Jahon adiblari adabiyot haqida

Yaxshi tanqidchi nafaqat o‘qigan asarlarini tahlil qiladi, balki u o‘z qalbining kechinmalari — sarguzashtlarini ham bayon qiladi.

Anatol Frans

* * *

Faqat o‘zing yaxshi o‘rgangan, yaxshi biladigan narsalar haqida yozish, yozganda ham samimiy va rost yozish kerak; tasvirlangan holat inson qalbini o‘rtab yuborsin, voqelikni baholashga yordam bersin, o‘quvchi boshidan kechirgan voqelikning bir qismiga aylanib qolsin.

Ernest Xeminguey

* * *

Dorilfununlardagi, korxonalardagi, birjalardagi va ko‘ngilxushlik qiladigan joylardagi “real” hayot har qancha hayajonli bo‘lmasin, biz har kuni ikki soat vaqtimizni o‘tgan zamonlarning falsafasini va adabiy asarlarini mutolaa qilish bilan o‘tkazmasak, haqiqiy hayotga yaqinroq bo‘la olmaymiz.

Herman Hesse

* * *

Romanning kelajagi yozuvchilik uslubidagi muayyan bir urf­ga ergashishga bog‘liq emas; biror-bir iqtisodiy sharoitga ham bog‘liq emas. Romanning kelajagi faqat ikkita xususiyatga bog‘liq. Bu xususiyatlar Ulug‘vorlik va Jozibadorlikdir.

Jon Golsuorsi

* * *

Har bir avlod o‘zini dunyoni qayta qurishga mas’ul, deb hisoblaydi. Men mansub bo‘lgan avlod esa bunday qilolmasligini biladi. Biroq uning vazifasi, ehtimol, undan-da kattaroqdir. Bu vazifa yer kurrasi yo‘q bo‘lib ketishiga xalal berishdan iborat.

Alber KAMYu

* * *

San’at faqatgina hayotni qalamga olish emas, shuningdek, borliqning birligini aytish ham… O‘z davrining e’tiborga loyiq yozuvchisi noma’lum, betakror, yagona tirik hayot haqiqatini tasvirga olishga qodir kashfiyotchidir.

Boris Pasternak

* * *

Poeziya nafaqat dunyoni bilish, balki u hayotning o‘zi hamdir, butun borlig‘i bilan hayotning o‘zi. Shoirlik qabilachilik zamonida yerto‘lalarda yashagan odamning qalbida ham bor edi, u atom asri odamining ruhida ham yashaydi… Borki mavjudotga sadoqati bilan shoir bizga bizning dunyomizning boqiyligi va birligini his etishimizga yordam beradi… Va agar shoir o‘z davrining xastalangan vijdonini gavdalantira olsa, unga boshqa talab yo‘q.

Sen-Jon Pers

* * *

Adabiyot muallifga insoniy ongni saqlab qolish imkonini beradi, adabiyot bizning o‘zimiz bilan o‘zimiz gaplashadigan narsalardan boshlanadi. Bu o‘rinda o‘zaro aloqa ikkilamchi vazifa. Adabiyotni bizning ichki his-tuyg‘ularimizning amalga oshishiga bo‘lgan ehtiyojimiz paydo qiladi. Kitob, jamiyatga ta’sir etadimi, yo‘qmi — bu boshqa masala, bu savolning javobi uning muallifiga mutlaqo bog‘liq emas.

Gao Sintszyan

* * *

Men shunga ishonamanki, inson nafaqat bardosh beradi — u yengadi. Uning o‘lmasligi tirik mavjudotlar orasida aql-idrokka egaligida emas, balki qalbi, ruhi, iztirob chekishga qobilligi, o‘zini qurbon qila olishi va sabr-toqatli ekanida. Shoirning, yozuvchining burchi shu haqda yozishi zarurligidadir… Shoir shunchaki inson hayotining solnomasini yozmasligi kerak; uning asari insonni qo‘llab-quvvatlaydigan, uning bardoshiga kuch beradigan va yengishiga ko‘maklashadigan tayanch, ustun bo‘lishi lozim.

Uilyam Folkner

* * *

Adabiyot tufayli, adabiyot uyg‘otgan tafakkur, intilish va istaklar tufayli, xayolot saltanatiga safar chog‘i ko‘ngilda bosh ko‘targan kechinmalar tufayli bugungi tsivilizatsiya odamiylashdi, najot topdi. Adabiyot ahli o‘ylab topgan badiiy to‘qima qumga singigan suvdek izsiz ketmadi, bil’aks toshga aylangan yuraklarni mumdek eritdi. Yaxshi kitoblar bo‘lmaganida edi, insoniyatning bugungi holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi, mustaqil fikrdan mahrum labbaychilar urchib ketardi, ko‘ngil birligi yo‘qolardi, mutelik kayfiyati keng tarqalib, o‘z-o‘zini anglash tuyg‘usi — taraqqiyotning yetakchi omili — yo‘qolardi.

Mario Vargas Losa

* * *

Tariximizning aqldan ozgan yigirma-o‘ttiz yilida hamma tengdoshlarim qatori davr talvasasi oldida butkul esankirab va ojiz holda qolarkanman, bu kunlarda yozuvchi bo‘lish sharaf degan elas-elas hissiyotdan o‘zimga tayanch topdim, shunga ko‘ra bu tayanch menga majburiyat yukladi. Xususan, menga bizning umumiy tariximiz zarbalarini o‘ziga qaratganlar taqsimlab olgan baxtsizlik va umidlar yukini kuchim va imkonim qadar zimmamga olish majburiyatini yukladi.

Alber Kamyu

* * *

Xabar yozishni biladigan ijodkor roman yozishni ham uddalaydi.

Ernest Xeminguey

* * *

Hozirgi paytda tragediyani baxtsizlik, deb tushunishadi. Qadimda yunonlar boshqacha tushunishgan. Tragediya kishiga ko‘tarinki ruh bag‘ishlashini his etishgan. Bu turdagi asarlar ta’sirida ular kundalik odatdagi tirikchlikning mayda tashvishlaridan yuqori turishgan. Tragediya kishilarni ezgulikka yo‘llaydi, deb hisoblashgan. Zotan, chinakam san’at asari, qaysi tur va janrda yaratilganiga qaramay, barcha zamonlarda odamlarga xushbaxtlik bag‘ishlaydi.

Yudjin O’nil

* * *

To‘g‘ri, yozuvchi oddiygina so‘zlarni ishlatadi, lekin ularning o‘ziga yarasha qancha qonunlari, qoidalari bor! So‘zlarda u yaratayotgan dunyolarning yurak urushi eshitiladi. Ular yog‘och kabi, metal kabi tovush chiqaradi, jaranglaydi. Ular tovushlarga taqlid qiladi. Bizning ishimizda eng avval mana shuni — tovushga taqlidni hisobga olish lozim.

Migel Anxel Asturias

* * *

Tez-tez so‘z san’atidagi durdona asarning tabiati borasida bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Agar adashmasam, Pol Valeri chinakam durdona asarni quyidagi xususiyatidan shak-shubhasiz bilib olish mumkin degan, ya’ni bunday asarda hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Chinakam durdona asar juda mukammal qurilgan bo‘ladi, unda harakat to‘xtovsiz rivojlanib turadi, undagi hamma narsa, hatto ziddiyatlar ham hayratlanarli darajada yaxlitlik kasb etgan bo‘ladi; to‘qimada xom, salqi iplar uchramaydi, u muhtasham tarzda yaratilgan, mumtoz shaklga ega bo‘ladi. “Bovari xonim” — durdona asarning yuksak namunasi.

Andre Morua

* * *

Shoiri bo‘lmagan xalq misoli ruhsiz tana.

Gabriyela Mistral

* * *

Yozish va professional yozuvchi bo‘lish mutlaqo boshqa-boshqa narsa. Men she’rlar, kichik-kichik hikoyalar yozishni juda erta boshlaganman, ammo haqiqiy yozuvchi darajasiga urushdan keyingi yillarda yetib keldim.

Genrix Byoll

* * *

Yozishni xohlagan asaringni yozilishi zarur bo‘lgan asarga qurbon qilishni bilish kerak.

Raul Dyurfi

* * *

So‘z tuyg‘usi, nutq ohanglari va ranglarini his etishni she’r o‘qish va yaxshi proza asarini mutolaa qilish orqali o‘stirsa bo‘ladi, ammo bu xususiyatlar, yaxlit ohangda, tug‘ma did va musiqiy tuyg‘uga bog‘liq… Hech kim yozuvchini hayotni bunday kuzatmaslikka va bunday his etmaslikka, balki boshqacha his qilib, boshqacha ko‘rishga majburlay olmaydi. O‘qish va yozishni o‘rganganidan so‘ng ijodkor boshqalardan faqat bir narsani, ya’ni qanday yozmaslik kerakligini o‘rganmog‘i mumkin. Yozuvchining haqiqiy ustozi hayotning o‘zidir.

Jon Golsuorsi

* * *

Yozuv san’atiga murojaat qilgan, biror sabab bilan qalam tebratgan har qanday odamni “yozuvchi”, deb atash joiz emas. Yozuvchining so‘z san’atkori sifatidagi xarakterli belgilarini uning xayolotidan, ilhomidan, olamni juda teran idrok etishidan izlamoq kerak. Yozuvchining yozuvchiligi u tanlaydigan badiiy vositalarda namoyon bo‘ladi. Bu vositalar yozuvchi tasvirlaydigan voqea-hodisalar kitobxonda imkon qadar keng va teran taassurot uyg‘otmog‘i talab etiladi.

Yan Parandovskiy

* * *

 

Tarixchi olim bilan shoir o‘z asarlarini biri vaznsiz, ikkinchisi vaznga solib yozishi tufayligina bir-biridan farqlanmaydi. Agar Gerodotning asarlari she’riy vaznga solib yozib chiqilsa ham baribir tarixiy asarligicha qoladi.

Arastu

* * *

Agar Lutsiliy bizning davrimizda yashaganda edi, o‘zining she’riy to‘plamlarini qayta ko‘rib chiqqan va ulardagi aksariyat she’rlardan voz kechgan bo‘lardi…

Iste’dodli shoir olomonni qoyil qilish uchun urinmagani ma’qul.

Goratsiy

* * *

Buyuk adiblar, allomalar, shoirlarning asarlari faqat chiroyli so‘zlari, tilining jozibaliligi bilangina emas, balki mardona ruhi bilan go‘zal va qimmatlidir. Ulug‘ adiblar asarlaridagi ma’nolarni bir o‘qishda ilg‘ab olish mushkul, buning uchun ularning ijodini chuqur o‘rganish lozim bo‘ladi.

Seneka

* * *

Tafakkur va tasavvur mevasi bo‘lgan adabiyot g‘orlardan osmon­o‘par binolarga qadar, so‘yildan ommaviy qirg‘in quroliga qadar, qabilaviy hayotdan globallashuv davriga qadar insoniyatga muallimlik qildi, uni g‘aflat uyqusiga ketishdan, qirg‘in va halokatlardan saqladi… Zotan, adabiyot bizga real hayot bera olmaydigan qizg‘in sarguzashtlar, otashin tuyg‘ularni tuhfa etadi… Demak, biz orzu qilish, o‘qish, yozishdan bir soniya ham to‘xtamasligimiz kerak. Zero, foniyni boqiyga aylantiruvchi, asov vaqt ustidan hukm yuritishga imkon beruvchi eng samarali yo‘l — shu!

Mario Vargas Losa

* * *

Shu narsa ayonki, agar roman ko‘ngilni ovlasa o‘quvchiga manzur bo‘ladi. Bir paytlar: agar roman ko‘pchilikka manzur bo‘lsa, bu yaxshi asar emas; o‘quvchilar olqishini olgan romanda hech qanday yangilik bo‘lmaydi, chunki bunday asar o‘quvchiga u kutayotgan va istayotgan narsani beradi, deyishgan. Meningcha esa, agar roman o‘quvchiga kutilgan nimanidir berayotgan ekan, demak, unga ma’­qul; agar roman o‘quvchiga manzur ekan, demak, u kutilgan asardir.

Umbert Eko

* * *

Hech narsa til kabi insonga o‘zini anglashida katta yordam bera olmaydi. Modomiki men o‘zimga nisbatan aniqlikni anglar ekanman, demak, bu mening o‘z tilimda yaxshi yoza bilishimdan dalolatdir. Men foydalanadigan so‘zlar meni adashtirmaydi, men shu so‘zlarni yozayotib hech kimni aldamayotganimni yaxshi bilaman.

Iosif Brodskiy

* * *

Adabiyotni bizning ichki his-tuyg‘ularimizning amalga oshishiga bo‘lgan ehtiyojimiz paydo qiladi. Kitob jamiyatga ta’sir ko‘rsatadimi, yo‘qmi — bu boshqa masala, bu savolning javobi uning muallifiga mutlaqo bog‘liq emas.

Gao Sintszyan

* * *

Inson qo‘lidagi turli-tuman qurol-yaroq, asbob-uskunalar orasida eng g‘aroyibi, shubhasiz, kitob sanaladi. Qolganlarini uning jismoniy davomi, deyish mumkin. Mikroskop va teleskop — ko‘zning davomi, telefon — ovozning, omoch va qilich — qo‘lning. Biroq kitob — butunlay boshqa narsa, kitoblar — xotiralar va tasavvurlarning davomidir.

Shouning “Sezar va Kleopatra”sida Aleksandriya kutubxonasi haqida so‘z boradi va uni insoniyat xotirasi jamlangan koshona, deyishadi. Darhaqiqat, kitob odamzotning xotirasi xazinasidir.

Xorxe Luis Borxes

* * *

Ijodning ilk bosqichida asarning umumiy ohangi qulog‘imga chalinadi. Muhimi, dastlabki yozilgan jumlaning asar taqdirini hal etuvchi ahamiyatga egaligida. Ilk jumla asar janrini, maromini belgilab beradi… Modomiki, quloqqa chalingan o‘sha ohang rivoj topmasa, shubhasiz, chalg‘ib ketasan, boshlagan asaringni bir chetga surib qo‘yasan yoki undan bir narsa chiqmaydi, tashlab yuborasan.

Ivan Bunin

* * *

Hozirgi dunyoda adabiyot murakkab sharoitga tushib qolgan. Fav­qulodda u keraksiz buyumga aylangandek, zero, qiziqishlar ham, his-hayajonlar ham oldingiday emas, bo‘lakcha. Burungi kitobxonlarimizning o‘y-xayollari endi boshqa narsalar bilan band. Bugungi kitobxonlar esa asl mutolaaning zavq-shavqidan, aftidan, bexabar. Shundan kelib chiqib endi nima qilish lozimligini birgalashib o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

Chingiz Aytmatov

* * *

Hatto oddiy kapalakning parvozi uchun ham butun bir osmon kerak.

Pol Klodel

* * *

Tabiatdan, xuddi fotograflardek, nusxa ko‘chirmaslik kerak. Odam yurishga taqlid qilishni o‘ylab g‘ildirakni kashf etdi. Bu bilan u, o‘zi bilmagan holda, syurrealistik harakatni amalga oshirdi.

Giyom Apolliner

* * *

Siz tushunmayman, deb aytyapsizmi? Sababini faqat o‘zingizdan qidiring. Siz naqadar kambag‘alsiz, modomiki, tuyg‘uni aql bilan bog‘lay olmas ekansiz.

Pablo Pikasso

* * *

She’rda yangilik qariyb har doim shoirning qay darajada yangi ekaniga bog‘liq… Uslub — bu temirchining dastgohi emas, balki uning qalbi, ruhi.

Rene-Gi Kadu

* * *

Shoirning shaxsi kitobxonga tegishli emas. Kitobxon, daraxtdan ajratib olingan yog‘och kabi, muallifdan ajralib chiqqan asar haqida hukm chiqarishga haqli, xolos. Modomiki, munaqqid asardan siyosatchi shaxsini qidirarkan, bu o‘ta mantiqsiz harakatdir.

Sen-Jon Pers

* * *

Realizm, oldiga qo‘yilgan talablarga javob berishi uchun, bugungi kunning realligiga emas, balki kelajak realligiga asoslanmog‘i lozim. U bashorat realizmi bo‘lmog‘i kerak.

* * *

Qofiyadan bezish uni huda-behuda, me’yoridan ortiq darajada qo‘llayverish, sof gimnastika mashqlariga aylantirib yuborish oqibatida yuzaga keldi. Aslida qofiyaning siyqasi chiqqani yo‘q, balki qofiyalanmagan, she’riy misralar oxirida sof, jarangdor tovush taratadigan so‘z qolmadi, deganlarning yuragining siyqasi chiqqan, xolos.

Lui Aragon

* * *

Poeziya bizning madaniy hayotimizda muhim o‘ringa ega. She’riyat nafaqat odamlar bilan chin dildan gaplashish imkoniyatini yaratadi, shuningdek, biz poeziya tilidan turli xavf-xatarlardan bekinadigan makon sifatida foydalanamiz.

Yaroslav Seyfert

* * *

Poeziya bu — ovoz. Uni tinglay bilish kerak. Xuddi musiqani tinglagandek. U, kamoncha ishga tushishi bilan g‘ijjakka jon kirgandek, tovush pardalari harakati bilangina jonlanadi. Ko‘z qog‘ozdagi bosma harflar navosini tinglashi lozim.

Leo Ferre

* * *

Chindan ham, biz ijodiy izlanishlar chog‘ida o‘zimiz anglay olmagan narsa-hodisalarga oid fikrlarimizdan to‘g‘ri xulosalarga kelishimiz zarur. Buning uchun har bir so‘zning isbot talab qilmaydigan birlamchi, asl mohiyatini bilishimiz zarur. Shundagina sezgi-tuyg‘ularimizga, favqulodda fikriy portlash imkoniyatlariga, taassurotlarga va boshqa mezonlarga tayansa bo‘ladi.

Epikur

* * *

Shoir bizni yurak yutib botinimizga — ruhiyatimiz qa’riga nazar solishga va unda siyratimizni o‘zimiz tasavvur etgandek emas, balki aslida o‘zimizning kim ekanimizni aniq ko‘rishga da’vat etadi.

Jak Brel

* * *

Mard yoki qo‘rqoq odamning harakatlari va qo‘shiqlariga kelsak, adolat yuzasidan shuni tan olib aytish joizki, mardlarda ular go‘zal va jozibali, qo‘rqoqlarda esa xunuk va jirkanchlidir.

Aflotun

* * *

Baxtsizlik bir o‘zi kelmaydi, uning ortidan quvonch ko‘rinish beradi.

Jak Prever

* * *

Siz Uyg‘onish nimaligini bilasizmi? Bu hayot quvonchi, uyg‘unlik zamoni. Olam tag‘in odam ko‘z o‘ngida jannatdek gavdalanadi. Orzu-istaklar va hayot-sharoit bir-biriga to‘la-to‘kis mos, muvofiq keladi.

Xose Ortega-i-Gasset

* * *

Nazardan qochirmaslik kerak: simvolistik poeziya — frantsuzlarning keng dovrug‘ qozongan kashfiyotidir.

Remon Keno

* * *

Uydan tashqariga chiqishingga hojat yo‘q. Yozuv stolingdan jilma va tingla. Hatto tinglama ham, faqat kut. Hatto kutma ham, shunchaki sukut saqla va yolg‘iz bo‘l. Shunda olam o‘zini oshkor etishni boshlaydi, u boshqacha bo‘la olmaydi, u sening qoshingda ilojsiz o‘zining arzu jamolini namoyon etadi.

Frants Kafka

* * *

Ko‘p vaqtdan beri men she’r yozmay qo‘yganman. Bir vaqtlar bu san’atda ancha yutuqlarga erishganman. Endi bu ishda boshqalar mendan ustun kelishayotir. Aql-idrokim menga maslahat beradi: Bayron dahosi oldida boshingni egibroq, yelkalaringni qisibroq turgin, deydi.

Valter Skott

* * *

Mening ishim yozish, tanqidchilarning vazifasi esa tanqid qilish. Tanqidchilar hamma vaqt yozuvchilarga yordam berishgan. Men romanlarim haqidagi tanqidchilarning fikrlaridan xafa bo‘lganim yo‘q. Sodda, barchaga birdek tushunarli usulda yozganim sababli ular meni yaxshi yozmaydi, deb tanqid qilishadi. Nazarimda badiiy asar yozishning aniq bir yo‘l-yo‘rig‘i bo‘lmasa kerak. Har qaysi yozuvchi o‘zi alohida shaxs, o‘ziga xos xislatlari, o‘ziga mos o‘quvchilari bor. Shu kungacha ko‘nglimda biror-bir tanqidchiga kek saqlamaganman. Mashhurligimdan mag‘rurlanib ketmadim ham. Har doimgidek ochiqko‘ngil, samimiy insonlarga do‘st-birodar bo‘lishga intilaman.

Paulo Koelo

* * *

Garchi asrlar mobaynida turli-tuman mexanizmlar yasashni o‘rganib olgan bo‘lsak-da, ammo adabiyot qanday yaratilishini tushunib yetganimizga shubham bor.

Virjiniya Vulf

* * *

Bugun barchaga birdek ma’qul bo‘layotgan fikr-mulohazalar — bu kechagi bahs-munozaralar, xolos.

Tomas Eliot

* * *

Bir gal Bernard Shoudan siz Injilni Muqaddas Ruh yozgan deb hisoblaysizmi, deya so‘rashganda u: “Barcha zamonlarda o‘qiladigan har qanday kitob Ruh tomonidan yaratilgan bo‘ladi”, deb javob bergan ekan. Ya’ni kitob uning muallifidan keyin ham umrini davom ettirishi kerak. Muallifning maqsadi — bu insoniy maqsad, xolos, yozuvchi adashishi mumkin, biroq asarda ulkan umuminsoniy maqsadlar bo‘lishi kerak. Chunonchi, “Don Kixot” — faqat ritsarlik romanlariga kinoya emas. Bu mutlaq mukammal, yaxlit matn, unda tasodiflarga o‘rin qolmagan.

Xorxe Luis Borxes

* * *

Zakovatli insonni hayotga buyuk ehtiromidan ham tanib olsa bo‘ladi.

Viktor Gyugo

* * *

Adabiyotshunoslikning vazifasi badiiy asardan aynan qaysi g‘oyani, ma’noni izlash lozimligini ko‘rsatish, degan fikrdan voz kechish kerak. Adabiyotshunos badiiy asarga hech qanday ma’no “bag‘ishlamaydi”, balki asardagi har qanday ma’no-mazmunning paydo bo‘lishi, yuzaga kelishi bilan bog‘liq mantiqni tahlil etadi, ta’riflaydi.

Rolan Bart

* * *

Falsafa orqali inson o‘zini taniydi va Tangri bilan muloqot qiladi, xalq bilan esa so‘z san’ati (ritorika) ko‘magida muloqotda bo‘ladi… Ritorikani va poeziyani yoqtirmaydiganlar ojiz odamlar, Tangri ularni iste’doddan benasib qoldirgan. Ular ko‘nglidagini so‘z orqali ifodalay olmaydi va shu boisdan ham o‘zlarini sirli ko‘rsatishga urinadi. Aslida esa, ularda hech qanday sir yo‘q.

Sinesiy

* * *

Nima uchun biz ijodkorlar jonu jahonimizni san’atga baxshida etamiz? Bu savolga faqat bitta to‘g‘ri javob bor:

— Insonning farovonligi va ulug‘vorligi uchun!

 

Jon Golsuorsi

* * *

Hayot u haqda yozish uchun emas, balki uni yashab o‘tish uchun berilganini men yoddan chiqarmaslikka harakat qildim. Tabiat menga nimani ravo ko‘rgan bo‘lsa, barchasini sinab ko‘rishga urindim. Ijodga esa, o‘zimning birdan-bir maqsadim deb emas, insoniyatga xos boshqa faoliyat turlari bilan uyg‘unlikda olib boriladigan bir soha sifatida qaradim.

Somerset MOEM

* * *

Meni ishq sayqalladi, inson bo‘ldim. Dunyoning ulug‘vorligi va ojizligini bildim.

