Chin o‘tlog‘idagi sher ovlovchi ohu

Chin o‘tlog‘idagi bir mushkin ohuning sherlarni ovlagani, majruh ovlarning uning tuzog‘iga ilinib, sher panjasidan ajal tuprog‘i bilan barobar bo‘lguni

Chin mamlakatida bir nozanin bor edi. Uning suratini chizishga Chin rassomi ham ojiz edi. Yuzining gulzori Xo‘tan diyorini eslatardi; ko‘zi shu gulzorda yurgan mushkin ohuga o‘xshardi. Nurli yuzi Chinda chizilgan suratdek bo‘lib, gajagi Xo‘tan mushkidek xushbo‘y edi. Shafqatsiz g‘amzalari jonlarni asir qilar, hatto unga Xitoy mamlakatining xonlari ham asir edi. G’amzasining o‘g‘rincha harakatlaridan Chin xatarda; sochi zunnoridan din ziyon topardi. Dunyodagi odamlar uning husniga oshiqu hayron; zamon shohi ham uning zulfiga giriftor edi. Bir nafas usiz nafas olmas edilar; u bo‘lmasa jonsiz bo‘lib qolib, nafas olish mumkin bo‘lmay qolardi.
U gul yuz maydonga chiqqanda go‘y va chavgon o‘ynashga berilar edi. Xon o‘zi unga hamroh bo‘la olmagani uchun bir necha soqchilarni unga qo‘shib yuborar edi. Biron kishi unga ko‘z olaytirsa yoki uning haqida bir narsa desa, maxsus noyiblar uning aybini xonga aytar edilar; xon hukmi bilan undan qasos olinar edi. Biron kun yo‘q ediki, qanchadan-qancha oshiqlar shu xildagi balodan xalokat topmagan bo‘lsin.
Kunlarning birida uning qiliqlarini sevib qolgan bir oshiq ishq-muhabbat yo‘lida sodiqlik ko‘rsatib, uning dardu xasratidan yillar davomida qon yutib, qon ham emas, xijron mayini ichib, oshiq xasday bir go‘shada yotganida, yonidan sevgilisi ot o‘ynatib o‘tib qoldi. Visol kayfi – kuchli, oshiq – zaif edi. Chidayolmay xushidan ketib yiqildi. Tayinlangan odamlar birinchi bo‘lib oshiqni, qolabersa boshqalarni xonning oldiga olib kelishdi. Xon bu bechora mazlum asirlarni ko‘rib o‘ldirish haqidagi hukm bilan ularga g‘azab qildi:
– Bularning hammasini yer bilan teng eting, paxsaning orasiga olib, ulardan devor qiling, yuzlari devordan tashqariga chiqib tursin; hamma tomondan xalq ularni ko‘rib, ibrat olsin. Bu qaxrdan odamlar hisob olib, ular ko‘p azob chekib o‘lsin.
Jazolovchilar bu buyruqni bilib, hukm qanaqa bo‘lsa, o‘shanday bajardilar. Zarrin ohu tog‘ orasiga yashiringach, yengil shabada xo‘tan mushki ni socha boshladi. Dasht yerda bazm qurgan xon otlanib shahar tomon yo‘l oldi. May boshini, ishq o‘ti badanini qizdirar edi. Shaharning nozanini ham yonida edi. Ularning yo‘li xaligi paxsaning oldidan o‘tdi. Har tomondan yuz xil nola va faryod eshitilar edi. Xusumatkor shoh odamlarini qoldirib, o‘sha tomonga bordi. U jazoga buyurilganlarning ishq yo‘lida qanchalik mustaxkam tura olishlarini bilmoqchi bo‘ldi. Paxsaning orasida bir to‘da tutqunlar ko‘rindi. Ularning har biri o‘z ahvoliga yig‘lar edi. Ularning hammalari pushaymon bo‘lib turgan edilar. Faqat bir o‘sha sof ko‘ngil oshiq ishqning bu balolariga yaxshi qarab, yuzi kasalmand, sarg‘aygan, yomon bir ahvolda, devor orasida bir somon kabi turar edi. Har lahza Tangriga sano aytib, shukr qilishni joyiga qo‘yardi:
– Shu fursatda mening jonim chiqayapti. Yorning g‘ami esa buni osonlashtiradi,- derdi u. Umridan ikki-uch nafas qolganda ham u yor so‘zini so‘zlardi, xolos. Tilida ham yor edi, so‘zida ham, og‘zida ham yor edi, ko‘zida ham. Zolim hukmdor uni ko‘rib, ko‘ngliga ishq o‘ti ta’sir qildi; uni o‘limdan xalos etib, yorning haramiga xos maxram qildi. Ishq balolariga shukr qilgani uchun, boq, u qanday ulug‘, yuksak martabaga erishdi.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan