon ahli uxlab yotganida qo‘ng‘iroqlarini yana o‘zgacha joylashtirdi. Tongda karvon yo‘lga tushganida qo‘ng‘iroqlar shunday qayg‘uli sado chiqardilarki, odamlar yig‘lay boshladilar.
To‘rtinchi kecha Abu Ali qo‘ng‘iroqlar tartibini yana o‘zgartirayotganida karvon ahli bu ishlarni kim qilayotganini bilib qoldilar va allomaga izzat-hurmat ko‘rsatib, biz endi yo‘lda jim yuramiz, o‘ylaringizga xalaqit bermaymiz, dedilar.
Muhammad Ibn Sulaymonning “Qissatu-l-ulamo” asaridan Mahkam Mahmud tarjimasi