Dunyo hashamatli bir sallaga o‘xshar

So‘filardan biri xalqning o‘ziga e’tibor bermog‘i uchun boshidagi sallani ulkan qilib o‘radi; ichini bo‘z bo‘laklari bilan to‘ldirdi. Tabiiyki, bu haybatli sallani ko‘rganlar, ichida ancha gazlama bo‘lsa kerak, deb o‘ylardilar.
So‘fi bir kun madrasaga ketayotganda o‘g‘ri sallani olib qochdi. So‘fi ortidan baqirdi:
— Sallani och, sallani och. Ichidagini ko‘rginda keyin olib ket.
O‘g‘ri qocharkan, qo‘ltig‘idagi sallani yecha boshladi. Qarasa, sallaning ichi bo‘z va teri parchalari, paxta bo‘laklari bilan to‘la. Oxiri, qo‘lida faqat bir quloch bo‘z qoldi, xolos. Qo‘lidagini yerga urdi:
— Oh pastkash odam. Men bu haybatli sallada bir narsalar bor, deb o‘ylagandim. Sening hiylang meni rasvo qildi, deya hayqirdi. Bu so‘zlarni eshitgan so‘fi:
— O‘g‘lim, dunyo mana shunaqadir. Mening sallam kabi yaxshi ko‘rinadi, ammo so‘ngida vafosizligini ko‘rsatadi, besh pulga arzimaydi, eski tuski bo‘laklarga aylanadi, dedi.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan