Bahlul haqida rivoyatlar

Hijriyning ikkinchi asrida, melodiyning VIII asrida yashab o‘tgan mashhur alloma Bahlulning asl ism-sharifi Abu Vahib Umaru bo‘lgan. U Kufa shahri (Iroq)da dunyoga kelgan va shu yerda unib-o‘sgan. Bahlul xalifa Horun ar-Rashid bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Uning xususan Horun ar-Rashid bilan munozara va bahslari xalq orasida keng yoyilib, qimmatli hikoyalarga aylangan.

 

XALIFA TUHFASI

Xalifa Horun ar-Rashid Bag‘dod shahrining faqir-fuqarolari va ehtiyojmandlariga tarqatgin deb Bahlulga picha mablag‘ berdi. Bahlul uni olib, bir oz o‘ylab turdi-da, pulni xalifaning o‘ziga qaytarib berdi. Horun ar-Rashid buning sababini so‘ragan eldi, Bahlul bunday javob berdi:

— Shuncha o‘ylab-o‘ylab shaharda xalifaning o‘zidan ko‘ra muhtojroq va kambag‘alroq kishini topolmadim, shuning uchun pulni o‘zingizga qaytarib berdim, chunki sizning amaldoru gumashtalaringiz bozorlarda turib olib, qamchi va kaltak zarbi bilan oddiy xalqning cho‘ntagidan oxirgi chaqasini tortib olib, xazinangizga keltirib to‘kmoqda. Shu sababdan sizning pulga ehtiyojingiz xalqnikidan ko‘ra ko‘proq deb o‘ylab, uni o‘zingizga qaytardim.

 

BAHLULNING PODShOHGA NASIHATI

Bahlul saroyga kirib, Horun ar-Rashidning yoniga kelib o‘tirdi.

— Menga nasihat qil, – o‘tindi Horun ar-Rashid undan.

— Amiralmo‘minin, suvsiz cho‘li biyobonda qolib, tashnalikdan o‘lar holatga yetsangiz, sizga bir qultum suv berib, o‘lim changalidan qutqargan kishiga nima berar edingiz? — so‘radi Bahlul shohdan.

— Yuz dinor tillo berardim, — javob berdi xalifa.

— Agar suv egasi pulga rozi bo‘lmasa-chi?

— Podshohligimning yarmini bag‘ishlardim.

— Suv ichganingizdan so‘ng, peshobingiz kelmay qolib, qiynalib qolsangiz, unda bu kasalni davolagan kishiga nima berar edingiz?

— Podshohligimning qolgan ikkinchi yarmini berardim, — javob berdi Horun ar-Rashid.

— Shundoq ekan, siz bu podshohlik bilan nega buncha g‘ururlanasiz? Axir podshohlikning qiymati bir qultum suv va bir marta hojat qilishdan iborat ekan-ku! Xo‘sh, shu arzimagan narsaga bechora xalqni shuncha zulmga mubtalo qilish aqldanmi?! — dedi Bahlul.

 

PIYoDA BAHLUL

Bir kun Bahlul poyi-piyoda ketayotgan edi, Bag‘dod shahri qozisi uning orqasidan yetib kelib, so‘radi:

— Ie, eshagingni o‘g‘irlatib qo‘ydingmi deyman, poyi-piyoda ketayotibsan?

— Gap eshakning o‘g‘irlanganida emas, iloyo siz salomat bo‘ling, chunki sizning sochingizning bitta tolasi mening yuzta eshagimga arziydi, — deb javob qaytardi Bahlul.

 

KIM AHMOQROQ

Abbosiy Horun ar-Rashid mamlakatning butun a’yonu ashraflari va boyonlari yig‘inida Bahlulni mazax qilmoqchi bo‘lib, undan so‘radi:

— Qani Bahlul, ayt-chi, shu paytgacha o‘zingdan ahmoqroq kishini uchratganmisan?

Bahlul shartta javob qaytardi:

— Rostini aytsam, yo‘q, – keyin Xalifaga imo qilib qo‘ydi-da, dedi: — Bugun birinchi marta o‘zimdan ko‘ra ahmoqroq kishini ko‘rib turibman.

 

FAROSATSIZ HOKIM VA BAHLUL

Xalifa Horun ar-Rashid bir kishini viloyatga hokim qilib jo‘natdi. Hokim shaharga kelishi bilan aholini maydonga yig‘ishni buyurdi va ma’ruza qildi:

— Xaloyiq, xudoga shukur qilingki, odil va fozil xalifangiz bor, boshidan-oyog‘igacha adolatga to‘la hokimingiz bor, ular doim sizning xizmatingizda! — Xullas, xalifani va unga qo‘shib o‘zini rosa maqtadi hokim.

Hokim minbardan tushishi bilan Bahlul uning o‘rniga chiqdi-da, jamoaga qarata xitob qildi:

— Xaloyiq! Menga ishoning, hokim janoblari aytgan gaplarning hammasi to‘g‘ri va rost. Ul zot haqiqatni ro‘yi-rost so‘zladilar! Men bu valine’matni yaxshi taniyman, xudo sizlarga lutf qilib shunday beozor hokimni ato etibdi, sizlar uning qadriga yetib, aytgan so‘zidan sira chiqmanglar!

Bahlul so‘zini tugatib, minbardan tushdi va o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lib ketdi.

Hokim bir kuni uning orqasidan odam yuborib chaqirtirdi-da, so‘radi:

— Ey faqir inson! Sen kimsan, bizga bunchalik mehru muhabbat ko‘rsatganing boisi ne?

Bahlul javob berdi:

— Gap o‘rtamizda qolsin, hech kimga lom-mim dema. Sen xalqni ahmoq qilding, men esa — seni.

 

BAHLULNING IQRORI

Bir kishi qoziga Bahlul ustidan “Mening ko‘ylagimni o‘g‘irladi” deb shikoyat qildi.

Qozi Bahlulni chaqirib so‘roq qildi:

— Sen bu odamni avval ko‘rganmiding?

Bahlul indamadi. Shunda qozi asabiylashib, Bahlulga dedi:

— Ertagacha muhlat beraman, rostini so‘zlaysan.

Ertasiga da’vogar va Bahlul qozi huzuriga kelganda, qozi undan takror so‘radi:

— Sen bu odamni avval ko‘rganmiding?

— Ha, — tezda javob berdi Bahlul.

Qozi suyunib ketdi, chunki u Bahlul aybiga iqror bo‘ldi deb o‘ylagandi-da. So‘ng so‘radi:

— Qayerda, qaysi paytda ko‘rgansan?

— Kecha, xuddi shu yerda, sizning huzuringizda.

 

JINNIXONA

Horun ar-Rashid saroyida xizmat qiluvchi kishilardan biri ko‘chadan o‘tib ketayotgan edi. Bahlul bilmasdan uni qattiq turtib yubordi. U kishi zarbning kuchidan yiqilib tushdi. U o‘rnidan turdi-da, Bahlulga zarda bilan o‘shqirdi:

— Hoy ahmoq! Mening kimligimni bilasanmi o‘zi?

— Albatta, bilaman! Chunki sizni bir necha marta yaqindan ko‘rganman, — javob berdi Bahlul.

— Qayerda ko‘rgansan? — so‘radi haligi kishi.

— Jinnixonada, — javob qaytardi Bahlul.

— Voh! Men seni ahmoq desam, devona ham ekansan-ku! Men Horun ar-Rashid saroyida xizmat qilaman, — dag‘dag‘a bilan dedi haligi odam.

— Shuning uchun jinnixona deyapman-da, — dedi Bahlul.

 

ODIL XALIFA

Bir kuni Bahlul jamoatga qarata shunday dedi:

— Horun ar-Rashid — odil va insofli podshodir.

Bu gapdan xaloyiq taajjublanib, hayron qoldi, chunki Bahlul hech qachon bunaqa gaplar aytmasdi. Shuning uchun uning o‘zidan so‘rashdi:

— Nimaga asoslanib, xalifani odil deyapsan?

Bahlul javob berdi:

— Kecha xalifaning huzurida bo‘lgan edim, uning o‘zi shaxsan shunday dedi.

 

INSONIYLIK VA VAHShIYLIK

Xalifaning bir necha soliqchisi juda kambag‘al bir dehqondan soliq to‘la deb qisti-bastiga ola boshladi. Dehqon sariq chaqam ham yo‘q deb qasam ichar, yalinib-yolvorar, ammo soliqchilar uning gapiga quloq solmasdi. Davlat soliqchilari oxiri uning gapiga ishonib, jahldan dehqonning kulbasiga o‘t qo‘yib yuborishdi.

Bechora dehqon dodlaganicha nuqul bir gapni qaytarar edi:

— Bu insoniylik emas, balki hayvoniylikdir.

Ittifoqo, shu yerdan Bahlul o‘tib qoldi, dehqonning gapini eshitib, unga dedi:

— Og‘aynijon, aksincha, bu insonlarning ishi, bir hayvonning boshqa hayvon uyiga o‘t qo‘yganini qayerda ko‘rgansan?

 

ITNI QAYTARISh USULI

Bir kishi donishmanddan so‘radi:

— Agar it menga tashlansa, nima qilishim kerak?

— Qur’oni Karimning falon oyatini o‘qisang, it darhol sendan qochadi, — javob berdi donishmand.

Bu suhbatni eshitib o‘tirgan Bahlul haligi kishiga dedi:

— Har ehtimolga qarshi bir tayoq ham ol, chunki ba’zi itlar arab tilini bilmaydi.

 

BAHLUL VA UNING QIZALOG‘I

Bir kuni Bahlul qizalog‘i bilan ko‘chadan ketayotgan edi, to‘satdan tobut ko‘targan bir gala odam ko‘rindi. Qizaloq hayron bo‘lib otasidan so‘radi:

— Dadajon, bu odamlar nimani ko‘tarib ketishayotibdi?

Bahlul tushuntirdi:

— Ular tobutni ko‘tarib ketishayapti, ichida o‘lik odam bor, uni gilamsiz, chiroqsiz, nonsiz va suvsiz bir joyga olib borishadi.

— Dadajon, unda bizning uyga olib borishayotgan ekan-da!

 

KIMGA QIYIN

Bag‘dod shahri dorug‘asi Bahlulning yoniga kelib, dedi:

— Sen bilan xayrlashgani keldim. Boshqa shaharga ishga ketayotibman.

— Voy-bo‘, juda qiyin bo‘ladigan bo‘pti-ku! — dedi Bahlul.

— Ha, senga qiyin bo‘ladi, chunki men bo‘lmayman-da, – dedi dorug‘a.

— Yo‘q, – dedi Bahlul,– sen boradigan shahar aholisiga qiyin bo‘ladi, demoqchiman.

 

XALIFA VA TAXT

Bahlul bir kuni shoshib Horun ar-Rashidning saroyiga kirsa, xalifaning taxti bo‘sh turibdi. U tap tortib o‘tirmay, borib taxtiga o‘tiribdi. Mulozimlar va navkarlar Bahlulni do‘pposlab, taxtdan tushirib oldi. Bahlul azbaroyi kaltakning zo‘ridan yig‘lab turgan ediki, Horun ar-Rashid kirib keldi va so‘radi:

— Nima gap?

Voqeani ko‘pirtirib unga so‘zlab berdilar. Horun navkarlarni koyib, Bahlulga tasalli bera boshladi.

Bahlul esa:

— Men o‘zimga emas, sizning holingizga yig‘layotibman, chunki bir necha daqiqagina taxtingizga o‘tirib, shuncha kaltak yedim. Siz umr bo‘yi shu taxtda o‘tiribsiz. Buning oqibati ne bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rdingizmi, amiralmo‘minin?

 

FOYDALI TIJORAT

Bag‘dodlik savdogar bir kuni bozorda Bahlulni uchratib qoldi.

— Janob Bahlul, qanday mol sotib olsam, katta foyda ko‘raman? — so‘radi u.

— Temir va paxta sotib ol, — javob berdi Bahlul.

Savdogar uning aytganini qilib, juda katta foyda qildi.

Savdogar ikkinchi marta Bahlulni ko‘rganida so‘radi:

— Ey devona Bahlul, katta foyda qilish uchun qanaqa mol sotib olay?

— Piyoz va qovun sotib ol, — javob berdi Bahlul.

Savdogar yana Bahlulning aytganini qilib, piyoz va qovun sotib oldi, ammo o‘sha yili havo issiq kelib, qovun va piyoz sasib ketdi, savdogar ularni daryoga oqizib yuborishga majbur bo‘ldi. Natijada katta zarar ko‘rdi.

Savdogar tezda Bahlulni qidirib topdi:

— Bergan maslahatingdan o‘rgildim, nuqul zarar ko‘rib, qarzga botdim-ku?! — dedi kuyunib u.

— Birinchi marta menga janob deb murojaat qilding, oliyjanoblik bilan javob berdim, ammo keyingi daf’a meni devona deding, men ham devonalarcha javob qildim, — dedi Bahlul.

Forsiydan Jamil Hazratqulov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 7-son