Ibrohim Adhamning Ka’baga namoz o‘qish bilan borgani va Robiyai Adviyaga esa Ka’baning o‘zi unga muhtoj bo‘lib kelgani
Qachonki Ibrohim Adham o‘rinbosarlikdek yuqori mansabini tark etar ekan, Alloh fano tojini uning boshiga kiydirdi. Uning podshohligi va dabdabalarini fano yeli uchirib (Ka’baga olib boradigan) dashtni bosib o‘tish uchun qadam qo‘ydi. Masjidni qo‘yib o‘z xolicha namoz o‘qir, har qadamda ikki rak’at namozini o‘qishni qo‘ymasdi. Shu tarzda u o‘n to‘rt yil yo‘l yurdi. Uni madx etish uchun har bir tikan va giyohlar tilga kirdi.
Makkani tavof etish uchun u kirib kelar ekan, Baytul-haram (Ka’ba ziyoratgohi) o‘z o‘rnida yo‘q edi. «Bu ne xol, ey Xudo!» – deb fig‘on solar ekan, g‘oyibdan ovoz keldi: «Ey yo‘lovchilarning piri! Bir qariya ayol cho‘lni bosib o‘tar ekan, (Allohga bo‘lgan) shavqu muhabbat yuki og‘irligidan qaddi bukilibdi. Zaiflikdan u shunday kuchsizlanibdiki, (endi) Ka’ba o‘zi uni ziyorat qilishga ketdi!»
Bu voqea Adhamni hayron qoldirdi. U qarab turar ekan, Robia kelayotganini ko‘rdi. U dedi:
«Ey sayrgohing Arsh bo‘lgan zot! Ka’ba o‘zi seni tavof etish uchun yo‘lga chiqibdi! Qaraki (o‘z ishlaring bilan) sen dunyoga qanday ovoza solibsan!»
Robia unga javob berib dedi:
– Oshirib yuborma! Butun olamga ovoza solgan sen bo‘lasan! Dashtni bosib o‘tishuchun o‘n to‘rt yil yuribsan! Ibrohim dedi:
– Ey pok qadam, sen farishtalardek, Osmonni ham kezib chiqishga qodirsen! Ammo ayt-chi, nima uchun men shuncha yo‘l yurib azob chekdim, azobni men chekdimu xazina senga tegdi?
Robia unga dedi:
– Tushun! Bir necha yil cho‘lda barcha yo‘llarni bosib o‘tar ekansen, sening ishing namoz o‘qimoq bo‘ldi, xolos! Men esa Unga istagimni aytdim, ishva, noz qildim, yalinib-yolbordim! Namoz o‘qib, riyo qilib, erishgan xosiling shudir. Menga esa yalinib-yolborishim va o‘zligimdan kechganligim shu mevani berdi.
_____________
* Adham – Balx podshoxi (777-y. da vafot etgan).
Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan