Bir zamonlar podshohlardan biri odamlari bilan ovga chiqdi. Yo‘lda bir joriyani ko‘rib unga oshiq bo‘ldi. Joriyani katta pul evaziga sotib olib, saroyiga keltirdi. Oradan uch to‘rt kun o‘tgach, joriyaning isitmasi ko‘tarilib kasal bo‘lib yotib qoldi. Podshoh bezovtalanib butun hakimlarini to‘pladi:
“Mening hayotimning ahamiyati yo‘q. Hozir jonimning joni kasal, yotib qoldi. Kimki uning dardiga darmon topsa, butun xazinamni baxshida qilaman”, dedi.
Hakimlar: “Qo‘limizda har qanday kasallikni davolaydigan dorilar bor. Siz hech ham xavotir olmang”, deya javob berdilar va davolashni boshladilar. Biroq hech bir dori foyda bermadi. Bemor kundan-kun sarg‘ayib so‘lib borardi. Hakimlarning chorasiz qolganini ko‘rgan podshoh sajdaga bosh qo‘yib, chin ko‘ngildan Allohga iltijo qilayotganda uxlab qoldi. Tushida bir pir ko‘rindi: “Senga xushxabar, ey podshoh» Tilaklaring qabul bo‘ldi. Ertaga saroyingga bir kishi keladi. U bizlardandir, uni qabul qil. Bemorni ko‘rsat!” dedi.
Podshoh hayajon bilan uygondi. Ertalabgacha darvoza oldida kutdi. Shu vaqt kutilgan odam keldi. Podshoh xursandchilik bilan qarshi oldi.
Hol ahvol so‘ragandan keyin kasalning xonasiga olib kirdi. Hakim bemorni uzoq vaqt tekshirdi va ko‘ngil xastasi ekanini anglab yetdi. Podshohga: “Hakimlar bemorni qiynab qo‘yishibdi. Hozir uyda kim bor bo‘lsa chiqsin. Bemor bilan yolg‘iz.qolishni xohlayman”, dedi. Uyda hech kim qolmadi. Hakim bemorning tomirini ushlab, so‘ray boshladi:
“Qaysi yurtdansan? Qarindoshlaring kimlar? Kimlarni ko‘proq sevasan?”
Qiz butun sirlarini ochiq aytdi. Hakim bir qo‘li bilan qizning tomirini ushlab tingladi va tomir urishini diqqat bilan kuzatdi. Chunki hakim tomir kimning nomi aytilgach tez ursa, ko‘nglining istagani o‘sha ekanligiga, qizning unga oshiq bo‘lganiga qaror qilardi. Bir necha ismlar sanaldi, bir qancha mamlakat nomlari aytildi. Ammo, tomir urishida o‘zgarish bo‘lmadi.
Nihoyat Samarqand tilga olinganda, bemor tomirining kuchli urgani bilindi.
Hakim takror so‘radi va oxiri joriyaning Samarqandda bir zargarga oshiq bo‘lganini anglab yetdi. Hakim tezda podshohning oldiga borib, qizning dardini aytdi. So‘ngra zargarni olib kelib qizga uylantirishdi. Joriya qiz kasallikdan shu tariqa xalos bo‘ldi.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan