Arslon o‘rmonda fil bilan olishib charchadi. So‘ng tulkini yoniga chaqirib:
— Holdan toydim. Ovga yaramayman. Bor, menga bir eshak ovlab keltir. Birgalikda yeymiz, dedi.
— Amringiz bosh ustiga, sultonim. Turli hiylalar bilan sizga hatto tiriklayin keltiraman, deya bir qoyaga tomon yugurdi.
Qarasaki, o‘tloqda egasiz ozg‘in bir eshak yuribdi. Yoniga yaqinlashib, quyuq salom berdi. va uni avray boshladi:
— Bu qup-quruq tekisliqda yolg‘iz o‘zing nima qilayapsan, ey do‘stim?
— Shu holimga shukr qilaman. Rizqni Alloh beradi. Shikoyatim yo‘q, kunim o‘tib turibdi. Jon bergan Alloh, ozuqa ham beryapti.
— Ey janob! Sening bu tavakkaling juda kam odamda topiladi. Juda kam bo‘lgan narsa esa yo‘q hukmidadir. Bu yo‘qlik atrofida tentirab yurish ahmoqlik sanaladi.
Bu so‘zlarni eshitgan eshak takror javob berdi:
Gaping to‘g‘ri emas. Shuni bilki, butun yomonliklar ochko‘zlikdan kelar. Qanoatdan hech kim o‘lmagan, hirsdan esa hech kim sulton bo‘lmagan. Tulki eshakning so‘zini bo‘lib:
Alloh insonlarga o‘zlarini o‘zlari halok etmaslikka buyuradi. Shu quruq qoyalikdan iborat cho‘lda sabr kilmoq ahmoqliqdir. Kel, o‘tloqqa ko‘chgin. Bilsang, u yerda qancha o‘t-o‘lanlar, oqar suvlar bor, dedi.
Tulki turli so‘zlar bilan eshakni avragancha yetaklab, to‘g‘ri arslonning uyiga sudradi. Arslon eshakni ko‘rar ko‘rmas o‘kira boshladi. Buni eshitgan eshak jon holatda ortga qochdi. Tulki unga yetib olib:
Hoy sodda va go‘l maxluq! Nega qochayapsan. eshitilgan tovush, sening vahimang, hayolingdir. Endigina maysazorga kelgandikku. Sen esa qo‘rqding, qochding, dedi.
Tulki yana ming bir yolgon bilan eshakni o‘ziga ergashtirdi. Arslonning uyiga olib bordi. Arslon eshakni g‘ajib, qornini to‘ydirdi. So‘ngra arslon suv ichish uchun g‘ordan chiqdi. Tulki arslonning yo‘qligidan foydalanib, eshakning miyasi va o‘pkasini yedi. Arslon qaytgach, tulkidan so‘radi:
Buning miyasi qani?
— Ey, sultonim! Agar eshakning miyasi bo‘lsa, o‘sha dahshatli o‘kirikni eshitgandan keyin yana bu yerga, sening ostonangga kelarmidi?
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan