Dunyoda aldanish

Bir yurt podshohining suyukli o‘g‘li bor edi. Yagona voris edi u. Shahzoda yaxshi tarbiyalangan va turli bilimlarni egallagan edi.
Podshoh o‘g‘lining to‘satdan o‘lganini tush ko‘rdi. Xavotir bilan uygonib Xudoga shukrlar qildi. Biroq ko‘ngliga shubha oraladi: “Agar haqiqatan ham o‘lib qolsa, nima qilaman, taxtim vorisi kim bo‘ladi?” deya o‘yladi. O‘g‘lini tezda uylantirishga karor berdi. “Hech bo‘lmasa bir nabiralik bo‘laman. U menga voris bo‘ladi”. Faqir, lekin ko‘ngli boy bir darveshning oydek go‘zal, xulqlik komila qizini o‘g‘liga nikohladi.
Xotini:
— Podshohning o‘g‘li kambag‘al bir darveshning kizi bilan qanday turmush quradi? Sep qilib bizga nima beradilar?  desa, podshoh:
— Pok bir kishiga nisbatan kambag‘al deyish xato. Uning qalbi boy, buni ham Alloh beradi,  deya to‘y hozirligini boshladi.
Ne holki, shahzoda bu vaqtda Qobilning bir sehrgar xotini tuzog‘iga ilingan, uning dardida yonib kuyib, ko‘zi yorug‘ dunyoni ko‘rmayotgan edi.
Bechora shahzoda ishq olovida erib tugayapti, sohiraning so‘zini aslo ikki etmas, tovonlarini o‘pardi. Ishq bois yuzi sarg‘aygan, eti suyagiga yopishib qolgan edi.
Podshoh chorasiz qoldi. O‘g‘lini bu darddan qutqarishi uchun mamlakatning barcha tabiblarini chorladi, tong otguncha Allohga duolar qildi. Shahzoda esa o‘tindek yonib, kundan kunga tugab bormoqda edi.
Oxiri saroyga usta bir sehrgar keldi. U podshohga:
Bu xotinga hech kim bas kela olmaydi. Shahzodaning holiga achindim. Unga faqat men bas kela olaman. Allohning izni bilan uning sehrini buzib tashlayman. Xotirjam bo‘ling,  deb hozirlik ko‘rdi. Nima qilish kerakligini so‘zladi. Darhaqiqat, qisqa bir fursatda sehr buzildi.
Shahzoda o‘ziga kelar kelmas yugurib otasining huzuriga bordi va xijolat bilan: “U kampir mening aqlimni qanday oldi?” dedi.
Podshoh sevinch bilan farmon berdi. To‘y boshlandi. Bu vaqtda sehrgar xotin alamidan o‘ldi.
Shahzoda nikohning birinchi kechasi kelinni ko‘rib lol qotdi. Bu go‘zallar go‘zalining qarshisida o‘zidan ketdi.
Bir yildan so‘ng podshoh gap orasida o‘g‘liga: “O‘sha avvalgi sevgilingni hech eslaysanmi?” deb so‘raganda shahzoda:
— Ota, men hozir baxt yurtidaman. U aldanish yurti qudug‘idan qutuldim,  deb Yaratganga shukrlar qildi.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan