Bir kecha Abbosa suhbatdoshlariga murojaat qilib dedi:
-Ey hozir bo‘lganlar, agar bu jahon kofirlar bilan to‘lsa va o‘shanda kofirlar sidqu safo yuzidan imonni qabul qilsalar ishonmoq mumkin. Darhaqiqat, buning tasdig‘i shuki, minglab payg‘ambarlar odamlarni imonga da’vat etdilar, odamlar ularga ergashdilar. Ammo ularning kofir nafsni musulmon qilishga kuchlari yetmadi. Bunga urinmadilar ham, zero yuzlab tafovut va ziddiyatlar, adovatu nadomat shu nafs tufayli edi.
Biz hammamiz kofir nafs hukmidamiz, o‘z ichimizda kofirni parvarishlaymiz. Bu nafs shunday bo‘isunmas, battol kofirki, uni o‘ldirish eng katta savob. Bu nafs har jihatdan ofat keltiradi. Agar u nobud bo‘lsa, qanday yaxshi bo‘lardi. Ko‘ngil vujud mamlakatining muqim otlig‘idir, ammo kecha-kunduz bu nafs iti uning nadimi, suhbatdoshi. Otliq otini qancha choptirsa, it ham ov paytida u bilan barobar yuguradi.
Ko‘ngil nimaki Jonon huzuridan olgan bo‘lsa, nafs ham ko‘nguldan shuncha oladi. Kimki bu itni mardlik bilan band etsa, ikki olamda sherni o‘z domiga tushirgan bo‘ladi. Kimki bu itni o‘ziga bo‘ysundirsa, mardlikda hech kim u bilan tenglasholmaydi. Kimki bu itni mahkam bog‘lasa, uning oyog‘ining tuprog‘i boshqalar qonidan afzaldir.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.