Er yuzidagi butun jonzotlarga hukmronlik kilgan Hazrati Sulaymonning Yamandagi saroyiga sodda bir odam shoshilib kiradi. navbatchilarga hayot mamot masalasi yuzasidan hazrati Sulaymon bilan ko‘rishmoqchi ekanini aytgach, unga izn beriladi. Sulaymon yuzi oqargan, qo‘rquvdan titrayotgan odamdan so‘radi:
— Tinchlikmi, nima bo‘ldi? Nega bunchalik qo‘rqayapsan? Darding nima?..
Odam qo‘rquvdan:
— Bu tong oldimga Azroil keldi. menga qahr bilan boqti va tezda g‘oyib bo‘ldi. mening jonimni olishga qaror qilgan ko‘rinadi.
Xo‘p nima qilishimni xohlaysan?
Odam yolvordi:
— Ey jonlar qo‘riqchisi, mazlumlar panohi Sulaymon… Sen ko‘p narsaga qodirsan. bo‘ri, qush, tog‘ toshlar barcha barchasi sening amringda. Shamolingga buyurki, meni bu yerdan uzoq Hindiston tomonlarga eltsin… Shunda Azroil balki meni topolmas. Shunday qilib jonimni qutqargan bo‘lar eding. Madad sendan…
Sulaymon odamning ahvoliga achindi. Shamolni chaqirib: “Bu odamni darhol Hindistonga olib borib tashlab kel”, deb buyruq berdi. Shamol shu zahoti shiddat bilan esib, o‘sha odamni Hindistonning uzoq bir go‘shasiga eltib qo‘yadi.
Peshinga yaqin Hazrati Sulaymon devonni yig‘ib, arzga kelganlar bilan muloqotini boshlaydi. Bir qarasa, Azroil ham jamoat ichida o‘tiribdi.
Tezda yoniga chaqirib:
— Ey Azroil… Ertalab nega u odamga g‘azab bilan qarading? Nega u bechorani qo‘rqitding? dedi. Azroil javob berdi:
— Ey dunyoning ulug‘ Sultoni… Men u odamga g‘azab bilan emas, hayrat bilan qaradim. U noto‘g‘ri tushunib, qo‘rqib ketdi. Uni bu yerda ko‘rgach hayron qoldim. Chunki Alloh taolo menga: “Qani bor, shu odamning jonini Hindistonda ol”,deb buyruq bergan edi.
Uni ko‘rib, bu odamning yuz qanoti bo‘lsa ham, bu kech Hindistonga yetib borolmaydi, bu qandoq bo‘ldi deb hayron qaradim. Men Allohning buyrug‘ini noto‘g‘ri angladimmikan, deya xavotirda edim. Unga qarashimning boisi mana shu edi. Hindistonga borib, uni o‘sha yerda topdim va jonini olib qaytdim.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan