Abdurahmon Jomiy hikmatlaridan

* * *

Faqat foydasi tegadigan ilmni olish kerak, foydasiz fazilatdan qochmoq va faqat zarur narsaga quloq ochmoq lozim.

* * *

Saxovat biror narsaga qarab yoki evaziga biror narsa talab bo‘lsa, hatto talab etilgan narsa maqtov va minnatdorlik bo‘lgani taqdirda ham, u saxovat emas.

* * *

Kimning qo‘lida quyidagi besh narsa jilovi bo‘lsa, yaxshi hayotining garovi bo‘lur: birinchisi – tansihatlik, ikkinchisi – omonlik, uchinchisi – rizqining mo‘lligi, to‘rtinchisi – sodiq do‘st va beshinchisi – farog‘at. Kimki shu besh narsadan mahrum etilgan – xush hayot eshigi uning oldida bekilgan.

* * *

Kichiklarga hazilu istehzo o‘qin otmoq – ulug‘lik obro‘sin bekorga sotmoq va zillatu xorlik g‘uboriga botmoqdir.

* * *

Agar och bo‘lsang, har qanday osh-non senda qattiq ishtaha qo‘zg‘atadi. Sen bilan o‘tirgan ulfatlaringda esa ishtahang senga nisbatan nafrat uyg‘otadi.

* * *

Erta tongda og‘zing­­ga biror luqma ovqat tiqmay eshikdan chiqma, chunki to‘qlik xushmuomala va chuqur mulohaza moyasi, ochlik esa yengiltaklik va aqlsizlik doyasidir.

* * *

Sofdil oshiqlardan latifroq kishi olamda topilmas.

* * *

Agar mezbon dasturxon atrofida o‘zini hamma ne’matlardan baland tutsa, uning nonidan o‘z jigaring a’lo va uning sharbatidan o‘z qoning bajo.

* * *

Bir shoir o‘qidi bemaza g‘azal,
Dedikim, alifsiz yozdim, bu a’lo.
Dedimki, eng yuksak san’at bo‘lurdi,
She’ring so‘zlari ham bo‘lmasa aslo.

* * *

Tish-tirnoq qolmagan keksa sherni ko‘r, Cho‘loq tulki unga beradi ozor.

* * *

Nuqsonli tabib hammaga balo, misoli vabo.

Allomaning “Bahoriston” asari asosida tayyorlandi.