Diyonat

Bir diyonatli fozil odamning uyida sichqonlar ko‘payib ketdi. Odamlar unga:
— Nega uyingizda mushuk asramaysiz? Mushuk sichqonlar kushandasi ekanini bilasiz-ku. Agar bitta mushuk asrasangiz, sichqonlar hujumidan qutulasiz,— dedilar.
Diyonatli fozil odam ularga:
— To‘g‘ri aytasizlar, lekin bu maslahatingizni vijdonim qabul qilmaydi. Agar mushuk asrasam, hamma sichqonlar mushuklari yo‘q qo‘shnilarimning uylariga tarqaladilar, qo‘shnilarimga ko‘p aziyat beradilar. O‘zimga istamagan narsamni qo‘shnilarimga istaymi? O‘z foydamni ko‘zlab, boshqalarga zarar yetkazaymi? Yo‘q, bu ishni vijdonim aslo qabul qilmaydi,— deb javob berdi.

Bayt:
Har nimaiki o‘zingga bo‘lmas pisand,
Tutma ravo o‘zgaga, ey arjumand.