Muhammad Iqbol

* * *

Yaponiyada bo‘lganimda menga “Cho‘miladi ayol daryoda” she’rini yozgan shoir — Qaysin Quliyev yurtidan kelgan mehmon sifatida izzat-ikrom ko‘rsatishdi. Ular shoir hamon nozik did va teran tafakkur bilan inson go‘zalligini vasf etadigan she’rlar bitayotganiga ishonishlarini aytishdi. Yapon ayollari “Cho‘miladi ayol daryoda” she’ri muallifiga qizg‘in salomlarini yetkazishimni so‘rashdi.

David Qo‘g‘iltinov

* * *

Jeyms Joys adabiy hodisa, endi u takrorlanmaydi, u mutlaqo benazir. Joysning maktabi bo‘lmasligi mumkin, biroq uning jahon madaniyati va adabiyotidagi mavqei beqiyos.

Dmitriy Lixachyov

* * *

Qaysidir bir qayg‘uli, g‘amgin narsaga kulgan bo‘lsam, buning sababi yig‘lay olmaganimdandir.

Jorj Bayron

* * *

Meningcha, hozirgi yoshlar maqsadlarini yo‘qotmagan, ular maqsadlarini parchalab yuborganlar. Fikrimcha, bugungi dunyoda bu muqarrar holat. Men qadriyatlarga e’tibor susaygan sharoitda noaniq maqsad ketidan yurgan odamlar haqidagi voqealarni yozaman. Ehtimol, kitobxonlarim orasida yoshlarning ko‘pligi shundandir.

* * *

Mukammal matn deganlari, aslida, yo‘q narsa. Xuddi butkul umidsizlik bo‘lmaganidek.

Xaruki Murakami

* * *

“Insonni izlagan” Diogen boshqa haqiqat izlovchilardan donoroqdir. Negaki faqat insonni topibgina haqiqatga erishish mumkin.

Bernar Dade

* * *

Nazarimda, hozirgi zamon yapon yozuvchilari ruhiy erkinligini yo‘qotib qo‘ygandek. Bu meni tashvishlantiradi. Ular ko‘proq boshi bilan yozadi, yuragi bilan emas.

Kunikida Doppo

* * *

Homer zamonlaridan beri adabiyotning oldiga ikkita talab qo‘yib kelinadi — birinchidan, asarda syujet bo‘lishi kerak, ikkinchidan, xarakter yaratilmog‘i shart. Inson tabiati nihoyatda sekinlik bilan o‘zgaradigan xilqatki, ming yil ilgari ro‘y bergan voqea tasviri kuni kecha sodir bo‘lgandek qabul qilinadi.

Jon Golsuorsi

* * *

Momiqday oppoq qor yoki kumushday yarqiragan oy chiroyiga mahliyo bo‘lganingda… go‘zallik bilan uchrashib zavq va huzurga to‘lib-toshganda beixtiyor do‘stingni sog‘inasan, uni ko‘rging keladi: sevinchingni u bilan baham ko‘rmoq istaysan. Go‘zallik bilan uchrashuv kuchli hamdardlik hissini, mehr-shafqat tuyg‘usini uyg‘otadi va shunda “do‘st” so‘zi “inson”dek jaranglaydi.

Yasunari Kavabata

* * *

Baxtli, saodatli hayot sharoitiga erishganda hatto daho ijodkorning ham faoliyati susayadi, deyishadi. Yo‘q, yaratilgan ko‘plab go‘zal asarlar farovonlik samaralaridir. Masalan, Rable faqat istirohat chog‘larida ijod qilgan bo‘lsa, Rafael Rim xazinasidan bahramand bo‘lgan. Monteske, Byuffon, Volter boy-badavlat edi. Faylasuf Bekon davlatda yuqori lavozimda o‘tirgan.

Onore de Balzak

* * *

Poeziya voqelikka taqlid emas, voqelikning talqini, tafsiri ham emas. Poeziya — o‘z-o‘zicha voqelikdir, hayotiy voqelikdan ko‘ra yuksakroq darajadagi voqelikdir… yaxshi she’r — kitobxon shuurida portlaydigan siqiq voqelikdir.

Erling Kristi

* * *

Ishonchim komilki, go‘zallik sirini kashf etish nasib qilganda, tabiatning irodasini anglash imkoni tug‘ilganda — ana shunda yashashdan maqsad ham to‘la oydinlashadi.

Musyakodzi Saneasu

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 39-52-sonlaridan